Qozog’iston parlamenti internet nazoratini kuchaytirish to’g’risida qonun qabul qilgan. Inson huquqlari faollari nazarida hujjat so’z erkinligini cheklaydi.
Unga ko’ra, global tarmoqdagi veb-sayt, chatxona, forum, blog, onlayn do’kon va kutubxonalar ommaviy axborot vositalari toifasiga kiritiladi va matbuot haqidagi qonun asosida javobgarlikka tortiladi.
Hujjatga muvofiq, Qozog’iston qonunlariga xilof ma’lumot tarqatgan xorij ommaviy axborot vositalariga qarshi tergov qo’zg’atish mumkin bo’ladi.
Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident Nursulton Nazarboyev imzolashi kerak.
Rasmiylarning aytishicha, maqsad nomaqbul materiallar, xususan, bolalar pornografiyasi, ekstremistik maqolalar tarqalishining oldini olish. Biroq tanqidchilar “bu tazyiq va bosim uchun bahona”; Qozog’istonda noqonuniy axborot tarqalishiga qarshi qonunlar mavjud, yangisiga hojat yo’q, deydi.
Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisligini qabul qilish arafasida ekan, xalqaro hamjamiyat bu davlatdagi huquqiy vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.