Prezident Jo Bayden 4-iyun kuni e'lon qilgan farmonga binoan AQSh Meksika chegarasiga kelib, hujjatsiz ravishda boshpana so'rab murojaat qilayotganlar soni kuniga 2500 nafarga cheklanadi.
Amerika ularning arzini ko'rib chiqishi uchun o'ta jiddiy asoslar bo'lishi kerak.
"Bu chora immigratsion tizimimizdagi muammolarni hal etmaydi, ammo vaziyatni sal yengillashtirishi kerak", - deydi Bayden farmonini tushuntirar ekan.
Cheklov darhol kuchga kirgan. May oyining birinchi uch haftasida kuniga o'rtacha 3000 migrant boshpana uchun murojaat qilgan.
Janubiy chegaradan hujjatsiz o'tayotgan har qanday odam taqiq bilan yuzlashadi, deydi rasmiylar.
Buni ham ko'ring AQSh-Meksika chegarasida bugungi ahvol qanday?Ularning qayd etishicha, qochqinlar vatanga qaytarilmasligi uchun favqulodda sabablar ko'rsata olishi kerak va ular izchil tekshiriladi. Mamlakatida qamoq yoki qiynoqlar kutayotgan bo'lsagina ularga vaqtincha qolish uchun imkon berilishi mumkin.
Immigratsion yuristlar nazarida bu puxta chora emas.
"Bu insonlar sizga hayoti qanchalik tahdid ostida ekanini darhol isbotlab berolmaydi. Hammasi ham inglizcha bilmaydi. O'zini himoya qila olmaydi", - deydi Eymi Fisher, "Xalqaro amnistiya" huquq tashkiloti vakili.
Rasmiylar deydiki, migrantlarni Amerikaga kiritmaslik uchun aniq tartib belgilangan.
Kuba, Gaiti, Nikaragua, Venesuela kabi davlatlardan kelganlar ham orqaga qaytariladi, agar vaqtincha boshpana uchun ruxsat ololmasa.
Yolg'iz bolalar, odam savdosi jabrdiydalari, og'ir kasallikka chalingan migrantlar yoki viza bilan kelayotganlar uchun AQSh darvozasi ochilishi mumkin, ammo ular ko'rikdan o'ta olishi talab qilinadi.
Ichki xavfsizlik vazirligi sizni asossiz boshpana so'ragan deya xulosa qilib, chiqarib yuborgan bo'lsa, besh yilgacha Amerika qabul qilmasligi mumkin yoki jinoiy javobgarlikka tortilish ehtimoli ham bor.
Oq uy yangi cheklovni nega aynan hozir joriy etdi? Chunki, deydi rasmiylar, yozda migrantlar oqimi oshadi. Qolaversa, prezident saylovlari oldidan noqonuniy migratsiya qizg'in muhokamada.
Respublikachilar Prezident Baydenni qayta saylanish uchun "tayinsiz siyosat" da ayblamoqda.
"Saylovdan bir necha oy oldin prezident immigratsiya bilan bog'liq muammolarni yechishga bel bog'lagandek, o'zicha inqirozni bartaraf qilmoqchi",- deydi Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell.
Buni ham ko'ring AQShga muhojirlar oqimi yana oshmoqdaImmigratsiya huquqi tarafdorlari esa Prezident Baydenni boshpana olishni yanayam qiyinlashtirayotganlikda tanqid qilmoqda.
"Hozirgi tekshiruv nochor insonlarga zarba, adolatni ta'minlaydigan chora emas", - deydi Fisher.
Inson huquqlari tashkilotlari hukumatni sudga berish taraddudida. Ular Donald Tramp prezidentligi davrida ham shunday siyosat yuritilganini eslatishadi.
"O'shanda ham qonunga zid edi, hozir ham shunday", - deydi Li Gelernt, Amerika fuqaro erkinliklari ittifoqi vakili.
Prezident Baydenga ko'ra esa AQSh xalqaro majburiyatlarini bajarishda davom etadi, ya'ni boshpana so'raganlarning arzi ko'rib chiqiladi; ma'qul topilsa, qabul qilinadi.
Tizim ishlayapti, deydi ma'muriyat a'zolari, yangi chora uni mustahkamlaydi. Biroq Oq uy Kongressdan immigratsion sistemani isloh qilishni maqsad qilgan loyihani tasdiqlashni so'ramoqda. Uzoq muddatli yechim u yerda, deydi rasmiylar. Biroq qonunchilar uni saylovdan oldin ko'rib chiqishi kutilmayapti.