“Tugallanmagan global revolyutsiya” nomli kitob muallifi Mark Melok-Braun arab dunyosidagi siyosiy-ijtimoiy avhol bilan yaqindan tanish.
1999-2005 yillarda BMT Taraqqiyot Dasturini boshqargan, undan oldin esa Melok-Braun Jahon Bankida vitse-prezident lavozimida ishlagan.
Qo’zg’olonlar arab dunyosini borgan sari chuqurroq o’z domiga tortmoqda. Saudiya Arabistoni, Suriya, Yaman, Marokash, Bahraynda namoyishlar…
Mark Melok-Braun, BMT bosh kotibi sobiq muovini, bu anchadan beri kutilgan edi, deydi.
“Chunki arab hukumatlari yoshlarga ular kutgan imkoniyatlarni, ish joylari, farovon hayotni yaratib bera olmayapti”, - deydi u.
“BMT o’zining Inson taraqqiyoti hisobotlarida buni qayta-qayta urg’ulagan. Lekin hukumatlar go’yo o’tmishda qotib qolgandek. Bunday tanqidga nafaqat beparvo, balki bizning ichki ishlarimizga aralashyapsiz, deb BMTni ham koyishadi”.
Omma yo’qsillik, korrupsiya va siyosiy bosimdan norozi.
Lekin iqtisodiy taraqqiyot ko’pincha mavjud siyosiy tizimga ham bog’liq, deydi mutaxassis.
“Jamiyatda demokratik boshqaruv bo’lmasa, rivojlanish, progress haqida gapirish qiyin. Hukmdorlar o’z xalqi oldidagi mas’uliyatni his etib turishi, ayniqsa aholining zaif qatlamlari ehtiyojiga quloq tutishi kerak”, - deydi BMT sobiq rasmiysi.
Xalqaro hamjamiyat ham chetdan qarab turmasin, deydi Melok-Braun. Qoloqlik va qashshoqlikdan qutulib, demokratik tizimga o’tish uchun fuqarolarga ko’mak zarur.
“Xalqaro jamoatchilik o’tish davrida bu davlatlarni qo’llab-quvvatlashi muhim. Albatta, so’zini o’tkazib emas, balki kamtarlik, sipolik bilan. Tan olish kerak, biz juda uzoq vaqt demokratiyani emas, tinchlik-barqarorlikni afzal bilganmiz. Misr, Tunis, siyosiy tizimini yangilayotgan boshqa o’lkalarga, ular bilan maslahatlashib, qo’ldan kelgan barcha yordamni bermoq lozim”, -deydi ekspert.
Lekin ijobiy o’zgarish birdaniga bo’lmaydi, bu nozik jarayon.
“Xalqni odatda yagona maqsad sari birlashtiradigan narsa umumiy g’anim. Misrda Husni Muborakni qulatgan to’lqin bunga misol. Maqsadga erishgach, albatta turli guruhlar turli maqsadlarni ko’zlaydi. Yangi konstitutsiyani ishlab chiqish vaqt olishi tayin. Partiyalar ham yangi sharoitga ko’nikishi kerak”, - deydi Melok-Braun.
“Saylovlar haqqoniy o’tsa xalq istagan demokratik tuzum qaror topadi, muhimi sabr”.