Tadbirkorlar: O'zbekiston xorij sarmoyasi uchun noqulay davlat

Tadbirkorlar: O'zbekiston xorij sarmoyasi uchun noqulay davlat

<!-- IMAGE -->

Osiyo Taraqqiyot Bankining yillik yig'ilishi 3-4 may kunlari Toshkentda o'tishi kutilmoqda. Anjuman arafasida bank O'zbekistonga yordamni oshirgan.

Tallimarjon GESini ta'mirlash, yangi avtomagistrallar qurish va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash uchun O'zbekistonga 1 millard dollardan oshiq kredit ajratildi.

Hukumat esa anjuman arafasida iqtisodiy yutuqlar tashviqotini kuchaytirgan.

Rasmiy matbuot xabariga ko'ra, global moliyaviy inqiroz va unga qarshi kurashning O'zbekiston usuliga bag'ishlangan xalqaro anjuman ishtirokchilari hukumat rahbarining qadamlarini yuksak baholagan.

Krizisning O'zbekistonga ta'siri cheklangani mamlakat moliya tizimi dunyo bozoriga bog'lanmagani bilan izohlanadi. O'zbekiston moliya sistemasining xalqaro me'yorlarga javob bermasligi esa xorij investitsiyasi oqimiga to'sqinlik qilayotgan omillardan.

O'zbekistonning g’arb, jumladan, AQSh bilan muloqotida asosiy mavzularidan biri iqtisodiy hamkorlik. AQSh elchisi Richard Norland O'zbekiston Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida so’zlab, iqtisodiy aloqalar haqida to'xtalgan. “Hamkorlikni kuchaytirish maqsadida muzokara davom etmoqda”, deydi u. Elchi Afg'oniston ta'minoti bo'yicha Shimoliy yo'nalishni muhim iqtisodiy imkoniyatlardan biri sifatida e'tirof etadi.

Amerikalik ekspertlar fikriga ko'ra, O'zbekistonga AQSh sarmoyasini jalb qilish erkin muhitini talab etadi.

“Biznes ahlini O'zbekiston sud tizimi qanchalik mustaqil ekani, xususiy mulk muhofazasi qanchalik kafolatlangani kabi masalalar o’ylantirib kelmoqda. Amerikalik tadbirkorlar O'zbekistonni hamon sarmoya kiritish uchun noqulay davlat deb hisoblamaydi”, - degan fikrda aqshlik ekspert Tomas Grehem.

Tahlilchilar nazarida O'zbekiston iqtisodiyoti nafaqat moliyaviy, balki tub siyosiy islohotalarga muhtoj. Joriy reformalar ko'proq aholi huquqlarini siqish, tadbirkorlarga berilgan imtiyozlarni cheklash hisobiga amalga oshmoqda.

Prezident Islom Karimov plastik kartochkalar orqali to'lov tizimini yanada takomillashtirish haqidagi qarorga imzo chekdi. Unga ko'ra, maoshlarni kartochkaga o'tkazish ko'lami yanada kengayadi.

<!-- IMAGE -->

“Agar plastik kartochkalar bilan birga bankomatlar ishga tushmas ekan, bu yana g'irromlikka, xalq pulini kuydirishdan boshqa narsaga olib kelmaydi”, - deydi tahlilchi Jahongir Shosalimov.

Osiyo Taraqqiyot Banki xulosasiga ko'ra, O'zbekistonda yalpi ishlab chiqarish yuqori. 2010 yilda bu ko'rsatkich 8,0 foizdan oshib, 2011 yilda 9,0 foizni tashkil qilishi kutilmoqda, deydi bank rasmiylari. Biroq bu barqarorlik, o’sish aholi turmushida aniq, tub o’zgarish qilmayapti.

“Ular (OTB) hukumat ko'rsatkichlaridan kelib chiqib hisoblashmoqda. Bu raqamlarni esa tekshirib ko'rish imkoniyatiga ega emaslar. O'zbekistonda qancha tilla ishlab chiqarilayapti? Uning tushumi qancha? Nodir metallar, gaz, ularning tushumlari, bular hammasi maxfiy. Bu ma'lumotlar bilan hukumat o'zini o'zi aldayapti. Prezident shunday tizim joriy etganki, unga haqiqatni aytishdan hamma qo'rqadi”, - deydi tahlilchi Jahongir Shosalimov.

Hukumat bank yig'ilishi oldidan o'zbek so'mi qadrini tiklash uchun chora ko’ra boshlagan. Qora bozorda dollar bahosi keskin tushirilgan. Konvertatsiya bilan bog'liq vaziyat xorij kompaniyalari uchun asosiy muammo sifatida qolmoqda.

Tahlilchilar fikricha, iqtisodiy siyosatda aniq o'zgarish bo’lmas ekan, Osiyo Taraqqiyot Banki yillik yig'ilishi davlat iqtisodiyoti uchun biror foyda keltirishi qiyin.