Afg'on-Pokiston chegarasida yangi posbonlar xizmatga kirishmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerika afg'on xavfsizlik kuchlarini tayyorlashga zo'r bermoqda

Xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etishiga hali ikki yilcha vaqt bor. Xalqaro koalitsiya Tolibonning ta’minot tizimini ishdan chiqarib, xavfsizlikni mustahkamlashga zo’r bermoqda. “Amerika Ovozi” muxbiri Deyvid Eks Pokiston bilan chegaradagi olis qishloqlardan biriga safar qilib, vaziyat bilan tanishdi.

http://www.youtube.com/embed/jQ_ffmJ6e1E

AQSh va afg’on zobitlari Marzak qishlog’ida shu yil yanvarda ish boshladi. Urushni yakunlash uchun zamin hozirlash - ularning vazifasi.

Kapitan Jim Perkins deydiki, Marzak Tolibon qurol-aslaha olib o’tadigan yo’nalishda joylashgan.

"Maqsad - dushman bu yerga qadam qo’ymasligini ta’minlash",- deydi kapitan.

Harbiy strategiya shundan iboratki, qishloqning o’zidan odamlar yollanib, mahalliy politsiya guruhlari tuziladi.

Ammo tajribasiz, xat-savodsiz odamlarni tashabbusga qo’shilishga, Tolibonga qarshi qurol ko’tarishga ko’ndirish oson ish emas, deydi Navob Xon, murabbiylardan biri.

"Urush nimaligini bilmaydi ular. Umrida avtomat ko’rmaganlari bor orasida",- deydi Navob Xon.

Qurolini topshirayotgan toliblar

Dasturni boshlash uchun qishloq oqsoqollari bilan bir necha oy muzokara qilishga to’g’ri keldi. Tolibon o’tgan yoz bir odamni josuslikda ayblab o’ldirib ketishgach, masala hal bo’ldi.

"Ramazon oyida toliblar qishloqqa kelib, bir odamni masjiddan haydab olib chiqishgan. Namozini tugatishga qo’yishmagan. Uni xalqaro koalitsiya bilan hamkorlik qilayotganlikda ayblab, shundoq masjid qarshida qatl etishgan. Shundan so’ng ulardan yuz o’girishdi",- deydi kapitan Perkins.

Marzak qishlog’i mo’ysafidlari posbonlikka 50 kishini ajratdi. Koalitsiya 100 kishini so’ragan edi. Lekin asosiy muammo bu emas. Olis mintaqada chegara punkti ochish ancha qiyinchilik yaratmoqda.

O’nqir-cho’nqir yo’llarida harbiy mashinalar yura olmaydi. Nima kerak bo’lsa havodan yetkaziladi.

Afg'on kuchlari

"Ko’rib turibsiz, tog’li hudud. Qish, hamma yoq qorga belangan. Bo’ron kelganda vertolyot ham ucha olmaydi. Shuning uchun bir oylik zaxira g’amlab qo’yganmiz",- deydi Perkins.

Yanvarda ilk posbonlar uchun mashqlar boshlangan zahoti tartib-intizomga doir muammolar yuzaga chiqdi.

"Bu odamlar hukumat tashkilotlarida, rasmiy idoralarda hech qachon ishlamagan. Bu yerlarda hukumat nima qilsin. Hamma o’zi bilan o’zi. Dissiplina nima ekanini o’rgatayapmiz. Ishni shundan boshladik",- deya hikoya qiladi murabbiy Navob Xon.

Hozirga kelib, qo’liga qurol ko’targan ilk posbonlar ishga kirishdi. Marzak qishlog’ini Tolibondan himoya qilish tomon birinchi qadam.