Xalqaro tashkilotlarga ko`ra iqtisodiy bo`hron hali-beri tugamaydi - inqiroz cho`qqisi 2009 yilga to`g`ri keladi.
Xalqaro valyuta jamg`armasi hisobotiga ko`ra 2009 yilda dunyo iqtisodida o`sish deyarli to`xtaydi, dunyo bo`ylab ishsizlar soni bir necha barobarga ortadi.
Shveytsariyaning Davos shahrida o`z ishini yakunlagan jahon iqtisodiy forumida dunyo yetakchilari moliyaviy bo`hrondan qutulish chora-tadbirlarini muhokama qilishdi.
Forumda O`zbekiston ishtroki kuzatilmadi, biroq mamlakat moliyaviy inqirozdan chetda qolmayotgani aniq. Dunyoda ishsizlar soni ko`payayotgan bir paytda arzon ish kuchi ekportchisiga aylangan O`zbekistonda vaziyat yanada o`girlashishi mumkin.
Hukumat global inqirozning O`zbekistonga ta`sirini kuchli hisoblamaydi, biroq mustaqil sharhlovchilar inqiroz ijtimoiy vaziyatga jiddiy tahdid solayotganini, shundoq ham ishsizlik yuqori bo`lgan mamlakatning ayrim korxonalarida ish soatlari qisqara boshlaganini bildirishmoqda.
O`zbekiston prezidenti yaqinda 2009 yilgi davlat byudjetini tasdiqlash haqidagi qarorga imzo chekdi. Bu qarorga ko`ra 2009 yilda 7 milliard dollarga yaqin daromad, 7 milliard dollardan oshiq xarajat kutilmoqda.
O`zbekistonda odatda byudjet oshkora muhokama qilinmaydi. Biroq mamlakat asosiy daromadini qishloq xo`jaligi mahsulotlari, gaz va boshqa yer osti boyliklari tashkil etadi deyish mumkin.
Moliyaviy bo`hron O`zbekiston eksport qilayotgan tovarlarga nisbatan talabni bir qadar pasaytirgan.
Rivojlanayotgan davlatlar iqtisodi uchun muhim tirgak bo’lgan investitsiyalarni jalb etish 2009 yilda qanday kechishi ham shubha ostida. O`zbekistonda davlatga qarashli bir necha yirik kompaniyalar sotuvga qo`yilgan. Hozircha investorlar tomonidan qiziqish kuzatilmaydi.
Yaqinda Toshkentda poytaxtdagi iqtisodiy imkoniyatlarga bag`ishlangan biznes forum o`tdi. Unda ishtirok etgan tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiya vaziri Elyor G`aniyevga ko`ra, 2009 yilda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 7 foizdan oshiqroq bo`lishi kutilmoqda. O’tgan yili bu ko`rsatkich 9 foizni tashkil etgan.
2009 yil dunyo iqtisodida rivojlanish to`xtashini ta`kidlayotgan sharhlovchilar O`zbekiston iqtisodida o`sish bo`lishini savolga tutmoqda.
“VVP pasayishi mumkin. Bizni prognozimizga ko`ra 5-6 foizga chiqishi mumkin xolos, chunki baribir O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga nisbatan talab susayadi. Hamma ekspertlar ham shunday deyishyapti. Yevropada tushib ketadi. Rossiyada yalpi mahsulot 2-3 foizni tashkil etishi mumkin. Butun xomashyoga nisbatan narxlar 50-60 foizgacha tushib ketdi. Bu xomashyo bilan shu`gullanuvchi kompaniyalar uchun juda yomon. Keyingi yillar uchun mo`ljallangan loyihalarning hammasini kesadi, chunki mablag` yo`q”, - deydi bisnes muhitni o’rganuvchi firma mutaxassisi.
Sharhlovchi Jahongir Shosalimov deydiki, yalpi mahsulot hajmi haqidagi raqamlarga ishonch yo`q.
“O`zbekistonda 2008 yilda ham faqat iqtidodiy pasayishni kuzatish mumkin. Hukumatning ko`rsatkichlarini o`zini o`zi aldaydigan odamning ko`rsatkichlariga o`xshataman. Bu ko`rsatkichni hukumatni o`zidan boshqa hech kim izohlab bera olmaydi. Xolis ekspertlarning baholari butunlay boshqacha, vaziyat faqat salbiy tomonga o`zgarishi mumkin”, - deydi Shosalimov.
Mustaqil ekspertlarga ko`ra iqtisodiy ko`rsatkichlar haqidagi rasmiy ma`lumotlarlar mamlakatdagi real ahvoldan uzoq. Ayniqsa 2009 yil O`zbekiston uchun haqiqiy sinov yili bo`ladi.
Yaqinda mamlakatdagi “Tezor guruh” analitik markazi 2009 yilda kutilayotgan ijtimoiy vaziyat haqida o`z tahlilini e`lon qildi. Bu tahlilga ko`ra vaziyatni izdan chiqarishi mumkin bo`lgan omil ishsizlik darajasining keskin oshishidir.
“O`zbekistonda hozir moliyaviy bo`hron bizga ta’sir o`tkazmaydi, hammasi nazorat ostida degan gaplar aytilyapti. Lekin hech kimga sir emas: davlat byudjetining anchagina qismini Rossiyada, Qozog’istonda ishlayotgan mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar tashkil etayotgan edi. Hozir 10 minglab, 100 minglab mehnat muhojirlari O`zbekistonga pulsiz qaytishmoqda. Bu esa ayniqsa viloyatlardagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkin bo`lgan xatarli holat. Biz bunga tayyor turishimiz kerak”, - deydi tahlil markazi vakillaridan biri Suhrob Ismoilov.
Bundan avval ham mahalliy faollar moliyaviy inqirozning O`zbekistonga ta`sirini muhokama qilishgan va hukumat tomonidan aniq choralar belgilanmas ekan, ijtimoiy vaziyat izdan chiqishi mumkin deya ogohlantirishgan.
Hukumat so`nggi paytda banklarning ustav kapitalini ko`paytirish, mahalliy korxonalarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qildi.
“Tijorat banklarining tashqi majburiyatlari haqida gapirganda hech qanday xavotirga o`rin yo`q. Bu bank tizimi moliyaviy inqrozning salbiy ta`siridan ishonchli himoyalanganini ko`rsatadi. Respublika prezidentining yaqinda qabul qilingan farmoniga ko`ra jahon moliyaviy inqirozining oqibatlariga qarshi, bank-moliya tizimiga qo`shimcha yordam berish, iqtisodning real sektorini qo`llab-quvvatlash uchun aniq ishlarni amalga oshirish ko`zda tutilgan”, - degan edi O`zbekiston prezidenti moliyaviy inqiroz oqibatlari haqidagi chiqishida.
Xalqaro Mehnat tashkiloti hisobotida esa Markaziy Osiyo mintaqasi ishsizlik darajasi keskin o`sishi kutilayotgan hududlardan biri sifatida qayd etiladi. Tashkilot ziddiyatlarning oldini olish uchun ishsizlarni ijtimoiy muhofazalash zarurligini ta`kidlaydi.
2009 yil O`zbekistonda ishsizlar soni keskin o`sishi bilan bir qatorda, pul birligi so`mning tez suratlarda qadrsizlanishi bilan ham kuzatilmoqda.
“Yangi yildan keyin AQSh dollari 1700 so`mga chiqdi, bozorda sarosima boshlandi, ayrimlar o`z molini sotmay qo`ydi. Hozir 1550-1650 atrofida yuribdi. Buning asosiy sababi yil davomida to`planib qolgan so`mni dollarga aylantirish jarayoni kuchaydi. Narx-navoning tushmayotgani ham ta`sir ko`rsatdi bunga. Butun jahonda narxlar tushmoqda, O`zbekistonda narxlar saqlanib turibdi. Yana bir sababi mardikorlar yuborayotgan pullarning kamayganidir. Jahonni qamragan iqtisodiy tanazzul O`zbekistonda yana ham chuqurlashishi mumkin. Olingan xabarlarga ko`ra, ayrim korxonalarda ishchilar mart oyigacha o`z hisobidan ta`tilga chiqarilgan”, - deydi Jahongir Shosalimov.
O`zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiya vazirligiga ko`ra, 2008 yilda mamlakatga 2,5 millard dollardan oshiq xorij sarmoyasi jalb etilgan. Sharhlovchilar fikricha O`zbekiston uchun bu juda past ko`rsatkich. Investitsiyalar asosan energetika sohasiga to`g`ri keladi. Iqtisodning boshqa sohalari, aholini ish bilan ta`minlovchi korxonalar ishlashi uchun yirik sarmoya zarur.
2008 yilda O`zbekistonning xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan aloqasi tiklana boshlandi. Jahon Banki, Xalqaro valyuta jamg`armasi mutaxasisslari bilan muzokaralar yuritildi, biroq investitsiya miqdori oshgani yo`q.
O`zbekistonga sarmoya kiritayotgan davlatlar qatorida AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Malayziya va ayrim arab davlatlarini sanab o`tish mumkin. Bu investitsiyalar ham cheklangan, asosan hukumat kafolatiga ko`ra kiritilgan.
Mustaqil ekspert Rashid Taymurovning aytishicha, avval O`zbekistondagi sarmoya muhiti bozor talablariga javob bermasligi investorlarni mablag` kiritishdan ushlab turgan bo`lsa, hozirgi moliyaviy bo`hron sarmoya miqdorini keskin kamaytirishi mumkin. Sarmoya oqimiga to`sqinlik qilib turgan asosiy sabab bank tizimining mustaqil emasligidir.
“Naqd pul bilan ishlash katta muammo. Bank tizimi hukumat qo`lidagi bosim quroliga o`xshaydi. Bank xizmatiga erkinlik berilmas ekan, bo`sh kapitalning O`zbekiston iqtisodiga kirishini kutish qiyin”, - deydi ekspert.
Ayrim mustaqil axborot nashrlari 2009 yildan O`zbekistonda yana konvertatsiya bilan bog`liq muammolar vujudga kelgani haqida yozmoqda. Bu xabarlarga ko`ra, valyuta taqchilligi bilan to`qnash kelgan Markaziy bank konvertatsiya hajmini cheklash haqida ko`rsatma bergan. Biroq Markaziy bank vakillari bunday xabarlarni rasman inkor etib chiqishdi.
Sharhlovchilarga ko`ra moliyaviy inqirozning Rossiya, Qozog`iston iqtisodiga kutilgandan ko`ra jiddiyroq ta`sir qilgani ham bevosita O`zbekistondagi vaziyatni og`irlashtiruvchi omillardan hisoblanadi.