Prezident Dmitriy Medvedev Rossiyani qiynab kelayotgan, jamiyat va mamlakat hayotida chuqur o’rnashib olgan muammolarni ochiq tan olib, keng-qamrovli islohotlar davri yetdi demoqda.
Xalqqa yillik murojaatida Rossiya rahbari iqtisodiy qoloqlik, korrupsiya, tanish-bilishchilik, huquqiy savodsizlik va sog’liqni saqlash sohasidagi muammolarni tilga oldi.
Dmitriy Medvedevning tan olishicha, Rossiya hali ham Sovet o’tmishida muzlab qolgan, ko’p jihatdan o’sha davr yutuqlariga tayanib yashayotgan mamlakat.
Prezident: Faqat neft va gazga suyanib qolganmiz
“Byudjet daromadining yirik qismini ta’minlovchi neft va gaz sanoati, yadroviy qurollar, mamlakatning ishlab chiqarish va kommunal xizmat infratuzilmasi – barchasini Sovet mutaxassislari bunyod etgan”.
Islohot va modernizatsiya, deydi Medvedev, Rossiya kelajagini hal qiluvchi masala. Tabiiy resurslarga tayanuvchi iqtisodiyotdan innovatsiya va yuqori texnologiyalarga o’tish kerak.
Rossiya prezidenti ta’biricha, yaqin kelajakni yangi fikr-g’oyalar, kashfiyot va ixtirolar belgilaydi. “Shu bois iqtidor sohiblarini aniqlash va qo’llab-quvvatlashda ham hukumat, ham jamiyatning o’zi birdek jonbozlik ko’rsatishi lozim. Yosh avlodga imkoniyatlar yarataylik, ular intellektual jihatdan erkin sharoitda ulg’aysin”, - deydi Dmitriy Medvedev.
Rossiya rahbari o’z chiqishida deyarli barcha sohalarni tilga oldi – turmush darajasi, pensiyalar, qurilish, narkotiklar, sport, internet, xayriya, nano-texnogiyalar va hokazo.
Nemtsov: Medvedev Putinni ishdan bo'shata oladimi?
Muxolifat yetakchisi Boris Nemsov fikricha Medvedev jamiyatdagi nuqsonlarga to’g’ri baho bermoqda, biroq mamlakatni hozirgi ahvolga olib kelgan faktorlar, avtoritarizm urug’ini sochgan shaxslarni ko’rsatishga ojiz.
“Birinchi navbatda”, deydi Nemstov, “Bosh vazir Vladimir Putinni lavozimidan ozod etsin. Senzura va soxta saylovlarga chek qo’yib, siyosiy erkinliklarga yo’l ochsin. Shunda prezident takliflarini jiddiy qabul qilsa bo’ladi”.
Muxolifatchi nazarida ishni Kremlda Medvedevni oldingi qatorlarda o’tirib tinglagan amaldorlarni elakdan o’tkazishdan boshlash zarur. 100 daqiqali ma’ruza davomida Rossiya birjalarida aksiyalar qiymati yanada pasayganini hisobga olsak, u sarmoyadorlarda ishonch uyg’ota olmagan.
Rossiya prezidenti korrupsiyani yurt ravnaqiga asosiy to’siq deya, bu “ijtimoiy xastalikdan” qutulish uchun qonunchilik, huquq-tartibot va sud tizimida islohotlar va’da qildi. Medvedevning aytishicha, ayniqsa, fuqarolarni poraxo’rlikning har qanday ko’rinishiga qarshi toqatsiz bo’lishga o’rgatish kerak.
Medvedev taklif qilgan islohotga qarshilik kuchli
“Transperancy International” tashkiloti ro’yxatida Rossiya korrupsiya darajasi bo’yicha 180 davlat ichida 147-o’rinda.
Tashkilotning Moskvadagi vakili Yelena Panfilova nazarida islohotga qarshilik juda kuchli, chunki Rossiyadek korrupsiyaga yo’g’rilgan tizimda lavozimga erishib yaxshigina boylik ham orttirish mumkin. Ular issiq joyini berib qo’ygisi kelmaydi. Prezidentga hamdard faqat xalq”, - deydi Panfilova.
Xalq militsiyaga ishonmaydi
Militsiya mayori Aleksey Dimovskiy yaqinda o’zi ishlaydigan idora rahbariyati ustidan shikoyat qilib, hukumatdan yordam so’ragani uchun ishdan bo’shatilgan. Internetdagi YouTube video saytidagi arzida Dimovskiy “plan ketidan quvib begunoh odamlarni ular qo’l urmagan jinoyatlarda ayblaymiz, rahbarlar bizni shunga majburlaydi”, deya Bosh vazir Vladimir Putindan yordam so’raydi.
Murojaati ketidan tuhmatda ayblanib, ishdan olingan mayor hozirda lavozimiga qaytish uchun kurashmoqda. “Militsiya”, deydi u, “avvalgidek xalq hurmat-ishonchini qozonishi kerak”.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi tekshiruv boshlagan. Dimovskiyning dil nolalarini uni internetda tomosha qilgan 1 milliondan ortiq rossiyaliklar juda yaxshi tushunadi.
Rossiya Bosh prokuraturasiga ko’ra, shu yilning birinchi yarmida fuqarolardan 35 ming shikoyat tushgan. Prezident Dmitriy Medvedev nutqida bu haqda qo’shimcha ma’lumot berdi:
“Korrupsiyada aybdor topilganlarning 532 nafari federal va mahalliy hokimiyat vakillari, 700 dan oshig’i ichki ishlar xodimlari. Bu raqamlardan, afsuski, muammo ko’lami yaqqol ko’rinib turibdi”.
Bir necha odamni panjara ortiga tashlash bilan muammo yechilib qolmaydi, ammo aybdor jazosini tortishi kerak, deydi Medvedev.