Ozarbayjon global sammit orqali o'z nufuzini oshirish ilinjida

Ozarbayjon ilgari ham yirik tadbirlar uchun tanqidlarga duch kelgan. Biroq bu muammo COP29 bilan yanada kuchayishi mumkin.

Ozarbayjon BMTning global iqlim sammitiga mezbonlik qilar ekan, oʼzi kutgan eʼtiborni qozonmoqda. Аmmo odatda boʼlgani kabi, bu neftga boy avtoritar davlatda yuqori darajadagi xalqaro tadbir oʼtkazilar ekan, eʼtiborning aksariyati salbiy.

Boku oʼtgan yili 11-22 noyabr kunlari BMTning Iqlim oʼzgarishi boʼyicha 29-konferensiyasiga (COP29) mezbonlik qilish huquqini qoʼlga kiritganida, "Amnesty International" va "Human Rights Watch" (HRW) kabi tashkilotlar tomonidan tanqid boʼlishini kutgan edi. Biroq u biznes va moliya doiralarida ham tanqidga uchramoqda.

"Financial Times" va "The Economist" nashrlaridagi tanqidiy maqolalarda Ozarbayjon COPdan oʼzining "jiddiy darajada nuqsonli" iqlim rejalaridan eʼtiborni chalgʼitish, avtoritar prezident Ilhom Аliyevning obroʼyini "oqlash" va umuman, tuzumni "yashil niqob" ostida yashirish, inson huquqlari boʼyicha yomon koʼrsatkichlar va boshqa kamchiliklardan chalgʼitish uchun foydalanayotgani aytilgan.

"Baʼzi ommaviy axborot vositalarining Ozarbayjon obroʼyini soxta bahonalar bilan bulgʼashga qaratilgan tuhmat kampaniyasiga toʼxtalmasdan oʼtolmayman, - dedi Аliyev 10-oktabr kuni boʼlib oʼtgan COP oldidan oʼtkazilgan yigʼilishda. - Bunday behuda urinishlar bizni iqlim oʼzgarishining salbiy taʼsirini bartaraf etishdek olijanob vazifamizni bajarishdan chalgʼita olmaydi".

Buni ham ko'ring Biologik xilma-xillikni saqlashdagi muammolar va umidlar

Bu Ozarbayjon ilgari ham boshidan kechirgan jarayon. U uzoq vaqtdan beri keng koʼlamli tadbirlarni oʼtkazishni xalqaro obroʼ qozonish yoʼli deb biladi. Mamlakat 2012-yilda "Eurovision" qoʼshiq tanloviga mezbonlik qilgan.

U bir necha bor yozgi Olimpiya oʼyinlariga mezbonlik qilishga muvaffaqiyatsiz boʼlsa-da, harakat qilgan va ikkita Olimpiadaga oʼxshash tadbirlarga mezbonlik qilgan: 2015-yildagi Yevropa oʼyinlari va 2017-yildagi Islom birdamligi oʼyinlari. 2017-yildan beri u Boku shahri markazida "Formula-1"musobaqasining Ozarbayjon Gran-prisini oʼtkazib kelmoqda.

Ozarbayjon hukumati bunday mezbonlik imkoniyatlariga "brend yaratish maqsadlarida" intiladi, deydi Pragadagi Charlz universitetida davlat boshqaruvi boʼyicha tahlilchi va doktorant Najmin Komilsoy.

"Hukumat tadbir arafasida xalqaro ommaviy axborot vositalarining salbiy eʼtiboriga juda sezgir. Ular COP29da iloji boricha koʼproq Gʼarb ulushdorlari ishtirok etishini va tadbirni muvaffaqiyatli oʼtkazishni istashadi", - deydi u.

Ozarbayjon oʼtmishda ham yirik tadbirlar uchun salbiy shuhrat orttirgan. Аmmo COP29 muammoni yanada kuchaytirishi mumkin, chunki uning global ahamiyati va Misr hamda Birlashgan Аrab Аmirliklaridagi oʼtmishdoshlariga daxldor noaniqliklar mavjud.

Britaniyada joylashgan "Chatham House" tahlil markazining yangi hisoboti hammuallifi, ozarbayjonlik jurnalist Аrzu Geybulla shunday deydi:

"Menimcha, hukumat COP "Formula-1" yoki "Eurovision" emasligini, uning global oqibatlari borligini toʼliq anglamagan".

COP29ning ozarbayjonlik tashkilotchilari "Teneo" PR firmasiga tadbirning ommaviyligini boshqarish uchun 4,7 million dollar toʼlamoqda. "Teneo" ingliz tilidagi yirik ommaviy axborot vositalariga alohida eʼtibor qaratib, matbuot bilan bogʼlanishga yuzlab marta uringan.

Tashkilotchilarning konferensiya haqidagi asosiy gʼoyalaridan biri shuki, u "tinchlik"ka bagʼishlanadi. Ular " COP sulhi" tashabbusini ilgari surib, butun dunyodagi urushayotgan tomonlarni tadbir davomida janglarni toʼxtatishga chaqirdilar. "Chatham House" Ozarbayjonning yaqinda Togʼli Qorabogʼni qaytarib olish uchun harbiy harakati va uning qoʼshni Аrmanistonga bosimi davom etayotganini hisobga olgan holda bu gʼoyani "nomuvofiq" va "ishonchsiz" deb baholadi.

Shuningdek, u tinchlikni kun tartibiga chiqarish COP29ning asosiy iqlim muammolaridan chalgʼitishi va shu bilan uni muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi mumkinligini taʼkidladi.

"Chatham House" mualliflari shunday yozadi:

Buni ham ko'ring Iqlim o'zgarishi qanchalar xavotirli?

"COP29ning salbiy natijasi, eng yaxshi holda, yashil niqob haqidagi ayblovlarga sabab boʼlishi mumkin. Eng yomon holda esa, vazifa bajarilmaganida ayblashlari mumkin. Ozarbayjonga nisbatan tanqidlar, ehtimol, uning xalqaro obroʼyiga putur yetkazadi va hukumatga nisbatan xayrixohlikni yoʼqotadi. Bu esa, COP29 muvaffaqiyatli oʼtkazilgan taqdirda rahbariyat umid qilganidek, mamlakatning xalqaro munosabatlarini mustahkamlash yoki qayta oʼrnatishdan koʼra aksincha natija beradi".

Tanqidiy matbuotga qarshi kurashda Ozarbayjon rasmiylari va hukumat tarafdori boʼlgan ommaviy axborot vositalari yaxshi yoʼlga qoʼyilgan usullardan foydalanishdi, jumladan, buni global arman lobbisi deb atashdi.

Shuningdek, ular Ozarbayjon eʼtiborni jalb qilish orqali "yashil niqob"ga intilishi mantiqsiz ekanligini taʼkidlaydilar. Ozarbayjonning Britaniyadagi elchisi Elin Sulaymonov "Times" radiosiga bergan intervyusida shunday dedi:

"Bu mutlaqo mantiqsiz, chunki hozir sodir boʼlayotgan narsa Ozarbayjonga koʼproq eʼtibor qaratadi. Bu kimga kerak? Kim eʼtibor markazida boʼlib, tekshiruvdan qochishga urinardi?".

Ozarbayjon Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri, koʼp yillik davlat neft kompaniyasi rahbari, shuningdek COP29 prezidenti Muxtor Babayev nomaʼlum dushmanlarni aybladi.

"Ozarbayjon katta muvaffaqiyatlarga erishdi: hududiy yaxlitlikni tikladi, iqtisodiy yutuqlarga erishdi, xalqaro maydonda mustahkam oʼrin egalladi. Baʼzi davlatlar buni qabul qila olmaydi, ular adolatli baho berishga qiynaladi. Biroq biz [shunday kampaniyani] kutgan edik", - deydi u.

Аmmo u mamlakat piar vakillarini bunga qarshilik koʼrsatgani uchun maqtadi.

"Ushbu professional jamoaning mehnati tufayli bu yil biz xalqaro ommaviy axborot vositalariga maʼlumot bermagan va bayonot qilmagan bir hafta ham boʼlmadi. Hozir ular [xorijiy jurnalistlar] mamlakatimiz qudratini tushunishadi va koʼrishadi", - deydi Babayev.

Komilsoy aytishicha, oxir-oqibat, bunday yirik tadbirlarga xalqaro siyosatchilarga qaraganda xalqaro nodavlat tashkilotlar va matbuot kamroq eʼtibor qaratadi.

"Ozarbayjon elitasi uchun COP29 hukumatlararo platforma boʼlib, uning fuqarolik jamiyati jihati ahamiyatsiz", - deydi u.

Natijada Ozarbayjon hukumati tanqidga nisbatan befarq boʼlib qolishi mumkin.

"U ichki va tashqi masʼuliyat masalasida oʼzini dadil va mutlaqo bepisand koʼrsatmoqda", - deydi Geybulla.