Ukraina va Rossiya urushga safarbarlikni kuchaytirmoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina hukumati armiyaga chaqiruv yoshini 27 dan 25 ga tushirdi. Moskvadagi terror ortidan esa urushga otlanayotgan rossiyaliklar soni keskin oshgani aytilmoqda.

Bu har ikki ma’lumot Ukrainadagi urush tobora qaqshatqich ko’rinish olayotganidan darak beradi.

Ayni paytda uzunligi 2 ming kilometr atrofida bo’lgan front liniyasida har ikki tomondan milliondan oshiq askarlar jalb qilingan.

Rossiya Mudofaa vazirligi har oy 30 ming kishi armiya bilan shartnoma imzolayotganini bildirgan. Vazirlik Moskvadagi terror xuruji ortidan ko’ngillilar soni keskin ortgani haqida bayonot berdi.

Buni ham ko'ring Ukraina: Kreml iddaolari asossiz, terrorchi uning o'zi

Vazirlik buning sababini rossiyaliklarda terror qurbonlari uchun qasos olish qarori kuchaygani bilan izohladi. Vaholanki, bu terrorga Ukrainaning aloqasi borligi biror dalillar bilan isbotlanmagan. Kiyev bu da'volarni keskin rad etib chiqqan.

Moskva “Krokus” konsert zalidagi terrorda Ukrainani ayblashdan siyosiy maqsadlar, jumladan, Kremlning urushga doir pozitsiyasini mustahkamlash, yangi mobilizatsiya e’lon qilish maqsadida foydalanishi ehtimoi ekspertlar tomonidan ta´kidlab kelinayotgan edi.

So’nggi vaziyat Rossiya hozircha mobilizatsiya e’lon qilish niyatida emasligi, ammo boshqa bir yo’llar bilan armiya safini to’ldirishga muvaffaq bo’layotganidan darak beradi.

Rossiya armiyasi frontda nafaqat harbiy texnika, balki jangovar tarkib borasida ham ustunlikka ega. Ukraina bu ustunlikka barham berish uchun muhim qarorlardan birini qabul qildi, armiyaga chaqiruv yoshini 27 dan 25 ga tushirdi.

Prezident Volodimir Zelenskiy imzolagan va 3-apreldan kuchga kirgan bu qonunga ko’ra, hozirgacha urushdan chetda bo’lgan yoshlar ham armiyaga chaqiriladi.

Chaqiruv 27 dan 25 yoshga tushirilishi ayni paytda shaxsiy tarkib yetishmovchiligidan qiynalayotgan ukrain armiyasi safini ancha to’ldirishi mumkin.

Ammo bu Ukrainada uzoq vaqtdan buyon muhokama qilinayotgan mobilizatsiya haqidagi qonun emas.

Zelenskiy bir yil avval parlamentda tasdiqlangan chaqiruvni 25 yoshga tushirish to’g’risidagi qonunni imzoladi, mobilizatsiyaga doir yangi qonun loyihasi esa hamon muhokamada.

Buni ham ko'ring Ukraina armiyasi o'q-dorini avaylab ishlatmoqda

Chaqiruv yoshi tushirilishi Ukraina frontda to’qnash turgan asosiy muammo - o’q-dori va qurol-aslaha yetishmasligi o’rnini to’ldira olmaydi. AQShdagi Urushni o’rganish instituti Zelenskiy tomonidan imzolangan qonun yuzasidan o’z tahlilini e’lon qildi.

Unda ta’kidlanishicha, ushbu qonun frontdagi askarlar o’rnini to’ldirish, yangi tarkib shakllantirish uchun muhim qadam. Ammo bu ittifoqchilar tomonidan ko’rsatilayotgan harbiy yordam o’rnini bosa olmaydi.

AQShda harbiy yordam masalasida davom etayotgan muhokamalar frontdagi vaziyatni Ukraina uchun jiddiy og’irlashtirishi mumkin.

Darhaqiqat, frontdagi vaziyat ancha og’ir. Xalqaro matbuotdagi ayrim chiqishlarda vaziyat bir qadar tahlikali deb baholanadi.

AQShning “Politico” nashri Ukraina armiyasidagi manbalariga tayanib yozishicha, yozda Rossiya armiyasi o’z kuchlarini hujumga safarbar etgan taqdirda, front chizig’i o’pirilishi mumkin.

Rossiya aynan qaysi yo’nalishda hujum boshlashi mavhum. Bu hujumni Ukraina harbiylari chidami, matonati yoki Rossiya armiyasining xatosi bartaraf etishi mumkin, deb ko’rilmoqda.