Bugun Germaniyaning Bonn shahrida Afg'oniston kelajagi va barqarorligiga doir xalqaro anjuman bo'lib o'tdi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning unda so'zlashicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonni qo'llab-quvvatlashga tayyor, ammo mamlakatning o'zi avvalambor barcha islohotlarni amalga oshirib, xavfsizligini ta'minlashda ma'sul bo'lib, qonun ustuvorligiga tayangan jamiyat qurishi lozim.
Anjumanda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay ham so'zladi. Uning aytishicha, 2014-yilda NATO qo'shinlari mamlakatni tark etganidan so'ng xalqaro hamjamiyat uning davlatiga yana 10 yilcha yordamni to'xtatmasligi kerak. Hozirda mamlakatda 130 mingga yaqin xorijiy kuchlar bor.
"Afg'oniston hamkor davlatlarga yuk bo'lishni istamaydi", - deydi Karzay. Ammo hisoblarga ko'ra, 2015-yilga borib afg'on qurolli kuchlari soni 350 mingga yetadi va ularni moliyalash uchun 10 milliard dollar kerak bo'ladi.
Anjumanda yuzga yaqin davlat va tashkilotlardan ming delegat qatnashmoqda, jumladan 60 mamlakat tashqi ishlar vazirlari. 2014-yildan keyingi Afg'oniston istiqboli muhokamada. Xususan, xavfsizlik uchun masuliyatni afg'on kuchlariga topshirish, Tolibon bilan murosa va xalqaro yordam dasturlari.
Hamid Karzay jangarilar bilan muloqot yo'lga qo'yilmayotganidan nolib, qo'shni Pokistonni bu ishda yordam bermayotganlikda ayblagan. Bu kurashda mag'lub bo'lsak, 2001-yildan oldingi vaziyatga qaytamiz, deydi Karzay.
NATO havo hujumi oqibatida 24 askarini yo'qotgan Pokiston anjumanni boykot qilmoqda. AQSh prezidenti Barak Obama bugun Pokiston rahbari Osif Ali Zardariyga qo'ng'iroq qilib, ushbu voqea munosabati bilan ta'ziya bildirgan.
Obamaning aytishicha, hujum tasodif va xato, askarlar ataylab nishonga olinmagan.
Qo'shma Shtatlar va NATO voqeani tergov qilishga kirishgan.
"Bu hol", - deydi Obama, "ikki davlat munosabatlariga ta'sir qilmasligi kerak".