O'zbekistonda 70 ga yaqin kredit uyushmalari xizmat ko'rsatadi, biroq kredit berish-olish siyosati hozircha aholi kundalik hayoti, turmushiga kirib borganicha yo’q.
Oddiy xalq kredit, uning mazmuni, qayerdan va nima maqsadda olinishi haqida tushunchaga ega emas.
Yaqinda Toshkentda xalqaro moliyaviy tashkilotlar ishtirokida kredit tizimi bo`yicha konferensiya o’tgan.
Unda xalqaro miqyosdagi kredit tizimi, uni O'zbekistonda qo’llash, muvofiqlashtirish yo'llari muhokama qilingan.
Anjuman O’zbekiston Markaziy Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi hamkorligida o`tkazilgan.
Unda kichik biznes, tadbirkorlar va aholini kredit bilan ta'minlash ish o'rinlari yaratish, aholi turmush darajasini ko’tarishda muhim omil ekani ta`kidlandi, deb xabar beradi “Uzreport.com” agentligi.
Bank sohasi bo’yicha mutaxassis so’zlariga ko'ra, dunyo iqtisodiyotining rivojlanishi, jumladan, ijtimoiy hayotdagi o'sish kredit tizimiga bog’liq.
O'zbekiston dunyo moliya tizimidan chetda qolayotgan bo'lsa-da, millionlab o'zbekistonliklar tashqarida ish topmoqda va ular global moliyaviy tizim mijozlari.
O'zbekistonda ijtimoiy kredit yaqinda shakllana boshlagan tushuncha. Ijtimoiy kreditning aholi turmushini yaxshilashdagi o`rni deyarli sezilmaydi.
Mustaqil ekspert Rashid Taymurov buning sababini banklar faoliyati nazorat ostida qolayotganida ko`radi.
“Keyingi paytda mikrokredit bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar paydo bo`layapti, lekin Rossiya va Qozog`iston bilan solishtirsak, juda sezilarsiz. O`zbekistonda banklar faoliyati cheklangan, tijorat banklari tadbirkorlarga, aholiga kredit berish bilan emas, pulni taqsimlash, sanash bilan shug’ullanadi. Kredit foizlarini faqat hukumat belgilaydi, bu xuddi sovet davridagi tizimga o'xshaydi, banklarda erkinlik yo`q”, - deydi u.
Yaqinda Vashingtonda o'tgan boy va rivojlanayotgan davlat rahbarlari moliyaviy yig'inida iqtisodiy siyosat, jumladan, rivojlanayotgan davlatlar iqtisodida xalqaro moliyaviy tashkilotlar rolini kuchaytirishga kelishib olindi.
O'zbekiston moliya tizimi, iqtisodiy boshqaruvida xalqaro standartlar, erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish ancha yillardan buyon muhokama qilib kelinadi.
Xalqaro Valyuta Jamg`armasi, Jahon Banki kabi yirik moliyaviy tashkilotlar bilan bu borada yuritilgan muzokaralar hozirgacha sezilarli natija bermagan.
Yaqinda xalqaro moliyaviy tashkilotlar va O`zbekiston hukumati yangi strategiyaga ko`ra hamkorlik qila boshladi. Bu hamkorlik bank va moliya tizimini erkinlashtrishni ham nazarda tutadi.
“Tadbirkor o'zi qo'ygan pulni olib, sarmoya qilib ishlataman deydigan bo'lsa, 2 foiz to'lashiga to'g'ri keladi. Naqd pul nega kam? Chunki bozorda, do`konlarda aylanib yuribdi. Tadbirkorlar naqd pul bilan muomala qilishni ma`qul ko`radi, chunki bankka pul topshirish ham, bankdan pul olish ham muammo. Tadbirkorlar bankning xizmatkoriga aylanib qolgan”, - deydi tadbirkorlardan biri.
Keyingi paytda hukumat miqyosida xalqaro sarmoyalarni jalb qilish uchun bir qator loyihalar amalga oshirildi, davlatga qarashli strategik jihatdan muhim kompaniyalar aksiyalari sotuvga qo`yildi.
Biroq, mustaqil ekspertlarning aytishicha, O`zbekiston - investorlar uchun pul kiritish xatarli bo'lgan davlatlardan biri. Buning asosiy sababi mamlakatda erkin bozor iqtisodiyoti yo'qligida ko'riladi.