AQSh: Mutaassiblik sabablaridan biri siyosiy repressiya

AQSh Davlat departamenti nazarida O`zbekiston terrorga qarshi samarali kurashib kelayotgan davlatlardan biri.

Biroq, deyiladi diniy erkinlikka doir bu yilgi hisobotda, odamlarni radikalizmga yetaklayotgan sabablardan biri bu hukumatning repressiv siyosatidir.

Farg`ona vodiysida ro`yxatdan o'tkazilmagan masjidlarda namoz o`qish man etiladi va namozxonlar jarima to’laydi.

Bugun mamlakatda mo’minlik va radikallik o’rtasidagi farq yo’qolib bormoqda, deydi ayrim musulmonlar. Dindorlik mutaassiblik bilan bog’lanadi.

Konstitutsiyada aytilishicha, O`zbekiston dunyoviy demokratik davlat. Bosh qonun e`tiqod erkinligini kafolatlaydi. Ziddiyatli tomoni shundaki, deydi tahlilchilar, O`zbekiston boshqaruv usuliga ko`ra demokratik talabalarga ham, diniy erkinlik tamoyillariga ham javob bermaydi. O`zbekistonda taqiqlangan diniy oqimlar soni ko’paymoqda.

Yaqinda “Nurchilar” diniy oqimi ham ekstremistik tashkilotlar ro`yxatiga kiritildi.

Bu qaror Rossiya yetakchiligidagi Kollektif Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida ham ma`qullandi.

Sharhlovchilar deydiki, “nurchilik”da ayblangan fuqarolar ustidan o`tgan sud jarayoni uning a`zolari ekstremistik kayfiyatdan uzoq ekanini ko`rsatgan.

“Nazarimda “Nurchilar” harakatida ekstremizmga asos bo`luvchi biror go`ya yo`q. Chunki ular hokimiyatni tortib olishga da`vat qilayotgani yo`q. Kitoblari, adabiyotlarida ham bosqinchilik g`oyasi yo`q. O`zbekistonda qamoq jazosiga hukm qilingan yoki hozir tergov jarayoni ketayotganlarni qamash uchun birorta asos yo`q deb hisoblayman”, - deydi “Nurchilar” sudini kuzatgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Tashanovning aytishicha, O`zbekiston aholisining 90 foizi musulmonlar, masjidga qatnovchi namozxonlar soni oshib bormoqda, hukumat buni e`tiqod kuchayishi sifatida emas, ko`proq tahdid sifatida tushunadi.

Huquq himoyachilari diniy e`tiqod bilan bog`liq vaziyatni o`ta og`ir deb keladi. Diniy e`tiqod bo`yicha qamalganlarning soni noma’lum. Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, ular bir necha ming kishi, doimiy qiynoqqa tutiladi, qiynoqdan o’lgan mahbuslar ko`proq diniy e`tiqod bilan qamalgan fuqarolar.

“Navoiydagi qamoqxonada odamlarni namoz o’qigani uchun tahqirlashmoqda. Namozni yashirib o`qinglar degan, o`g`lim ochiq nomoz o`qiyman, deb ochlik e`lon qilgan. Sudlashganda ham uydan hech narsa topishmagan edi, lekin faloncha varaqa topildi deb yozib berishgan”, - deydi og`li diniy etiqod bo`yicha qamalgan ona.

Huquq himoyachisi G`anixon Madixonov so’zlariga ko’ra, yaqinda Quva tumani mahallalarida rasman ro`yxatdan o`tmagan masjidlarda namoz o`qish taqiqlangan.

“Ularga aytgan “masjidni berkitinglar, bu yerda namoz o`qimanglar” deb. Quvaning o`zida 60 ga yaqin norasmiy masjid yopilgan. Norasmiy deganim, Adliya vazirligi ro`yxatidan o`tmagan, lekin bu yerda mahalla qo`mitasining raislari, posbonlar ham namoz o`qigan, hokimiyatning qarori bo`lgan, Adliya vazirligidan ruxsat bo`lmagan. Bular o`qiyvergan, oradan uch kun o`tib hammasini sudga chaqirib, jarimaga tortgan. Hozir O`zbekistonda masjid ochishning o`zi muammo bo`lib qolmoqda. Ro`yxatdan o`tib, ikkinchi marta qayta o`tolmagan masjidlar bor”, - deydi Madixonov.

Rasmiy Toshkent e`tiqod cheklovi, qiynoqlar mavjudligini rad etib keladi. Muxolifat nazarida hukumat diniy ekstremizmdan tahdid yasab, bundan siyosiy maqsadda foydalanadi - terror xavfini bo`rttirib, dunyoviy muxolifatni tazyiqda ushlab keladi.