Afg’oniston va Pokistonda NATO va AQShga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Xorij askarlari Qur’onni yoqqanini kechirib bo’lmaydi, deydi fuqarolar. G’arbning takror va takror kechirim so’rashlari e’tiborsiz qolmoqda.
Poytaxt Kobul yaqinidagi Bagrom harbiy bazasida NATO, Shimoliy Atlantika Bitimi qo’shinlari Qur’onni yoqdi, deya g’azablangan xalq juma namozidan so’ng yana namoyish qilgan.
“AQShga o’lim” degan shiorlar yangragan. Pokistonning Islomobod va Peshovar shaharlarida ham odamlar bosh ko’targan.
Politsiya odamlarni tarqatishga harakat qilar ekan, bugun Hirot viloyatida yetti odam o’lgan. To’rt kundan beri tinmayotgan to’polonda o’lganlar soni 20 kishiga yetgan. G’azni notinch.
Prezident Barak Obama Afg’oniston rahbari Hamid Karzayga xat yo’llab kechirim so’ragan.
Xalqaro koalitsiya qo’mondoni, AQSh generali Jon Allen “diniy adabiyotni behurmat qilish”ga doir dan o’ta afsusdamiz va tekshiruvlar davom etmoqda, deydi. Guvohlar bilan suhbat olib borilmoqda.
Prezident Karzay xalqni tinchlanishga chorlar ekan, namoyishga haqlisiz, lekin zo’ravonlikka, qon to’kishga hojat yo’q, deya ogohlantirgan.
Qo’shma Shtatlar va Afg’oniston Tolibonni tinchlikka undab, muloqot qilishga harakat qilar ekan, bu kabi janjallar jarayonga pand berishi mumkin.
Toliblar kecha bayonot tarqatib, xalqni Qur’onni yoqqan chet elliklarga hamla qilishga chaqirgan. NATO xabariga ko’ra, sharqdagi Nangarhor vloyatida afg’on armiyasi uniformasini kiygan shaxs koalitsiya askarlaridan ikki nafarini otib o’ldirgan.
Namoyishlar bois Germaniya shimoldagi askarlarini ko’chirmoqda. Taxminan 50 zobit hududni mart oxirida tark etishi kutilgan edi, biroq xavfsizlik nuqtai nazarida ular Qunduz viloyatiga yo’l olgan.
Bu orada Pokiston shimoli-g’arbidagi Peshovar viloyatida uch kishi politsiya mahkamasiga kirib, o’zini portlatgan. Uch politsiyachi o’lib, yetti nafari jarohatlangan. Peshovar Afg’oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarga tutash bo’lib, hududda toliblar va al-Qoida faol.
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy Afg’onistondagi toliblarni rasmiy Kobul bilan murosaga, uzoq yillik urushni tugatishga undamoqda.
Yurt tinchligi, kelajagini o’ylang, deydi u. Karzay hafta boshida jangarilarni yuzma-yuz muzokaraga chaqirib, buning muvaffaqiyatida Pokiston qo’llab-quvvatlovi beqiyos, degan edi.
Tolibon va Qo’shma Shtatlar o’rtasida Qatarda dastlabki muloqot boshlangani aytiladi.
Namoyishlarning to'rtinchi kuni: