Shveysariya Rossiya va Ukraina o’rtasida tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilishga hozirlanar ekan, Xitoyni ham rasman taklif qildi.
Tashqi Ishlar vaziri Inyatsio Kassis Xitoy poytaxtiga qilgan ikki kunlik safari yakunida muxbirlarga “Pekinni jalb qilishga urinyapmiz, chunki Xitoyning Rossiya bilan aloqalari a’lo darajada”, degan.
“Umid qilamanki, tinchlik yo’lidagi harakatlarimizga Xitoy ham hissa qo’shadi”, - deydi Kassis.
O’tgan oy Shveysariya Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyning iltimosiga ko’ra muzokaraga mezbonlik qilishga rozilik bergan.
Sammit qachon va qayerda o’tishi hozircha e’lon qilinmadi. Ukraina Xitoyning bu muzokaralarda o’rni muhimligini ta’kidlab, shaxsan Prezident Si Zinpinga taklifnoma jo’natgan.
Rossiya esa Zelenskiyning rus qo‘shinlari Ukrainani to‘liq tark etishini nazarda tutuvchi rejasini allaqachon rad etgan.
Pekinning taklifnomaga munosabati haqida so’ralganda, Kassis “bu o’ta yuqori darajadagi konferensiya, hozirjavoblikni kutmasligimiz kerak”, deya javob berdi.
2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Si Zinpin va Vladimir Putin “cheksiz” hamkorlikka kelishib olgan edi. Pekin Rossiya agressiyasini tanqid qilgani ham, Moskvaga qarshi xalqaro sanksiyalarga qo’shilgani ham yo’q. U ikkala tomonni sulh tuzishga chaqirib keladi.
O’tgan hafta Xitoyning yangi Mudofaa vaziri Dun Tsyun rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan videomuloqot qilib, Xitoy Ukraina masalasida yordamga tayyorligini bildirgan.
Biroq bundan ko’p o’tmay Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin Xitoy pozitsiyasi o’zgarmaganiga urg’u berib, tomonlar siyosiy kelishuvga erishishiga umid bildirdi.
Xitoy manfaatlari
Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Xitoyning muzokaralarda ishtirok etishi uchun jiddiy sabablar bor.
Jahon bankining sobiq prezidenti va AQSh Davlat kotibining sobiq oʻrinbosari Robert Zellik “Amerika Ovozi”ning Ukraina xizmati bilan suhbatda aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Xitoy manfaatlariga toʻgʻri kelmasligining ham iqtisodiy, ham geosiyosiy sabablari bor.
Buni ham ko'ring Tahlilchilar: Shimoliy Koreya-Rossiya harbiy hamkorligi - global xavfsizlikka tahdidUrush Xitoy iqtisodiyoti uchun muhim bo'lgan oziq-ovqat va energiya narxlarini tushirib yuboradi, deydi u. Shuningdek, mojaro AQShning ittifoqchilik rishtalarini, jumladan, NATO tashkilotini mustahkamlamoqda, Xitoy bundan manfaatdor emas.
Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlilchisi Piter Engelke Xitoyning G'arb bilan munosabatlari qaltis ekanini qayd etadi.
“AQSh bilan raqobatda Pekin Tayvan, Yaqin Sharq va Ukraina masalalarida geosiyosiy ustunlikka erishishga harakat qilib kelmoqda. Shu bilan birga, Xitoy Qoʻshma Shtatlar va Yevropa bilan hamkorlik va savdo qilish zaruriyatini yaxshi tushunadi”, - deydi u.
Bu fikrga qo’shilmaydiganlar ham bor. Yaqinda AQSh Kongressida Vakillar palatasining Xitoy bilan raqobat bo’yicha qo’mitasi tinglov o’tkazdi. Iqtisodiy integratsiya avtoritar tuzumlarni konstruktiv kuchga aylantirmaydi, degan bayonotlar yangradi.
“Xitoy va Rossiya jahon iqtisodiyoti bilan integratsiyalashar ekan, qo’liga qilich oldi, adovat yo’lidan yurdi”, - deydi Illinoys shtatidan demokrat Raja Krishnamurti.
Respublikachi qonunchi Mayk Gallager fikricha esa Xitoy avtoritar ittifoq yetakchisi sifatida gavdalanmoqda.
Yopiq eshiklar ortida
Xitoy Ukraina bo’yicha muzokaralarda qatnashgan taqdirda ham, kuzatuvchilarga ko’ra, Pekin urushni ochiqdan-ochiq qoralashini kutmaslik kerak.
Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlil markazidan Charlz Kupchan Putin va Si yopiq eshiklar ortida gaplashib olishini taxmin qiladi. Xitoy rahbari Putinga “yetar endi, vayronagarchilik va talafotlarni to'xtatish vaqti keldi”, deb aytishi mumkin, deydi u.
Pekinning Moskvaga ta'sir o’tkaza olishiga bir misol, urushning dastlabki kunlarida Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish tahdidiga javoban Xitoy tutgan pozitsiyadir.
G’arb va Xitoy rasmiylariga ko’ra, o’shanda Prezident Si Putinni shaxsan ogohlantirib, bu fikrdan qaytishga undagan. O’shandan buyon Xitoy rasmiy bayonotlarida Ukrainada yadroviy qurol ishlatilishiga qarshi ekanini muntazam ta’kidlab keladi.