AQShning Qozog'istondagi elchisi: To'qayev, Rossiya, Xitoy, Eron, O'zbekiston

Vashingtonda Kaspiy siyosat markazida kechgan davra suhbatida Qozog'iston va Markaziy Osiyo hamda atrofdagi yirik davlatlar bilan aloqalar muhokama qilindi. Vashington, 4-yanvar, 2024.

Daniel Rozenblum, bir yildirki, AQShning Qozog'istondagi elchisi. Undan oldin Rozenblum Vashingtonning O'zbekistondagi bosh diplomati edi, ungacha esa Davlat departmentida Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi rasmiy.

AQShning Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yaqindan ishlagan sobiq elchisi, hozirda Vashingtondagi Kaspiy siyosat markazida faoliyat yuritadigan Richard Hoaglandga ko'ra, o'z vaqtida Nursulton Nazarboyev Qozog'iston uchun uch muhim ishni qilgan.

Birinchisi - makroiqtisodiy islohotlar. Mamlakat shu bois bugun Markaziy Osiyoda bu jihatdan eng kuchli tizim. Ikkinchisi - yadroviy qurollardan va materiallardan voz kechib, dunyoga o'rnak bo'lgani. Uchinchisi - mamlakat yoshlarini jahonning yetakchi universitetlarida ta'lim olishi uchun keng sharoit yaratib bergani.

"Bugun kamida 15 ming mutaxassis, "Bolashak" dasturi qatnashchilari, siyosiy va iqtisodiy jabhalarda mehnat qilmoqda", - deydi Hoagland.

Uning hamkasbi Daniel Rozenblum, bir yildirki, bu mamlakatdagi elchi. Undan oldin Rozenblum O'zbekistonda AQShning bosh diplomati edi, ungacha esa Davlat departmentida Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi rasmiy.

Buni ham ko'ring Jekson-Vanik qonuni Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

"AQSh uchun Qozog'iston va butun Markaziy Osiyoning istiqboli bag'oyat muhim", - deydi Rozenblum Kaspiy siyosat markazida kechgan davra suhbatida.

"Amerika Markaziy Osiyo barqaror va farovon, mustaqil va suveren bo'lishidan manfaatdor", - deydi elchi.

"Bu mamlakatlar oyoqqa tura olmasa, oqibatlari hatto bizga ham zarar yetkazishi mumkinligini 1991-yildanoq, mustaqillikning ilk paytidanoq anglaganmiz".

"Mintaqa davlatlari o'z taqdirini o'zi belgilamoqda. Kim bilan qanday aloqa qilishni hech kimning bosimisiz hal etishni xohlaydi. Biz ularga mana shu jarayonda yordam berishni istaymiz", - deydi Rozenblum.

AQSh uchun prioritetlar nima?

Elchi to'rt yo'nalishni sanaydi. Birinchisi - siyosiy-diplomatik, mintaqaviy birdamlikni ta'minlashda ko'maklashish va global maydonda AQSh Markaziy Osiyo bilan imkon qadar yakdil bo'lishi uchun intilish. Xususan, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi birga kurashish.

Ikkinchi prioritet - xavfsizlik yo'lida, jumladan kontrterrorizm va boshqa masalalarda har bir davlat bilan sheriklik.

Uchinchi maqsad - iqtisodiy taraqqiyot va savdo.

To'rtinchisi esa boshqaruvni yaxshilash va inson huquqlari e'zozlanishi uchun harakat qilish, chunki bu boradagi har qanday zaiflik suverenitet va tinchlikka raxna soladi.

Rozenblum Qozog'iston misolida bu sohalarning hammasida o'tgan bir yilda salmoqli progress bo'ldi deb hisoblaydi. Nyu-Yorkda mintaqaning besh prezidenti va Amerika rahbari ko'rishgani - ulkan diplomatik yutuq.

Buni ham ko'ring Islohotlar - va'da qilish oson, amalga oshirish amri mahol

BMT Bosh Assambleyasining yillik tadbirlari orasida bunday forumni har sentabr oyida o'tkazish, xususan bu yil tashkil qilish qiyin bo'ladi, deydi Rozenblum. Amerikada prezident saylovlari yaqinlashmoqda, Jo Baydenning qayta saylanish uchun kampaniyasi qizigan palla bo'ladi.

AQSh va Qozog'iston 2022-yilda 3 milliard dollarlik savdo qilgan. Elchining bildirishicha, 2023-yilda oradagi tijorat 15 foizga oshgan.

O'tgan bir yil mobaynida Amerikadan Qozog'istonga 5 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri sarmoya kirgan.

"AQSh bu jihatdan Qozog'istonda Niderlandiyadan keyingi ikkinchi eng yirik investor", - deya ta'kidlaydi Rozenblum.

Investitsiya asosan neft sektorida. Bu ko'rsatlkichlar bilan respublika Amerikaning mintaqadagi eng yirik hamkori bo'lib qolmoqda.

Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev inson huquqlari bo'yicha yangi dastur tanishtirgani Vashingtonga ma'qul. Qonun ustuvorligi, jinsiy tenglik, xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi chora ko'rish, fuqaro jamiyatini rivojlantirish yo'lida birgalikda loyihalar olib borilmoqda, deydi Rozenblum.

AQSh Markaziy Osiyoning besh davlati bilan biznes va iqlim masalalarida ham C5+1 formatidagi kabi platformalarda birga ishlashga bel bog'lagan.

AQShning Ostonadagi elchisi Daniel Rozeblum oldin Toshkentda edi

Sanksiyalar va Tolibon

Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga nisbatan qo'yilgan sanksiyalar buzilmasligi uchun qattiq harakat qilinmoqda, deya qayd etadi Qozog'iston rasmiylari, ammo G'arb mollari mintaqa orqali baribir Rossiya bozoriga kirib bormoqda.

Mamlakatga chetdan kelgan tovarning boshqasiga eksport qilinishi faqat Qozog'istonga xos holat emas, deydi Rozenblum.

"Umuman olganda, respublikaning sanksiyalarga rioya qilish ko'rsatkichlari yomon emas. Doimiy maslahatlashib turamiz", - deydi elchi.

Yangi yil oldidan Qozog'iston Tolibonni terrorist tashkilotlar ro'yxatidan chiqardi.

Rozenblum deydiki, Ostona Vashingtonni bu haqda oldindan ogohlantirgan.

"Qozog'iston Tolibonni tan olish arafasida emas. Xalqaro hamjamiyatning shartlariga u ham sherik".

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo suv-energetika yuzasidan kelishib, tizimlarni yangilashi zarur

Ostona Kobuldagi rahbarlar bilan iqtisodiy mavzularda gaplashib, savdoni kengaytirish ustida bosh qotirmoqda.

To'qayev ma'muriyati Tolibonni endi terrorchi deb hisoblamasligi, deydi AQSh elchisi, Ostona -Vashington rishtalariga ziyon yetkazmaydi.

Qurg'oqchilik va energetik taqchillik bilan kurashda Amerika yordamlashadi, deydi Rozenblum, biroq asosan texnik ko'mak taklif qiladi.

Bayden ma'muriyatining To'qayevga ishonchi baland. Nima uchun?

To'qayev boshlagan islohotlarni olqishlayotgan Rozenblum fikricha, Qozog'istonning hozirgi rahbari haqiqatan ham islohotchimi?

Rozenblum O'zbekistonda elchilik qilayotgan paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlarini kuzatgan. To'qayev va Mirziyoyev rejimlari orasidagi farqlar va o'xshashliklar, uningcha, nimalardan iborat?

"Men O'zbekistonda ish boshlaganimda, 2019-yilda, islohotlarga ikki yilcha bo'lgan edi. Ular susaya boshlagan, murakkab davrga kirgan edi, chunki eng oson ishlar qilib bo'lingan, endi esa amaliy va mushkul qadamlar tashlanishi kerak edi. Tizimning ichida islohotlarga qarshilik majudligini ko'rganmiz", - deydi Rozenblum.

"Qozog'istonda esa islohotlar oldin ham qayta-qayta e'lon qilingan. Nazarboyev prezidentligida ham har 3-4 yilda rahbariyat shunday dasturlarni tanishtirgan. Bir nimalar o'zgargan, qolgani qog'ozda bo'lgan".

2022-yildagi notinchliklar ketidan siyosiy islohotlarga start berildi va hukumatga ko'ra, ularning aksariyat qismi qilib bo'lindi, xususan konstitutisya yangilandi, saylovlar o'tdi. Markazlashgan tizimdan voz kechish, mahalliy boshqaruvni kuchaytirish - bular endi qilinishi kerak, deydi Rozenblum.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh elchisi: Qozog'iston, To'qayev-Mirziyoyev, Rossiya, Xitoy, Eron,

AQSh elchisiga ko'ra, To'qayev islohotlari samarasi - bahsli masala.

"Baholash uchun vaqt kerak, chunki, masalan, Prezident To'qayev 7 yillik bir muddatdan keyin ketaman, degan. Shu kunlarda bergan intervyusida ham bunga urg'u berdi", - deydi elchi.

Buni ham ko'ring Afg'oniston - Markaziy Osiyo uchun "doimiy boshog'riq"

Rozenblum kuzatishicha, hozirda Qozog'istonda iqtisodiy islohotlarga ko'proq e'tibor qaratilmoqda. Xususiylashtirish, kichik va o'rta bizneslarni quvvatlash, yangi sohalarga asos solish kabi say-harakatlar avjida, deydi elchi.

"Islohot deganda Qozog'istonda davomiy jarayon tushuniladi, u qadar yangi bir narsa emas", - deya tasvirlaydi Rozenblum.

"O'zbekistonda esa islohot yopiqlikdan ochiqlik tomon burilish, yig'ilib qolgan muammolarni hal qilish uchun astalik bilan tashlangan qadamlar".

Uyg'urlar masalasi

Xitoyning Qozog'iston bilan aloqalari va aynan uyg'urlar masalasi haqida so'ralganida, Rozenblum deydiki, bu - Ostona va Vashington kelishmaydigan masala. Tomonlar buni tan oladi.

AQSh nazarida Xitoyda tuzum uyg'urlarni elat sifatida yo'q qilishga urinmoqda. Qozog'iston va qo'shni davlatlar bu borada miq etmaydi.

Uyg'urlar va etnik qozoqlar Xitoydan Qozog'istonda kirib kelganida orqaga qaytarilmasligini Amerkia olqishlaydi, deydi elchi.

Rossiya bosimi xususida gap ketar ekan, Rozenblum deydiki, hozirda Ostonaning o'ziga ishonchi baland. Shimoliy chegaralarga bevosita tahdid solinayotgani yo'q, deya tahlil qiladi u. Ammo Qozog'iston o'z suvereniteti va hududiy yaxlitligini asrash uchun muntazam harakatda.

Energetika ta'minotida va o'z boyliklarini jahon bozoriga chiqarishda respublika mustaqil bo'lishni istaydi. Buning uchun yangi infrastruktura kerak, mavjudlarini yangilash lozim.

Amerika texnik yordam berishi mumkin, deydi elchi, sarmoyani Qozog'istonning o'zi topishi kerak. Jahon banki, masalan, najot manbai bo'lishi mumkin. Lekin ular ham hukumatdan zarur kafolatlarni talab qiladi, Ostona bunga tayyormi?

Muqobil energetika manbalariga o'tishni xohlashadi, buning uchun ham sarmoya zarur. AQSh hukumati investitsiya qilmaydi, deydi Rozenblum, mablag'ni xususiy sektordan jalb qilish kerak.

Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 4-yanvar, 2024

Rossiya, Eron va uran

Rossiyada Qozog'istonni qo'shib olish kerak degan mazmunda yangrab turadigan chaqiriqlarga Ostona jiddiy xavotir bilan qaraydi, deydi AQSh elchisi va ichkarida ham bunday gaplar aytilganida, chora ko'riladi, chunki u xavfsizlikka tahdid deb qabul qilinadi.

Buni ham ko'ring "O'rta koridor": Kaspiy dengizi orqali yangi savdo yo'llari

Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining a'zosi sifatida Qozog'iston yaqinda Eron bilan erkin savdo kelishuviga rozilik berdi. Eronni g'anim deb biladigan va unga keskin sanksiyalar qo'ygan Amerikani bu qanchalik bezovta qiladi?

Rozenblumning javobi shuki, Ostona bu haqda ham Vashingtonni ogohlantirgan va u bilan maslahatlashib, ish ko'rmoqda.

"AQSh sanksiyalari buzmasligi shart, bu borada murosa qilinmaydi", - deydi elchi.

Qozog'iston va Eron orasida don mahsulotlari savdosi bor, deydi Amerika diplomati, sanksiyalar buzilmayotgani aniq.

Qozog'iston dunyoda uranning 40 foiziga ega. AQSh o'z inshootlari uchun zarur uranning 20 foizini Rossiyadan oladi. Moskvaga bu jihatdan tobe bo'lmaslik uchun talabni Qozog'iston yordamida qondirish mumkin emasmi?

Qozog'istonda uran boyitilmaydi, uning urani xom shakda sotiladi, tabiiy holda. AQSh Rossiyadan oladigan uranning bir qismi aslida Qozog'istondan chiqqan va qayta ishlangan mahsulot, deydi Rozenblum. AQSh hali bu masalada biror qarorga kelmagan, barcha variantlar muhokamada.

"ExxonMobil" kompaniyasi Kaspiy neft quvuri xavfsizligidan xavotirlanib keladi. Qozog'iston g'arbi Ukrainadagi mojarolarga yaqin. Qozog'iston qora oltinining aksariyat eksporti shu yo'nalishda Rossiya hududi orqali Qora dengizga va jahon bozoriga yo'l oladi.

Vashington befarq emas, deydi Rozenblum, qolaversa quvur xavfsizligi Ostona uchun birlamchi vazifalardan biri.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Qozog'iston: Elchi Rozenblum bilan davra suhbati

Xitoy - Qozog'iston

Qozog'iston va Xitoy orasidagi savdo hajmi hozir 30 milliard dollarga chiqqan. Amerika bilan tijoratdan 10 baravar katta.

"Ikki qo'shni orasidagi bu qadar keng oldi-berdidan biz ajablanmaymiz. 2021 va 2022-yilda Rossiya birinchi o'rindagi biznes hamkor edi, endilikda Xitoy oldinga chiqmoqda. Ostona bundan mamnun ekanini bilamiz".

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo bugun qanchalik yangilangan?

Rozenblum Ostona Xitoydan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi misli ko'rilmagan miqdorda qarz emasligini muhim omil deb biladi.

Qozog'iston tashqi qarzining Xitoy bilan bog'liq qismi 5 foiz ham emas, deydi elchi, Qirg'iziston va Tojikistonniki bundan ancha yuqori.

Lekin Ostona baribir hech kimga tobe bo'lmaslik uchun dunyo bo'ylab biznes sheriklari sonini ko'paytirmoqda.

O'rta koridor istiqboli va shartlari

O'rta koridor, sharqdan kelayotgan mollarni Kaspiy dengizi orqali G'arbga yetkazadigan yangi yo'llar tizimi ustida ish ketar ekan, Rozenblum tasdiqlashicha, AQSh ham o'z hissasini qo'shadi.

Hozirgacha xalqaro moliyaviy institutlar bu maqsadda 40 loyihani ko'rsatgan. Amerika ulardan 7 tasiga sherik.

"O'rta koridor muqobil savdo yo'llari sifatida to'liq tan olinib, qo'llanishi uchun tegishli davlatlar yagona standartlarni qabul qilishi, tizimlarini o'zaro moslashi shart", - deydi Rozenblum.

Qozog'iston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyadan sidqidildan jonbozlik ko'rsatish kutiladi. AQSh, deydi diplomat, samaradorlikni oshiruvchi va ishonchli tranzitni ta'minlash sari tashabbuslarni quvvatlaydi.