NATOning ma'lum qilishicha, bugun Afg'oniston sharqidagi Kunor viloyati poytaxti Asadobod shahrida raketa hujumi va yong'in oqibatida koalitsiyaning zirhli olti transporti yo'q qilingan. Tolibon hujum uning ishi ekanini aytmoqda.
AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbrukning aytishicha, AQSh va NATO kuchlari mamlakatni 2014-yil oxirigacha tark etadi.
Prezident Barak Obama askarlarni kelasi iyuldan chiqara boshlaymiz, degan edi. Biroq Richard Xolbruk reja o'zgardi, jangovar missiya 2014-yil oxirigacha yakunlanmasligi aniq, deydi.
"Ba'zi joylarda xavfsizlik uchun mas'uliyat mahalliy kuchlarga kelasi iyuldan topshirila boshlaydi", - deydi Xolbruk.
Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay "Vashington Post" gazetasiga kuni kecha bergan intervyusida Qo'shma Shtatlar mamlakatda harbiy faolligini kamaytira boshlashi kerak, degan fikrni bildirgan edi. Xususan, tungi reydlarni.
Elchi Xolbruk "biz ham nazorat to'laligicha afg'onlar qo'liga o'tishini istaymiz, ammo afg'on xalqi va hukumatini toliblardan himoya qilish uchun harbiy choralar zarur", deydi.
"Harbiy operatsiyalarimiz ana shu maqsadlarni bajarishga qaratilgan. Vaziyatni vazmin va bafurja baholab, tegishli xulosalar chiqarish kerak", - deydi Xolbruk.
Uning aytishicha, AQSh o'tmishda ishni xom qoldirib, mintaqadan erta chiqqani oqibatida 2001-yil xurujlariga uchragan.
"1989-yilda Sovet Ittifoqi qo'shinlari Afg'onistonni tark etgach, unga bu urushda yordam bergan Qo'shma Shtatlar bu mamlakatga nisbatan barcha qiziqishni yo'qotgan edi. Bu xatoga ortiq yo'l qo'ymaymiz", - deydi Xolbruk.
Prezident Obama askarlarni kelasi iyuldan chiqara boshlaymiz, degan edi. Biroq Richard Xolbruk reja o'zgardi, demoqda.