Eron uranni keng ko’lamda boyitish niyatida ekanini bayon etmoqda. Mamlakat atom dasturi rahbari Ali Akbar Solihiyning aytishicha, yangi yilda, aniqrog’i yaqinlashayotgan mart oyidan boshlab, ikki zavod quriladi.
Eron o’tgan yili 10 yangi yadroviy inshoot barpo etishini ma’lum qilgan edi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi va Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik bu rejalarni qoralab, Eronni dunyo ahli bilan hisoblashib ish yuritishga undab keladi.
G’arb davlatlari nazarida bu davlat zimdan atom quroli ustida ishlayotgan bo’lishi mumkin. Islomiy respublikaning iddao qilishicha esa maqsad - atom energiyasi ishlab chiqarish.
Amerika hukumati masalaga tinch yo’l bilan yechim topish istagida ekanini bildirib, Eronni muloqot va murosaga chaqirgan.
AQSh Markaziy qo’mondonligi rahbari, general Deyvid Petreus “Eronga nisbatan bosimni oshiramiz”, - deydi.
“Biz Eronga dunyo hamjamiyati bilan murosa qilish uchun barcha imkoniyatlarni yaratdik. Lekin bu davlat kelishuv haqida o’ylash o’rniga noqonuniy harakat qilishda, atom dasturini kengaytirishda davom etmoqda”,- deydi general Petreus.
Obama ma’muriyati bosim nimadan iborat bo’lishi haqida ko’p ma’lumot bermayapti, ammo bu borada Yevropa Ittifoqi va Eronga qo’shni davlatlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga qarshi to’rtinchi bor sanksiya qo’yishi kutilmoqda. Bu sanksiyalarga azaldan qarshilik bildirib kelgan Rossiya ham, deydi Amerika rasmiylari, hozirda Oq Uy bilan bir pozitsiyada