Afgʻoniston Milliy birdamlik oliy kengashi raisi Abdulla Abdullaning ta’kidlashicha, uning Dushanbega tashrifidan asosiy maqsad “Afgʻoniston tinchligini himoya qilishga Tojikistonni ham jalb etish”.
Tojikiston prezidenti, parlament spikeri, bosh vazir va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvlarda bu masala yuzasidan fikr almashildi. Tojikiston rahbariyati ham Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi tarafdori ekanligini taʼkidlamoqda.
Ammo tahlilchilar fikricha, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishiga shimoliy qoʻshnilar - Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmanistonning taʼsiri katta emas.
Buni ham ko'ring Ashraf G’ani: Jangni qayta boshlash oson, lekin sulh jasorat talab qiladiPrezident Emomali Rahmon Abdulla Abdulla bilan muloqotida Milliy birdamlik oliy kengashining ilk yigʻilishidan xursandligini bildirib, doʻst va qoʻshni davlatda uzoq kutilgan tinchlikka erishilishiga xayrixoh ekanini bildirgan.
Muzokaralarning konstruktiv natijasi, deydi Rahmon, nafaqat Afg’oniston, balki mintaqaning barcha mamlakatlari va butun dunyo uchun ijobiy hol bo’ladi.
Dushanbedagi uchrashuvlarda ikki davlat o’rtasida yangi transport va tranzit yoʻlaklarini yaratish loyihalari, koronavirus tarqalishining oldini olish uchun sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytirish ham muhokama qilindi.
Rahmon va Abdulla Afgʻoniston va mintaqa uchun jiddiy tahdid va xavotirlarning asosiy manbai boʻlgan ekstremistik guruhlar va xalqaro terroristik tarmoqlar faoliyati toʻgʻrisida fikr almashdi.
Abdullaning aytishicha, Tojikiston hamisha Afgʻonistonda tinchlik tarafdori boʻlib kelgan.
Buni ham ko'ring Afg'on hukumati va Tolibon muzokara qoidalariga kelishib oldi“Xalqaro maydonda Tojikiston hamisha Afgʻoniston xalqi manfaatlarini himoya qilib, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi masalasini koʻtarib keladi. Shuning uchun ham turli masalalar yuzasidan Tojikiston rahbarlari bilan fikr almashish lozim edi”, - dedi u.
Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda Afg’oniston bilan 100 ga yaqin hamkorlik hujjatlari imzolanganini qayd etgan. Joriy yilning dastlabki 9 oyida ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 56,5 million dollarni tashkil etdi.
Abdulla Abdulla jurnalistlar bilan suhbatda Afgʻoniston tinchlik muzokaralari, Tolibon qo’yayotgan talablar, AQSh harbiy kuchlari taqdiri masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
“AQSh qoʻshinlarining bir qismi Afgʻonistondan chiqib ketdi. Ammo 2500 nafar qolishi kutilayotgan edi. AQShda hokimiyat tepasiga kelishi kutilayotgan yangi rahbariyat bu masala yuzasidan qaror qabul qiladi”, - deydi u.
Abdullaning aytishicha, Kobul hukumati muzokara olib borayotgan Tolibonning talabi - xalqaro harbiy kuchlarning Afgʻonistondan chiqib ketishidir.
“Ammo buni nafaqat Toliblar, balki butun Afgʻoniston xalqi ham istaydi. Yaʼni mamlakatda tinchlik oʻrnatilganidan keyin xalqaro qoʻshinlarning chiqib ketishi kutilmoqda. Xalqaro qoʻshinlar ham bunga rozi, yaʼni mamlakatda tinchlik oʻrnatilsa, boshqa ularning mamlakat ichida qolishiga zarurat qolmaydi va ular Afgʻonistonni tark etishadi. Shuning uchun ham toliblar tinchlik oʻrnatilishiga hissa qoʻshishlari kerak”, - deydi Milliy birdamlik oliy kengashi raisi.
Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: Afg'onistonda urush tugadimi?“Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi zaruratdir. Men tinchlik hukmron boʻlishiga shubha qilmayman. Bu xalqning xohishi. Muammolar, toʻsiqlar ham koʻp. Ammo xudo koʻmagi va xalqning xohishi bilan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatiladi”.
Tahlilchi Abdurasul Habibov fikricha, Afgʻonistonda qachon tinchlik bo’lishi toʻgʻrisida aniq bir gap aytib boʻlmaydi. Vaziyat juda murakkab va tinchlikka erishish faqat ichki kuchlarning qoʻlida emas. Tashqi qudratli kuchlarning manfaatlari mushtarakligiga ham erishish lozim boʻladi.
Siyosatshunos Sherali Rizoyonning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston har doim Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi tarafdori boʻlib kelgan.
“Yigirma yildan ortiq vaqt davomida Tojikiston har doim tinchlik tarafdori boʻlib kelmoqda. Bu rasmiy Dushanbening Afgʻoniston inqirozining barcha bosqichlarida tutgan pozitsiyasi. Afgʻonistonning boshqa qoʻshnilari, xususan, Pokiston va Eron oʻzlarining maqsadlari va manfaatlariga ega va Afgʻonistonning ichki jarayonlariga ham taʼsir oʻtkazadi. Shu nuqtai nazardan faqat shimoliy qoʻshnilar, Markaziy Osiyo davlatlari Afgʻonistonda tinchlikka ijobiy qarashadi va bu ularga katta foyda keltirishi mumkin. Chunki agar janubda nisbatan barqarorlik va xavfsizlik taʼminlansa, Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Shuning uchun Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston Afgʻonistondagi vaziyatga nisbatan betaraf tura olmaydi. Afgʻonistondagi tinchlik sharoitida Tojikiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar rivojlanishning yangi nuqtalarini topishlari mumkin”, - deydi Rizoyon.