Atambayev AQShga "Manas" yuzasidan taklifini tushuntirdi

AQSh-Qirg'iziston muzokaralari, 2-aprel, 2012

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk va mintaqa bo'yicha mas'ul bosh harbiy, Markaziy qo'mondonlik rahbari general Jeyms Mettis Bishkekda muzokaralar olib bordi. General Mattis o'tgan kunlar ichida Toshkent va Dushanbeda ham bo'lib, harbiy hamkorlik haqida gaplashgan.

Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan muloqotda asosiy mavzu "Manas" tranzit markazi kelajagi bo'ldi. Prezident idorasi tarqatgan bayonotga ko'ra, uchrashuvda sarmoya va biznes aloqalar ham tilga olingan.

AQSh bu inshoot ijarasi uchun yiliga 60 million dollar to'laydi va amaldagi kelishuv muddati 2014-yilning iyulida bitadi. Undan keyin nima bo'lishi dolzarb masala, deydi Qirg'iziston rasmiylari.

Prezident Atambayev "Manas"ning harbiy obyektdan tijoriy tranzit markaziga aylantirishini taklif qilmoqda.

Chapdan, AQSh Markaziy qo'mondonligi rahbari general Jeyms Mettis, Davlat kotibi muovini Robert Bleyk va Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev, Bishkek, 2-aprel, 2012

Vashington hali qat'iy javob bermagan. 2001-yilda ochilgan baza Afg'onistondagi harbiy harakatlarda muhim rol o'ynab kelmoqda. Jang maydoniga ketayotgan yoki u yerdan qaytayotgan askarlarning deyarli hammasi "Manas" orqali o'tadi.

Mart oyida AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Bishkekda bo'lib, Qirg'iziston hukumati a'zolari bilan gaplashganida, hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan, lekin "Manas" kelajagi xususida aniq bir narsa demagan edi.

AQSh va u boshchiligidagi xalqaro koalitsiya 2014-yil oxirigacha Afg'onistonni butunlay tark etish niyatida. Bu degani "Manas" hozirgi ahamiyatini yo'qotadi.

Lekin Bleyk va boshqa rasmiylarning aytishicha, Amerika Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymaydi va bu davlatga ko'p jihatdan yordam berishda davom etadi.

Buni bilgan Qirg'iziston rahbariyati uzoq muddatli hamkorlik haqida gapirib, "Manas" xalqaro tranzit nuqtasi bo'lishi kerak deya qayd etmoqda.

Aprel oyi oxirlarida Pentagon Bishkekka maxsus delegatsiya yuborishi va yana aynan bu borada muzokara qilishi kutilmoqa.