Afg'on ayollarining kurashi haqida yangi kartina

  • Amerika Ovozi

Pista omborida, Kobul

Anjelina Jolining kinokompaniyasi ishlagan “Boquvchi” (Breadwinner) multfilmi Parvona ismli afg’on qizalog’i haqida. Asarda inson huquqlari mavzusi ko’tariladi.

Bu multfilmdagi voqealar Tolibon Afg’onistonda hukmronlik qilgan davrga to’g’ri keladi.

U paytda ayollar erkak kishi nazoratisiz uydan chiqolmasdi. Parvona onasi va singlisini boqish uchun o’g’il bolaning kiyimini kiyib, ko’chaga chiqadi.

“Debora Ellisning Parvona haqidagi kitobini ilk bor o’qiganimda asar qahramonini darrov sevib qolgandim. U kuchli, irodali, ammo shu bilan birga, oddiy qizaloq. O’ziga yarasha kamchiliklari bor, og’ir bir davrda yashaganiga qaramay, hazilkash”, - deydi “Parvona” rejissori Nora Tuomi.

Kartina Kanadaning Vashingtondagi elchixonasida oz sonli mehmonlar uchun namoyish etildi. Afg’oniston prezidentining rafiqasi Rula G’ani ham o’sha yerda edi.

“Afg’oniston haqida ko’p asarlar ishlangan. Ba’zilari haqiqatni aks ettirsa, boshqalari yolg’onga to’la”, - deydi u.

Film multiplikatsion bo’lsa-da, hazillarga boy bo’lsa-da, ayollarning o’sha davrdagi qiyin hayotini tasvirlaydi.

Jorjtaun ayollar, tinchlik va xavfsizlik instituti direktori Melanna Vervirning aytishicha, asarda afg’on ayollarining matonatini ham ko’rish mumkin.

“Kartinada nafaqat oilasini boqishga uringan qizni ko’ramiz, balki kuch, iroda, g’amxo’rlik kuylanadi. Juda ham kuchli film. Undan barchamiz o’zimizga yarasha saboq olamiz degan umiddaman”, - deydi mutaxassis.

Afg’oniston ayollari bugun ham kurashini to’xtatmagan. Ularga ta’lim berish – maqsadlarimdan biri, deydi Rula G’ani.

“Ta’lim juda muhim, chunki o’qigan odamni aldab bo’lmaydi. Filmda ham bir oz o’qish va yozishni bilgan qizaloq o’zini eplab ketyapti”, - deydi Afg’oniston rahbarining rafiqasi.

“Parvona” AQSh kinoteatrlarida 17-noyabrdan boshlab namoyish etiladi.