HRW: O'zbekistonda huquq ahvoli Karimov davriga qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston yangilandi deya qanchalik bong urilmasin, adolatsizlik keng, deya qayd etmoqda "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" (HRW) bu hafta yana O'zbekistondagi vaziyatga e'tibor qaratib, Qarshida sudlangan ikki huquq faolini ozod etishga chaqirmoqda.

Tovlamachilik va tuzumga qarshi harakatlarda aybdor topilib, shu yilning iyul oyida 6 yildan oshiqqa qamalgan Nargiz Keldiyorova va Dildora Hakimova ishi yuqori sudda qayta ko'rilar ekan, HRW har ikkisiga qo'yilgan ayblovlarni asossiz deb hisoblaydi.

O'zbekiston yangilandi deya qanchalik bong urilmasin, adolatsizlik keng, deya qayd etmoqda tashkilot.

Keldiyorova konstitutsion tuzumga qarshi harakatlarda va prezidentni haqoratlaganlikda ham aybdor deb topilgan.

Hakimova ko'krak raki bilan olishar ekan, shu oy qamoqda ko'zi yorigan. HRW aniqlashicha, unga panjara ortida zarur sharoit yaratilmayapti.

Buni ham ko'ring HRW: O'zbekistonda blogerlar qamalishi islohotlarga ishonchni pasaytiradi

“O'zbekistonda organlar bu ikki faolga asossiz ayblar qo'yib, ularning mustaqil ovozlarini o'chirishni maqsad qilgan", - deydi Mira Rittman, HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti.

Rittman deydiki, hukumat darhol tegishli qonunga ko'ra, ona-bola salomatligini ta'minlashi zarur.

Keldiyorova va Hakimova qatorida yana besh kishi sudlangan. HRW nazarida ular ham tanqidiy fikrlari uchun jazolanmoqda.

Ularga qarshi ish shu yilning fevral oyida ochilgan. Aybnomada Keldiyorova jinoiy to'da boshida turib, qator odamlarni shantaj qilib, ya'ni ularning shaxsiy ma'lumotlarini internetda chiqarib, mahalliy mediaga tarqatishini aytib, qo'rqitgan.

Sudni kuzatgan huquq himoyachilari hikoya qilishicha, bu ayblovlarga asos keltirilmagan, to'da a'zolari deb tutilgan odamlar bir-birini tanimasligini aytgan.

44 yoshli Keldiyorova - "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati a'zosi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan. Korrupsiya, huquqbuzarliklar, iqtisodiy va ijtimoiy adolatsizliklar haqida ma'lumotlar to'plagan. Qashqadaryodan turib, chet el mediasi bilan muloqotlar qilgan.

40 yoshli Hakimova - o'qituvchi. U ham mahalliy korrupsiya masalasini ko'targan. Hakimova Shukrullo Parpiyev degan bloger bilan ishlagan. Parpiyev ham sudlanganlar orasida. Ular qatorida Shahnoza Safarova, Farog'at Mamatova, Oydin Rustamova va Musallam Umirova ismli faollar ham bor.

Buni ham ko'ring HRW: Markaziy Osiyo - inson huquqlari yanayam toptalayotgan mintaqa

Bu shaxslarning bir qismi axloqsiz deya ishdan bo'shatilgan maktab direktoridan pul undirishda gumon qilingan. Masalani o'rganib chiqqan HRWga ko'ra, sudda bu ayblov ham isbotini topmagan.

Sudya guruh jinoiy to'da emas deb xulosa qilgan, ammo tovlamachilik qilgan, deya jazolashga qaror qilgan.

HRW va boshqa huquq tashkilotlari O'zbekistonda faollar korrupsiya, iqtisodiy-ijtimoiy muammolar va boshqa og'riqli mavzular haqida gapirayotgani uchun sudga tortilayotganini Islom Karimov davriga xos repressiyaga o'xshatmoqda.

O'zbekiston bosh qomusi va respublika a'zo xalqaro organlarning talablariga binoan mamlakatda erkinlik hurmat qilinishi shart, deya eslatadi HRW. Har bir sudlanuvchining huquqlari himoya qilnishi va sud mustaqil qaror chiqarishi kerak.

Rittman "X" platformasida yozishicha, O'zbekistonda aktivistlarni tinimsiz sudlash amaliyoti qaytib, bugungi holat Karimov boshqargan muhitni, fuqaro har qanday tanqid uchun jazolanishi mumkin bo'lgan paytni eslatmoqda.

Mutasaddilar esa hozirgi vaziyat ancha erkin, deya bu kabi iddaolarni inkor etadi. Jurnalistlar, blogerlar va faollar har kuni efir va ijtimoiy tarmoqlarda xalq hayoti bilan bog'liq muammolarni yoritmoqda, deydi rasmiylar.