Mintaqaviy xavfsizlik borasida Toshkent pozitsiyasi qanday?

Tojikistonda mintaqaviy xavfsizlikka doir anjuman bo’lib o’tdi. Unda Afg`oniston, Pokiston, Tojikiston va Rossiya prezidentlari uchrashgan.

Davlatlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash borasida birga ishlashga kelishib olgan.

Bu muloqotlar O’zbekistonning qo’shnilar va regional tashkilotlar bilan aloqalari taranglashgan paytga to’g’ri kelmoqda.

Rasmiy Toshkent uchun Dushanbe uchrashuvi, ayniqsa, Dmitriy Medvedev va Imomali Rahmon muzokarasi qanday tugashi muhim.

Medvedev Dushanbeda Rossiya sarmoyasi bilan qurilgan Sangtudin GESining ochilish marosimida ishtirok etishi aytilmoqda.

Keyingi paytda, ayniqsa, Imomali Rahmon mamlakatda rus tili mavqeyini cheklashga qaror qilgach, Tojikiston-Rossiya aloqalari bir qadar taranglashgani kuzatiladi.

Rossiya bu davlat bilan vizali rejim joriy etishi mumkin degan taxminlar ham bor.

Sharhlovchilar nazarida munosabatlari Rossiya kreditlari evaziga yaxshilashi mumkin. Medvedev va Rahmon Rong`un suv to’g’oni qurilishini moliyalashtirish masalasida ham gaplashishi kutilmoqda.

“Tojikistonda rus tili mavqeini saqlab qolish ham muhokama qilinar, lekin asosiy diqqat gidroelektrostansiyalar qurish atrofida bo`ladi. Rossiya suv manbalarini nazorat qilib, harbiy bazalar ochish orqali boshqa davlatlarning mintaqaga kirib kelishiga qarshilik qilmoqchi”, - deydi mustaqil ekspert Fahriddin Nizomov.

Rasmiy Toshkent qo`shni davlatlarda yirik suv to’g’onlari qurilishiga qarshi.

Medvedevning Toshkentga safari chog’ida O`zbekiston prezidenti Islom Karimov ulkan suv to’g’onlarini xalqaro ekspertlar xulosasidan keyin qurish mumkinligi, bu qurilishlarning suv oqimiga ta`sir o`tkazmasligi haqida aniq hisob-kitob zarurligini ta’kidlagan edi.

“Rossiya tomoni suv masalasida prinsipial pozitsiyada turadi. Bu borada BMT konvensiyasi talablari bajariladi deb umid qilamiz”, - degan edi Karimov.

Rasmiy Toshkent keskin qarshiligiga uchrab kelayotgan boshqa bir masala Rossiyaning O`shda harbiy baza ochishga tayyorgarlik ko`rayotganidir.

“Rossiya Qirg’iziston, Tojikistondagi suv manbalarini nazoratga olish bilan mintaqa davlatlariga o`z ta`sirini o`tkazmoqchi. Baza masalasida bir narsa ajablantiradi. Rossiya Afg`onistondagi amaliyotlarda qatnashmayotgan bo`lsa, baza ochishning bu yerda nima keragi bor? Bishkekdagi, Tojikistondagi bazasi yetarli emasmi? Gap bu yerda Markaziy Osiyo xavfsizligini ta`minlash bilan bog`liq emas. Boshqa sabablar borga o`xshaydi. Umuman, juda ko`plab savollar yig`ilib qolgan. O`ylaymanki, ularga mana shu Qirg`izistondagi uchrashvlar chog`ida oydinlik kiritilsa kerak”, - deydi ekspert Fahriddin Nizomov.

Ma`lumotlarga ko`ra, Qirg`izistonning Botkent tumanida ochilishi kutilayotgan harbiy baza masalasida Bishkek rasmiylari bilan muzokaralar deyarli yakuniga yetgan. O`zbekiston bu bazaga qarshilik bildirib keladi. Tahlilchilar nazarida Islom Karimov sammitda ishtirok etsa, norozilik sabablarini sanab o’tishi mumkin.