Vashingtonga safar qilayotgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kecha Oq uyda prezident Barak Obama bilan uzoq majlis qilib, oxirgi paytda taranglashgan aloqalar istiqboli haqida gaplashgan.
Bu orada yahudiy davlati Sharqiy Quddusda, Falastin o’ziga poytaxt deb ko’zlagan hududda yana o’nlab yangi imorat qurishini ma’lum qilgan.
Bu esa Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari, AQShning vositachilik sa’y-harakatlariga yana bir zarba.
Benyamin Netanyaxu va Barak Obama orasida uch soat davom etgan muloqotdan so’ng Oq Uy hech qanday bayonot bermagan. Savollar bir dunyo. Vaziyatni bugun Oq Uy so’zlovchisi Robert Gibbs jurnalistlar bilan muloqotda izohlashi kutilmoqda.
Vashington Isroilning Sharqiy Quddusda, arablar yashovchi mahallalarda yahudiylar uchun 1600 yangi uy qurish rejasidan norozi. Bu reja Vitse-prezident Jo Baydenning Isroil tashrifi chog’ida oshkor bo’lib, ne-ne umidlar bilan borgan AQSh rasmiysini ancha izza qilgan edi.
Bu bahs ketidan AQShga kelgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kecha Davlat kotibasi Xillari Klinton, Vitse-prezident Jo Bayden, Davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi Jeyms Jouns bilan gaplashgan. Oq Uy rasmiylari bu uchrashuvni “mahsuldor va samimiy”deb ta’riflamoqda.
Davlat departamenti matbuot kotibi P. J. Krouli “muammolar borasida fikrimiz bir joydan chiqmasligi mumkin” deydi. Ammo tomonlar bir-birini hurmat qilib, e’tirozini inobatga olmoqda. Siyosatning mohiyati shu.
Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari – kun tartibidagi dolzarb, asosiy mavzu. Netanyaxu fikricha, Falastinning bosh talabi – qurilish ishlarini to’xtatish sharti mutlaqo mantiqsiz. Quddusning har bir qarichi, g’arbi ham, sharqi ham – Isroil poytaxti. Buning ustida tortishaversak, muzokara hali-beri boshlanmaydi, deydi vazir.
Yahudiy davlati 1967 yilda Sharqiy Quddusni bosib, o’ziniki qilib olgan, biroq xalqaro hamjamiyat bu qarorni tan olmaydi. Bu orada Isroil shaharda, Falastin xalqi o’zining bo’lajak poytaxti deya mo’ljallab kelayotgan hududda, yahudiylar uchun yana 20 imorat quramiz, demoqda.
Holbuki, AQShda ba’zi qonunchilar Obama ma’muriyatini tanqid qiladi. “Isroil azaliy ittifoqchimiz, qattiq gapirib dushman orttirishning hech kimga keragi yo’q”, - demoqda.
Falastin rahbariyatining esa Isroil bayonotlaridan toqati toq. “Yahudiy davlati hech kim bilan hisoblashmoqchi emas, xoh AQSh, xoh arablar bo’lsin. Netanyaxu va uning safdoshlari butun Yaqin Sharqning tinchini buzmoqda”, deydi ular.