Huquq faollari hamon tazyiqlardan shikoyat qilmoqda

O`zbekistonda hibsga olingan huquq himoyachilari soni ko’paymoqda.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakili, “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov tovlamachilikda ayblanib, qo’lga olingan.

Faollarning so’zlariga ko`ra, qamoqdan ozod etilgan huquq himoyachilari o`rnini boshqa faollar egallamoqda.

Bir oz avval mustaqil jurnalist va huquq himoyachisi Solijon Abdurahmonov hibsga olingan edi. “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxun ham o`ziga nisbatan bosim kuchayganini aytmoqda.

Huquq himoyachisi A`zam Turg`unov uch kun burun Qoraqalpog’istonda hibsga olingan edi.

A`zam Turg`unov fuqarolik ishida ishtirok etish uchun Qoraqalpog`istonga borgan. Turg`unov bilan birga ishlagan advokat Rustam To`laganovning aytishicha, huquq himoyachisini hibsga olish uyushtirilgan.

“A’zam sudga borgan, da’vogarning akasi bo`lgan, pul haqida gap bo`lmagan, u odam uyimni sotib, sizlarga pul beraman degan, A’zam menga pul kerak emas, ishni sudda ko`ramiz degan, shu payt da’vogar pulni olib stolga tashlagan, orqadan kelib ushlashgan. Bu aniq uyushtirilgan narsa, Turg`unov bu ishni qilmagan”, - deydi To’laganov.

Mahalliy faollar fikricha, Turg`unovning hibsga olinishi tazyiqlar kuchaygani bilan bog`liq.

A`zam Turg’unov muxolifatdagi “Erk” partiyasi markaziy kengashi a`zosi, bir necha yildan buyon “Mazlum” inson huquqlari tashkilotiga rahbarlik qiladi.

“Erk” partiyasi faollaridan biri Dilorom Isoqovaning aytishicha, Turg`unov so`nggi paytda inson huquqlari himoyachisi sifatida faol harakat qilgan.

“A`zam aka avval ham, hozir ham juda aktiv edi. Albatta, u kimgadir xalaqit berayotgan edi,” - deydi Isoqova.

So`nggi paytda bir necha faol ozod qilingan bo`lsa, yana bir nechtasi hibsga olindi. Muxolifat vakillari vaziyat nisbatan iliqlashganini ta`kidlay boshlashgan edi.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari, bir necha yil muhojirlikda yashagan Po`lat Oxunning O`zbekiston pasportini tiklash yuzasidan sudga shikoyati qondirilmagan.

Uning aytishicha, pasport yoki domiy yashash joyi haqida qonun ikki marta buzilgan taqdirda ma`muriy jazo bilan cheklanadi, uchinchisida esa jinoiy javobgarlik masalasi ko`riladi.

“Menga pasport berilmayotganidan maqsad siyosiy faoliyatdan chetlatishdir”, - deydi u.

Bu bosimlarga qaramasdan, Po`lat Oxun mamlakatda siyosiy vaziyat yengillashganini, qamoqqa olishlar hukumat ichidagi kelishmovchilikka bog`liqligini taxmin qiladi.

“Keskin zug’um kuzatilmaydi, 7-8 oy avval ham muxolifat vakillarini u yoqqa borma, intervyu berma, deb doimiy qo`rquv ostida ushlab turish siyosati bor edi. Hozir Yevropa bilan muloqot yuritayotgan Tashqi ishlar vazirligi liniyasi va mamlakatning ichki siyosati bilan shug`ullanuvchi liniya bor. Ana shu tashqi va ichki siyosatda kelishuv yo`qqa o`xshaydi”, - deydi Oxun.

Dilorom Isoqova fikricha, keyingi paytlarda ayrim faollar qamoqdan ozod qilinib, boshqalari ularning o`rniga qamalgan.

“20 yildan buyon kutayapmiz, qancha huquq himoyachilari, qancha begunoh odamlar qamoqda o`tiribdi, ularning muddati tugagach, muddat qo`shib berilayapti, bir kishini ozod qilib, ikkitasini qamayapti”, - deydi Dilorom Isoqova.

Keyingi paytda inson huquqlari bo`yicha bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Inson huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiya qabul qilinganining 60 yilligini nishonlash haqida prezident farmoni e`lon qilindi. Mahalliy matbuot inson huquqlari mavzusiga e`tibor qarata boshladi.

Muxolifat va huquq himoyachilarining aytishicha, rasmiy hukumatning bu tashbbuslari shunchaki ko`zbo`yamachilik, mamlakatda qiynoqlar davom etmoqda, fuqaro huquqlariga qo`yilgan cheklov olib tashlanmagan.