Xalqaro kuzatuvchilar afg’on saylovlarini olqishlayotgan bo’lsa-da, jarayon erkin va adolatli o’tgani haqida xulosa qilishga hali erta. Saylov komissiyasiga tushayotgan shikoyatlar natijani kechiktirishi mumkin.
Ayrim viloyatlarda Tolibon faol fuqarolarni nishonga olgan. Guvohlarning aytishicha Qandahorda jangarilar ikki saylovchining barmog’ini kesib tashlagan.
Bu orada, prezidentlikka asosiy da’vogarlar Hamid Karzay va Abdulla Abdulla g’alaba uchun yetarli ovoz to’plaganini da’vo qilmoqda.
Afg’oniston saylov komissiyasi "g’alabani nishonlashga shoshmang" deyishiga qaramay, Karzay va Abdulla hozirdan qayta bellashuvga hojat yo’q demoqda. Dastlabki natija yaqin orada ma’lum bo’ladi.
Saylov komissiyasi a’zosi Daud Ali Najafiyning aytishicha, xavf darajasi yuqori viloyatlarda ko’pchilik ovoz berishga chiqmagan bo’lishi mumkin. Ammo ayrim boshqa joylarda shuning aksi. Raqamlar hali qo’limizga yetib kelgani yo’q, natijani kuting, deydi u.
Afg’onistonda 2004 yilgi prezident saylovlarida ishtirok 70 foizni tashkil etgan edi. Tolibon xurujlarga zo’r bergani tufayli bu safargi ko’rsatkich ayniqsa janubiy viloyatlarda ancha past bo’lishi kutilmoqda.
Shunday bo’lsada, millionlab afg’onlar ovoz berdi. Saylov kutilganidan tinchroq va tartibli o’tdi, deydi Mark Shnaydner, inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro guruh vakili.
“Afg’oniston qanchalik xavfli mamlakat ekanini unutmang. Saylov yoshidagi fuqarolarning 40-50 foizi ovoz bergan taqdirda ham shuning o’zi katta yutuq” – deydi kuzatuvchi.
Poygada 30 dan ortiq nomzod ishtirok etgan bo’lsa, ularning birortasi 50 foizdan oshiq ovoz to’play oldimi-yo’qmi, hozircha noma’lum.
Jeyms Dobbins 2001 yilda Tolibon hokimiyati qulagach, Afg’oniston muvaqqat hukumatini tuzishda ko’maklashgan sobiq rasmiylardan. Uning fikricha, nomzodlar teng ovoz olib, qayta saylov o’tkazishga qaror qilinsa, buni ijobiy hol deb ko’rish mumkin. Chunki raqobat yangi pallaga kirib, jarayonga xalq ishonchi oshadi.
Bu orada, raqib guruhlar hamda mustaqil kuzatuvchilar saylov jarayonida qonunbuzarliklar kuzatilganini ta’kidlamoqda. Afg’on rasmiylari bu da’volarni tekshirishga va’da bergan.
Tahlilchi Mark Shnayder xususan kampaniyaning so’nggi kunlarida ro’y bergan siyosiy o’zgarishlar, masalan “Junbushi Milliy Islomiy” partiyasi rahbari Abdul Rashid Do’stumning Afg’onistonga qaytib, Hamid Karzayni quvvatlagani shubhali deydi.
“Hamid Karzay ommaviy jinoyatlarda ayblangan general Do’stumni saylov oldidan Kobulga olib kelganini savolga tutmasdan iloj yo’q. U nufuzli qo’mondonlarga yon bosib nimaga erishmoqchi? Gap Afg’oniston kelajagi haqida ketar ekan, bu ko’pchilikni xavotirga solmoqda”, - deydi Mark Shnayder.
Huquq faollari o’zbek generalini 2001 yilda uning buyrug’i bilan ikki mingga yaqin tolib mahbuslar o’ldirilganida ayblaydi. Do’stum buni rad etib keladi.
Afg’onistonda saylov Tolibon oyoqqa turgan, oddiy aholi va harbiylarga xurujlar ko’paygan bir mahalda o’tdi. Amerikalik iste’fodagi general Pol Iton dushmanni yengish uchun Afg’onistonga usta diplomat, ham harbiy yetakchi kerak deydi.
“Bo’lajak prezident o’z atrofiga ittifoqchilarni topib ular bilan ishlay olishi, tinchlikka g’ov bo’layotgan guruhlarni esa zarur bo’lsa harbiy yo’l bilan bo’ysundirishi kerak bo’ladi”, - deydi general.
Prezident Barak Obama AQSh saylovda hech bir nomzodga yon bosmaydi deydi. Natija afg’on xalqining xohish-istagini ask ettirsa bo’lgani.