Afg’onistonda prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi 7 noyabrga belgilandi. Nomzodlar -- Hamid Karzay va Abdulla Abdulla.
Oldingi saylovda g'oliblikni da'vo qilgan Karzay mustaqil saylov komissiyasi xulosasini qonuniy deb e’tirof etgan.
O’zbekistondagi sharhlovchilar deydiki, saylov bahsi Afg`onistonda demokratik qadriyatlar qaror topayotganidan darak beradi.
Hozirgacha o'tgan saylovlarda amaldagi prezident Hamid Karzayning qo'li baland kelgani ta'kidlanayotgan edi.
Yaqinda mustaqil saylov komissiyasi ovoz berish jarayonida soxtalashtirishlar yuz bergan, Hamid Karzay 50 foizdan oshiq ovoz to'play olmagan deb xulosa qildi. Sharhlovchilar fikriga ko'ra, saylovda qallobliklar kuzatilgan, biroq muhimi mazkur qallobliklar sodir etilganini jamoatchilikka ochiq aytishdir.
“Beqarorlik sharoitida saylovlarni o'tkazish oson ish emas. Shuning uchun ham ikkinchi bosqichga yetib borishdi, demak, saylovlar demokratik o'tmagan ekan. Meningcha, Karzay ikkinchi bosqichdan o'tib g'alabaga erishishi mumkin. Lekin bu g'alaba muxolifat bilan murosaga borish evaziga amalga oshsa kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.
Hamid Karzayning asosiy raqibi doktor Abdulla Abdulla 28 foiz ovoz bilan ikkinchi o'rinni egallagan edi. Ma'lumotlarga ko'ra, hozirgi vaziyatda Afg'oniston prezidentligi uchun kurashayotgan ikki nomzodning imkoniyatlari teng.
“Abdulla Abdulla ancha intellektual odam, tashqi ishlar vaziri bo'lib ishladi. Uning tarafdorlari ham oz emas, xudo biladi, ehtimol birinchi bosqichda saylovchilarga ta'sir ko'rsatilmaganda u 50 foiz ovoz to'plashi mumkin edi. Ikkinchi bosqich to’g’risida qaror qabul qilindi, lekin baribir Karzay tarafdorlari bosim ko'rsatishga harakat qilishadi. Afg`onistondagi real vaziyatni baribir hisobga olish kerak”, - degan fikrda tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.
Siyosatshunos Farxod Tolipovning aytishicha, Afg’onistonda uzoq yillardan buyon beqarorlik hukmron, imkoniyatlar cheklangan.
“Abdulla Abdullada ham imkoniyat bor, lekin qo'shtirnoqdagi asosiy kamchilik --u pushtu emas. Afg'onistonni aksariyat aholisi pushtunlar. Ular bu vaziyatni kuzatib borishadi, saylovlarni shu hisobda hal etishga intiladi. Buni muxolifat ham sezib turibdi, maqsad bu yerda hokimiyatni adolatli taqsimlashga erishish deb o'ylayman”, - deydi Tolipov.
Hamid Karzay davrida Afg’onistonda korrupsiya chuqur ildiz otgani, xalqaro jamoatchilik tomonidan hozirga qadar Afg’onistonga yuborilgan moddiy yordamlar o'zlashtirib yuborilgani ta’kidlanadi.
Afg'oniston ko'p millatli davlat, biroq biror millat 50 foizdan ko’p emas. Saylov taqdirini hal etishdagi asosiy ko'rsatkichlardan biri etnik mansublikka bog'liq deb ko'riladi. Hamid Karzay Afg’onistondagi eng yirik etnik guruh -- pushtulardan. Shimoliy alyansning yetakchilaridan bo'lgan Abdulla Abdulla tarafdorlari asosan mamlakat shimolidagi tojiklar.
Pushtular va tojiklardan tashqari hazoralar va o'zbeklar ham katta etnik guruhlarni tashkil etadi, har bir guruh o'z siyosiy partiyalariga ega.
Prezident saylovida afg'onistonlik turkiylar yagona nomzod ko'rsatmagan. Saylovning birinchi bosqichida hazoralar va o'zbeklar yetakchilari ittifoq tuzishgan va Hamid Karzay nomzodini qo'llab-quvvatlagan edi.
“Afg'onistondagi turkiylar hokimiyatda muvozanat ta'minlanishidan manfaatdor. Shuning uchun ular ko'proq Karzay uchun ovoz berishlari mumkin deb o'ylayman”, - deydi Farxod Tolipov.