O'zbekiston Bosh prokuraturasi otishmalar borasida izoh bergan

O'zbekiston Bosh prokuraturasi bayonotiga ko`ra, mustaqillik bayrami arafasida Toshkentda “Ko'kcha” masjidi yaqinida yuz bergan otishmalarda uch “terrorchi” yo`q qilingan.

Tergov-surishtiruv ishlari ketayotgani aytilmoqda. Lekin prokuratura bayonoti jamoatchilikni qoniqtirmagan, ko`p savollar javobsiz qolmoqda.

Prokuratura bergan ma'lumotga ko'ra, o’lganlar orasida Shavkat Mahmudov bor. Dastlabki surishtiruv natijalariga qaraganda, terrorchi guruh xorijda tayyorgarlikdan o`tgan. Ayni paytda mazkur guruhga aloqadorlikda ayblanib, hibsga olinganlar ustidan tergov-surishtiruv ishlari o`tkazilmoqda.

O`zbekiston Bosh prokuraturasi “Ko`kcha”da yuz bergan otishmalar yuzasidan ma`lumot kechikib berilganini tergov-surishtiruv ishlari bilan izohlagan. Jamoatchilik vakillari nazarida ko`p savollar ochiq qolmoqda.

“Aniq ma'lumot berilganda to'g'ri bo'lardi. Noma'lum shaxsning familiyasini berishibdi. Ular aynan kimni nazarda tutishayapti, bilmadim. Voqea joyidagi odamlar bilan gaplashganimizdan xulosa shuki, otishmalarda tinch aholidan bir rus ayoli o`lgan. Ichki ishlar boshqarmasidan bir yigit o`lgan, yaradorlar soni ham noma`lum. Birinchi kasalxona o`rab olingan, yaradorlarning bir nechtasi o`sha joyga olib borilgan”, - deydi “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi vakili Dilorom Is’hoqova.

Prokuratura tahlilichia, mazkur guruh Toshkentda sodir etilgan qotilliklar, suiqasdlarda ham ayblanmoqda.

“Tezkor guruh” huquq-tartibot organidagi manbaga tayanib Toshkentda sodir etilgan qotillik yuzasidan ayrim ma`lumotlar tarqatdi.

“Avgust oyida o`z uyi yaqinida otib ketilgan Ichki ishlar vazirligi terrorizmga qarshi kurash bo`limida lavozimli shaxsi Hasan Asadov Anvar qori Tursunovga uyushtirilgan suiqasd bo`yicha tergov guruhiga kiritilgan bo`lgan. Manbaning aytishicha, qotillik versiyalaridan biri shu bilan bog`liq. O`zimizda bu borada surishtiruv o`tkazish imkoniyati yo`q”, - deydi “Tezkor guruh” vakili Suhrob Ismoilov.

Xalqaro hisobotlarga ko`ra, mintaqada diniy radikalizm kayfiyati kuchaymoqda va bunda ko`proq hukumatlar aybdor.

Xalqaro bo’hronlarni o’rganish guruhi yaqinda e`lon qilgan hisobotda Qirg`izistondagi vaziyat tahlil qilinadi. Unda aytilishicha, Qirg`izistonda radikal diniy oqimlarga qo`shilayotgan ayollar ko`paymoqda.

Asosiy sabab aksar ayollar mavjud ijtimoiy-iqtisodiy siyosatdan chetda qolayotgani bilan bog`liq.

Tahlillarga ko`ra, O`zbekistondagi vaziyat bir qadar og`ir, norozilikni ifodalovchi voisitalar berk, qamoqdagi qiynoqlar ayollarni radikallashtirmoqda.

“Hozir bir g`alati tendensiya kuzatiladi. Avval “Hizb ut-Tahrir”ga dunyoviy va diniy bilimlardan xabardor o`qimishli ayollar a`zo bo`layotgan bo`lsa, keyingi paytda bu narsa ko`r-ko`rona, nafratga, hatto, qasosga aylangan dunyoqarashdan iborat. Qamoqxondan o`liklarni olib kelishadi, ma’rakalariga borib dahshatga tushdim. Bolalardagi nafratni ko`rib qo`rqib ketdim. Uch oy avval shunday bir ma’rakada qatnashdim, oltita farzandi bor. Otasining o`ligini ustidagi ahvoli, ulardagi nafrat, bu o`z-o`zidan yo`q bo`lib ketmaydi. Jamiyatimizda, davlatimizda bitta yo`l bor, ulardagi nafratni so`zga aylantirish imkonini berish. Shunda juda og`ir ahvoldan chiqish mumkin. Yoki hammayoqni bekitib o`tiraveramiz, bu nafrat esa yanada chuqurlashib boraveradi”, - deydi Dilorom Is’hoqova.

Suhrob Ismoilovning aytishicha, hukumat so`nggi zo`ravonliklarga sabab bo`lgan omillar haqida jamoatchilikka xolis tushuntirib berishi kerak.

“Hukumat barcha versiyalarni inobatga olilishi kerak. Strategik jihatdan ahvolni yaxshilayman desa, diniy erkinlikka, mustaqil diniy guruhlarga nisbatan inson huquqlari doirasida yondashishi kerak”, - deydi u.

Tahlilchilar jamiyatdagi muxolif fikrlarning shafqatsiz bostirilishi favqulodda natijalar berishi haqida ogohlantirib keladi.