AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleyk mintaqada. Dushanbeda Afg'oniston bo'yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik anjumani o'tmoqda. 23-mart kuni boshlangan tadbir 28-martda yakunlanadi. Unda Markaziy Osiyodagi barcha respublikalardan yuqori lavozimli rasmiylar ishtirok etmoqda, shuningdek, Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay.
Bleyk yig'in doirasida tomonlar bilan alohida muzokaralar olib bormoqda, shuningdek, xalqaro moliyaviy organlar va nohukumat tashkilotlarning vakillari bilan gaplashmoqda.
Maqsad - Afg'onistonni tiklashda xalqaro hamkorlikni oshirish, barcha davlatlarni bu jarayonga jalb etish.
Vashington taklif qilgan Yangi Ipak Yo'li loyihasi muhokamada. Tashabbusga Markaziy Osiyo hukumatlari, Afg'oniston, Pokiston va Hindiston turlicha darajada javob bergan. Janubiy va Markaziy Osiyo orasida shundoq ham transport va savdo aloqalari yo'lga qo'yilgan, AQSh ularning kengayishini istasa, moliya ajratsin degan bayonotlar yangragan.
Robert Bleyk 29-30 mart kunlari Hindistonda bo'ladi. Undan keyin esa Qirg'izistonga boradi. 1-3 aprel kunlari Bishkekda AQShning mintaqadagi elchi va diplomatlari bilan uchrashadi. Qirg'iziston hukumati a'zolari bilan ham uchrashuvlar rejalangan.