AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk kecha va bugun Toshkentda bo’lib, rasmiylar bilan uchrashgan. AQSh-O’zbekiston munosabatlari, jumladan regional xavfsizlik, siyosiy va iqtisodiy masalalar kun tartibida bo’lgani ma’lum.
Janob Bleyk kecha “Amerika Ovozi” ning Toshkentdagi jamoatchi muxbiri, Malik Mansur taxallusi bilan qalam tebratib kelgan Abdumalik Bobayev bilan ham ko’rishgan. Muxbirimiz yaqinda to’rt ayblov bilan sudga tortilgan edi. Mirzo Ulug'bek tuman sudi uni haqorat, tuhmat va aholi orasida vahima uyg'otuvchi, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi xabarlar tarqatganlikda aybdor deb topib, 15 million 72 ming so’m miqdorida jarima belgilagan edi.
Abdumalik Bobayev o’zini aybsiz deb biladi. “Amerika Ovozi” ham muxbiri professional ravishda faoliyat yuritganini qayd etadi. Hozirda ish apellyatsiya sudiga oshirilgan va masala 12 noyabr kuni ko’rib chiqishi kutilmoqda.
Abdumalik Bobayev AQSh yetakchi diplomati bilan uchrashuvni shunday tasvirlab beradi:
"Uchrashuvda asosan mening sud jarayonim va O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi bilan bog'liq vaziyat haqida gap bordi. Janob Bleyk mening ustimdan boshlangan tergov jarayoni AQSh tomonidan diqqat bilan kuzatilgani va bundan keyingi jarayonlar ham diqqat markazida bo'lishini aytdi. U Toshkentda o'tgan muzorakaralari chog'ida O'zbekiston rasmiylari bilan mening taqdirim haqida gaplashganini aytdi. Men o'z navbatida apellyatsiya jarayoniga tayyorgarlik ko'rayotganim haqida ma'lum qildim. AQShni meni qo'llab quvvatlayotgani uchun o'z minnatdorchiligimni izhor qildim.
Men O'zbekistonda so'z erkinligi bilan bo'gliq vaziyat yomonlashayotganini, nafaqat menga balki boshqa bir necha jurnalistga nisbatan ham bosim borligi, ularga nisbatan ham jinoiy ish rejalanayotganini aytdim. Bleyk janoblari O'zbekiston bilan hamkorlik qilishda AQSh hamisha inson huquqlari va so'z erkinligi masalasiga alohida ahamiyat qaratib kelayotganini ta'kidladi. O'zbekiston rasmiylari bilan o'tgan har bir uchrashuvda bu mavzular ko'tarilishini va muloqotlar davom etayotganini bildirdi. Bleyk janaoblarining safari va uchrashuvlar apellyatsiya jarayoniga ijobiy ta'sir o'tkazishi mumkin degan umiddaman".