Muallimlik AQShda ham sharafli kasb

Prezident Barak Obama fikricha Amerika ta'lim sohasini isloh qilish kerak.

"Amerika - ilm-fan mayog’i" degan nomini tiklash lozim",- deydi u.

"Yaxshi muallimlarni siylaymiz", - deydi prezident.

Ustoz dunyoning boshqa qismlarida bo'lgani kabi AQShda ham muqaddas inson. O’qituvchilik - oliy kasb.

Obama ishini biladigan domlalarga yaxshi haq to’lab, talabga javob bermaganini bo’shatishni taklif qilmoqda.

"Kelajak",- deydi u, "yosh avlodga yaxshi ta’lim bera olgan millatniki".

Obama tashabbusiga qarshi chiqayotganlar ko'p. Ular nazarida prezident olg'a surayotgan raqobat tushunchasi ilmiy hamkorlikni cheklashi mumkin. Domla-domlaga sherik, suyanchiq bo’lishi kerak, deydi ular.

Boshqalar nazarida esa raqobat hamisha sifatni oshiradi. Saviyangiz qanchalik baland bo'lsa, yoshlarga qanchalik boy bilim bera olsangiz, marra sizniki, aks holda o'rinni bo'shating, deydi Obama taklifini yoqlab chiqayotgan mutaxassislar.

Arkanzas Universitetida ta’lim olgan o’zbekistonlik talaba deydiki, AQShda yoshlar o'z domlalarini erkin baholay oladi.

“Bu yerda internet orqali ham, masalan, www.ratemyprofessor.com saytiga kirib talabalar o’z fikrini bildiradi – shu domla yaxshi yoki yomon deb".

Amerika universitetlarida talabalarga dars va domlani tanlash huquqi beriladi.

Siz sohangiz bo'yicha muayyan darslarni olishingiz shart. Shu qatorda ayrim fanlarni erkin ravishda ham o'qishingiz mumkin. Ana shunda siz ularni domlaga qarab tanlash imkoniyatiga egasiz.

Har bir univetsitetda o'qituvchilarning reytingi bor, qolaversa har bir domla haqida izchil ma'lumot beriladi.

Talaba ko'p hollarda uni shu manbalar asosida tanlaydi.

Najia Badikova Jorj Vashington Universitetida Markaziy Osiyo va Yevrosiyo geosiyosatidan dars beradi.

Uning aytishicha, Amerikada ilm-fan arboblariga hurmat baland.

“Talabalar professorni izzat qiladi. Albatta, hamma yerda bo’lgani kabi ustidan kulib, hazil qilishlari ham mumkin”,- deydi Najia Badikova.

Biroq Amerikada muallimlarning oyligi shifokor yoki boshqa soha egalarinikidan yuqori emas. Boshlang'ich, o'rta va yuqori sinf o'quvchilarigab bilim beradigan muallimlar oliygohlarda ishlaydigan pedagoglarga qaraganda kamroq maosh oladi. Universitetda ham qancha topishingiz ilmiy darajangizga bog'liq.

Masalan, "Forbs" (Forbes) jurnalida yaqinda chiqqan ma'lumotga ko'ra, huquqdan dars beruvchi professorlar to'liq stavkada ishlasa, yiliga o’rtacha 90 ming dollar haq olar ekan.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan o'zbekistonlik talabaning aytishicha bu davlatda ham yaxshi va yomon domlalar bor.

“Misol uchun biror dars olishdan oldin men o’rtog’imdan yoki kattaroq kursdagi bolalardan shu domla haqida nima deb o’ylaysan deb so’rayman. Ular bu domla juda qattiqqo’l, fani qiyin, desa, albatta qo’rqaman. Boshqa domlani tanlashga harakat qilaman. Bu yerda ham o’ziga yarasha qattiqqo’l, yaxshi yoki yomon domlalar bo’ladi – hammasi bor. Lekin qo’rqish faqat o’qitish jihatidan bo’lishi mumkin, o’qituvchidan hech kim avtoritar-zulmkor odam sifatida qo’rqmaydi”.

Najia Badykova asli Turkmanistondan. AQShda domla bo’lishning farqli tomonlarii haqida shunday deydi:

“Umuman, meni hayron qoldirgan narsa shu bo’ldiki, bu yerda student va domla bir-birini teng ko’radi. Bu menga juda yoqdi. Menimcha, o’qitish shunday bo’lishi kerak”, - deydi u.