Rossiyada musulmon aholi nimadan norozi?

Prezident Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiyada musulmon aholi bilan aloqalar samimiy.

Moskvada Rossiya muftiylari bilan o`tgan uchrashuvda Medvedev musulmonlarni e`tiqod erkinligi bilan ta’minlash uchun davlat barcha imkoniyatlar yaratgan deya ta`kidladi.

Musulmonlar Rossiyada ham siquv ostida. Kreml siyosatidan norozi musulmonlar soni ortib bormoqda.

Rossiya fuqarosi bo'lgan musulmonlar federativ huquqlardan mahrum qilingan, mamlakatda millatchilik avjida.

Prezidentning Moskvadagi masjidga tashrifi, muftiylar bilan uchrashuvi Islom Konferensiyasi Tashkiloti tomonidan ijobiy baholangan.

Medvedev muftiylar bilan uchrashuvda musulmon jamoalarining davlat taraqqiyoti uchun qo`shayotgan hissasi, millatchilik, ekstremizmga qarshi kurashdagi o`rnini ta`kidladi.

Medvedev: Rossiya ekstremistik tashkilotlar faol davlatlardan biri

“Biz beqarorlikka sababchi holatlarni bartaraf etishning barcha choralarini ko`rishga majburmiz. Bunday sharoitda bizning vazifamiz ko`p millatli mamlakatimizda tolerantlik, sabr-toqat g`oyalarini targ`ib qilish, ma`naviy qadriyatlar, an`analarga hurmat ko`rsatish. Bu jarayonda musulmonlar idorasining o`rni muhim”, - dedi Medvedev.

Tahlilchilarga ko`ra, Kreml tomonidan ochiq namoyish etilayotgan buyuk millatchilik, pravoslavlikni davlat dini sifatida targ`ib qilish musulmonlarni radikallashishga majbur etmoqda.

“Bilasizmi, biror davlatda agar unda ko`p millatli va turli dinlarga e`tiqod qiluvchi xalqlar yashayotgan bo`lsa, davlat miqyosidagi katta tadbirlarda faqat bitta din, bir konfessiyaga e`tibor berilganini ko`rmaysiz. Rossiyada esa kattaroq bayram, tadbirlarda prezident yonida albatta pravoslav dinining rahbari o`tiradi. Bu esa mamlakatda millatchilikni yanada avj oldirayotgan holatlardan biri”,- deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Sharhlovchiga ko`ra, Rossiya ko`plab milliy-hududiy birliklarni yo`qotib, ularni sun’iy ravishda tashkil qilingan ma’muriy hududlarga birlashtirmoqda.

“Bu albatta tasodif emas. Rossiya tushunadi, demokratiya boshlanishi bilan millatlarda mustaqillikka intilish kuchayadi. Albatta, Tatariston, Boshqirdiston kabi respubliklarni Rossiya birinchi tahdid sifatida ko`radi”, - deydi sharhlovchi.

Rossiyadagi Islamnews.ru axborot agentligining yozishicha, 2009 yilning birinchi yarmida 400 dan ortiq fuqaro rus millatchilari tomonidan o`ldirilgan.

Moskva metrosida hijobli qizning taqirboshlar hujumiga uchrashi Rossiya musulmonlarining qattiq noroziligiga sabab bo`ldi.

Rossiya muftiylaridan biri Gabibulla Ashirov mamlakatda musulmonlar uchun alohida kvartallar tashkil etish lozimligi haqida bayonot bilan ham chiqdi.

Unga ko’ra, Rossiyada musulmon ayollar, qizlar hayoti xavf ostida, millatchilik qurbonlari soni borgan sari ko’paymoqda.

Kremldagi amaldorlar islom haqida ko'proq o'qishi kerak

Tarixchi Rinat Shaxabiddinovga ko`ra, muammo Kremldagi amaldorlarda islom haqida tasavvur yaxshi shakllanmaganida.

“Agar Rossiya hukumatida islomni tushunadigan, unga hurmat bilan yondashadigan rahbarlar bo`lganida edi, Rossiya uchun mamlakatdagi islom ummasi eng sodiq ittifoqdosh bo`lishi mumkin edi. Rossiya imperiya emas, federativ davlat, biroq Krelmning imperiyaga xos qarashlardan qutulishi qiyin kechmoqda. Pravoslav dinini yuqori ko`tarib, islomga boshqa bir nazar bilan qarash noto’g’ri. Agar ellik yil oldinga qarasak, Rossiya aholisining yarmini musulmonlar tashkil qilishi muqarrarligini ko`ramiz”, - deydi Shaxabiddinov.

Sharhlovchilarga ko`ra, Rossiyada boshlanishi mumkin bo`lgan beqarorlikka millatchilik sabab bo`lishi mumkin.

“Bunday guruhlarni siyosiy doiralarning o`zlari ham o`ylab topishadi yoki yaratishadi”, - deydi Shaxabiddinov.

Rossiyada 20 milliondan oshiq musulmon yashaydi

Kreml diniy ektremizm, ayniqsa, Kavkazda faol ekanini ta`kidlab keladi. Kremlning Kavkazdagi siyosati xalqaro maydonda jiddiy tanqidlarga sabab bo`lgan. Kavkazdagi inson huquqlari tashkilotiga intervyu bergan Kareliya muftiysi vaziyatni shunday izohlaydi.

“Chenistondagi rus askarlari okkupatsiya-bosqinchi psixologiyasiga ko`ra tayyorlangan. Checheniston okkupatsiya qilingan yer. Rossiya imzolagan xalqaro qonunlarga ko`ra, bu taqiqlangan. Demak, avvalo aniqlashtirish kerak, Checheniston bu -- okkupatsiya orqali qo`shib olgan yurtmi yoki rostan ham bizga tegishli yer, xalq ham biznikimi? Bu borada aniq bir xulosaga kelish kerak. Agar ular begona bo`lsa, tegmaslik kerak. Agar ular bizniki bo`lishsa, shunga muvofiq himoya qilishimiz, hurmat ko`rsatishimiz, sevishimiz kerak. Chechenlar zararli xalq, ularning e`tiqodi xavfli, ular bizning dushmanlarimiz degan qarashni to`xtatish kerak”, - deydi Kareliya muftiysi Kavkazdagi inson huquqlari tashkilotiga bergan intervyusida.

Yaqinda Tatariston milliy majlisi faollari Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev, Tatariston prezidenti Mintimer Shaymiyev va BMT Bosh kotibiga yo`llagan murojaat e`lon qilindi.

Murojaatga ko`ra, Kreml tub aholini assimiliyatsiyalash, ularning etnik huquqlarini cheklash siyosatini kuchaytirmoqda. Milliy majlis faollari Tataristonga to`liq mustaqillik berish talabini ilgari surishadi.

Mazkur murojaat Milliy majlis faollariga nisbatan tazyiq kuchayishi munosabati bilan tarqatilgan.

“Rossiya Federatsiyasiga kiruvchi davlatlarga haqiqiy ma’nodagi federativ vakolatlar berilmas ekan, albatta, bu respublikalarda mustaqillikka intilish kuchayadi”, - deydi Rinat Shaxabiddinov.

Rossiya pravoslav emas, dunyoviy demokratik davlat

Kreml pravoslavlikni hukmron din sifatida targ`ib qilishi Rossiya ziyolilari tomonidan ham qarshilikka uchramoqda.

Rossiya Fanlar Akademiyasi a`zolari hukumatga yo`llagan murojaatda Rus cherkov xizmatining jamoatchilik hayotiga faol aralashishiga chek qo`yish lozim deyiladi. Bu murojaat Nobel mukofoti sovrindorlari, akademiklar Vitaliy Ginzburg, Jozef Alferovlar tashabbusida olg’a surilgan.

Rossiyada “Pravoslav madaniyati asoslari” darsini maktab ta`lim dasturiga kirishi mumkinligi boshqa konfessiyalar tomonidan norozilik bilan kutib olingan.

Moskva Islom Unversiteti rektori Murat Murtazinning matbuotga bergan intervyusiga ko`ra, Rossiya pravoslav emas, demokratik davlat. Maktablarda faqat pravoslav qonunlari o`qitilishi jiddiy norozilikka sabab bo`ladi. Rossiya musulmonlari o`zlariga ikkinchi toifadagi qatlam siifatida qaralishiga yo`l qo`ymaydi, deydi u.