Kobulda katta mehmonxonaga hujum

  • Amerika Ovozi

Kobulda katta mehmonxonaga hujum

Tolibon Afg'oniston poytaxtidagi katta mehmonxonaga hujum uyushtirgan.

Harakat so'zlovchisi Zabihullo Mujohidning aytishicha, maqsad Kobuldagi "Intercontinental" mehmonxonasida turgan xorijiy rasmiy va mehmonlarni yo'q qilish bo'lgan.

Politsiya bergan ma'lumotlarga ko'ra, 28 iyun kuni kechqurun 9 kishi o'zini portlatishga tayyor holda imoratga kirgan. Otishmada ularning hammasi o'ldirilgan. Xurujda yana 11 fuqaro halok bo'lgan.

Hujum kechqurun, mehmonxonada dabdabali to'y ketayotgan paytda ro'y bergan.

Kobuldagi "Intercontinental" mehmonxonasi

"Intercontinental" ichkarisida ham, tashqarisida ham otishma kuzatilgan.

Tepalikda joylashgan mehmonxona xavfsizlik kuchlari qurshovida va imoratdan elektr toki uzib qo'yilgan.

Shu kuni NATO mamlakat janubida jangarilar bilan to'qnashuvlarda uch askarini yo'qotgan.

Qandahor viloyatida bomba portlab, ikki ayol halok bo'lgan, bir go'dak qattiq jarohatlangan.