Qariyb uch oy ilgari pora talab qilishda ayblanib, Nukusda hibsga olingan huquq faoli, «Mazlum» inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 10
yarim yilga qamalgan yana bir faol, muxolifatdagi “Serquyosh
O`zbekistonim” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarovning esa salomatligi
o`ta og`irlashgani ta`kidlanmoqda.
A’zam
Turg’unovning jamoatchi himoyachisi Robiya O`tamurodova so’zlariga
ko`ra, sud hay’ati jarayonda keltirilgan biror dalilni inobatga
olmagan.
“Qonun jihatidan aybsizligini to`liq isbotlab berdi, leikin inobatga olinmadi. 10 yil qamoq jazosi berildi. Bu umumiy koloniyami yoki qattiq tartibdagi koloniyami, hech kim e`tibor qilmayapti. Dushanba kuni sud qarorini olamiz, aniq bo`ladi”, - deydi Robiya O`tamurodova.
A’zam Turg’unovning advokati Rustam Qoraboyevning
aytishicha, hukm adolatsiz, Turg’unov kasbiy faoliyati uchun
jazolanmoqda.
“Birovni aldash, majburlash yoki jinoiy guruhga a’zo
bo’lish, qurol ishlatish tovlamachilik bo`ladi. Bu yerda esa bunday
harakatlar yo`q, faqat fuqarolik ishidan kelib chiqqan. A’zam faqat
inson huquqlari himoyachisi bo`lgani uchun qamalayapti”, - deydi
advokat.
Biroz avval Qoraqalpog`istonda yana bir huquq himoyachisi va
jurnalist Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalar savdosida ayblanib,
10 yilga qamalgan edi. A’zam Turg’unovga ham 10 yil qamoq jazosi
belgilanmoqda.
“Qoraqalpog`istonda bo`layotgan ishlar, huquqbuzarliklar
haqida jamoatchilikka ma`lumot tarqatayotgan ikki kishi bor edi. Bular
Solijon Abdurahmonov va A`zam Turg`unov. Solijonga 10 yil, A’zam
Turg’unovga 10 yil. Bu degani, biror “yalt” etgan, umidi bor odam
bo`lsa, o`sha umidini ham o`chirsin degani. Men Turg`unov ustidan
o`tgan jarayonning hammasida qatnashdim. Sinchiklab yozib bordim, aniq
aytamanki, unga qo’yilgan ayblarni tasdiqlovchi birorta xatti-harakat
bo`lmagan”, - deydi “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari
Dilorom Is’hoqova.
Yaqinda huquq himoyachilari Dilmurod Muhiddinov va
Mamarajab Nazarovlar qamoqdan ozod etildi, biroq qamoqdagi siyosiy
mahbuslar kamayayotgani yo`q. Ma`lumotlarga ko`ra, qamoqdagi faollarga
nisbatan qiynoqlar davom etmoqda. Muxolifatdagi “Serquyosh
O`zbekistonim” koalitsiyasi rahbari iqtisodiy jinoyatlarda aybalanib,
10 yarim yilga qamalgan Sanjar Umarovning salomatligi og`irlashgani
ta`kidlanmoqda.
“Yaqinda Sanjar Umarovning rafiqasi u bilan qamoqda
uchrashdi. Sanjarning ahvoli juda yomonligiga guvoh bo`ldi. Ozib
ketgan, ezilgan, gapirishi sekin, odatda, odamda ovqat yeyish refleksi
bo`ladi, unda ana shu refleks ham qolmagan”, - deydi muxolifatdagi
“Ozod dehqonlar” partiyasi markaziy kengashi a`zosi Bahodir Namozov.
Huquq himoyachilari A’zam Turg’unov va Solijon Abdurahmonovga nisbatan
10 yil qamoq jazosi belgilanishi Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston
o`rtasida inson huquqlari bo’yicha muloqot faollashgan bir paytda
kuzatilmoqda.
“Muloqot kerak, albatta. Lekin hukumat katta bir devor
bo`lsa, bu devorga boshingizni uraversangiz, eshik ochilmasa, bu
muloqotning nima keragi bor?” - deydi Bahodir Namozov.
Faollarning aytishicha, bugun Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston hukumati o’rtasida inson huquqlari bo’yicha kechayotgan muloqot samara berishi gumon.