Markaziy Osiyoda kim haqiqiy lider bo'la oladi?

Markaziy Osiyoda rahbarlar mintaqaviy miqyosda emas, ikki yoqlama muzokara qilishni ma’qul ko’radi.

Integratsiya deganda regional manfaatlarga asoslangan birdamlik emas, qandaydir bir ittifoqqa birlashish, bir-biriga bosh egish tushunilib, bu g’oya ko’p jihatdan rad etiladi.

Qozog’istonning g’arbu –sharq bilan aloqalari boshqa davlatlarnikiga qaraganda ancha muvozanatli ekan, qolaversa, iqtisodiy jihatdan ancha oyoqqa turib olgani uchun xorijda unga mintaqaviy yetakchi sifatida qarashadi.

Lekin Qozog’iston haqiqatan ham lider bo’la oladimi? Markaziy Osiyo tarqoq bir mintaqa sifatida qolayotganining sabablari nima?

Erkin faoliyat, erkin fikr va erkin so’zsiz taraqqiyot bo’lmaydi deb bahslashadigan tomonlar nazarida Markaziy Osiyo yakkahokimlikka asoslangan tuzumlar ostida ekan, mintaqada siyosiy-iqtisodiy murosa haqida gapirish qiyin.

Bugungi siyosiy mentalitet va rahbarlar o’zgarmas ekan, mamlakatlar va millatlar bir-biridan uzoqlashaveradi deya umidsizlanadiganlar ko’p.

Sabab shuki, deydi ular, bugun regionda qayerga bormang, kim bilan gaplashmang, millatchilik va elatlararo shubha-gumonga guvoh bo’lasiz.

Qirg’izistondagi qirg’in ortida, boshqa ko’plab muammolar qatorida, gijgijlash va etnik nafrat yotgani ham sir emas.

O’zbekiston va Tojikiston orasida suv muammosi ko’ndalang ekan, har ikki mamlakatda bir-biriga qarshi propaganda avjida.

Rahbarlar “ko’p millatli, boy jamiyatmiz” deb qanchalik maqtanmasin, amalda butun mintaqa bo’ylab millatchilik hissi kuchayib bormoqda. Hatto bugun mintaqaviy liderlikka intilayotgan Qozog’istonda.

Amerikalik tahlilchi Marta Olkott fikricha, bu va boshqa sabablarga ko’ra ham Qozog’iston mintaqani birlashtira olmasligi mumkin. Qozog’istonda, deydi, millatchi kuchlar paydo bo’lgan va ular mamlakatda boylik teng bo’linmayotganidan norozi. Boylik-mol kimning mulki degan savol o’rtaga tashlanmoqda.

Shunga o'xshash savollar qo’shni respublikalarda ham quloqqa chalinadi.

Bu kimning mulki, o’zbek, tojik, qirg’iz yoki turkmanniki? Kim ko’chmanchi bo’lganu, kim o’troq xalq ekani haqida bahslar tinmaydi. Kim uzoq tarixga ega? Kim madaniy jihatdan boyroq yoki ustunroq degan savollar ustida tortishishadi.

Stalin davrida tortilgan chegaralar, bir elatni bir-biridan ajratib qo’ygan chiziqlarga lan’atlar aytiladi, ammo bugun hayotni osonlashtirish uchun nima qilmoq kerak?

Markaziy Osiyo chegaralarida har kuni minglab insonlar sarson-sargardon. Postma-post yurib, vaziyatni o’rgangan Marta Olkot nazarida o’tgan yillarda biror ijobiy o’zgarish ko’zga tashlanmaydi. Na transport sohasida, na savdo-sotiq.

Marta Olkott, amerikalik olima

Lekin, deya tan oladi, Marta Olkot (Martha Olcott), har bir mamlakat o’z yo’lini topishga, xalqaro sahnada tanilishga harakat qilar ekan, bir millat uchun umumiy uy va shu bilan birga turli elatlar yashovchi jamiyat sifatida oyoqqa turish oson emas.

Qozog’iston bunga yaxshi misol. Prezident Nursulton Nazarboyev so’zi bilan aytganda, ko’chmanchi xalq o’zining birinchi zamonaviy davlatiga ega bo’ldi. Qozog’iston - qozoqlar yurti. Lekin aholining 40 foizga yaqini slavyanlar va boshqa elat vakillari ekanini unutmaslik kerak.

Jeyms Kollins, sobiq elchi

Rossiya va Xitoy tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy hamkorlar. Regional birdamlik yo’lida ular o’ziga xos to’siqlar qo’yishi tayin.

Amerika mintaqada biznes bobida ular bilan tenglasha olmaydi, ammo Vashington ham o’z manfaatlarini ko’zlar ekan, davlatlarni yaqinlashtirish ustuvor maqsad emas.

Birdamlikni davlatlarning o’zi istashi va uning uchun o’zi harakat qilishi kerak, deydi ekspertlar.

Keksa diplomat, uzoq yillar davomida AQShning sobiq Sovet davlatlari bilan aloqalarini boshqargan Jeyms Kollins (James Collins) fikricha, vaziyat yaqin kelajakda yaxshilanmasligi mumkin, ammo yaqin 10-15 yilda ulkan o’zgarishlar yuz bersa ajabmas.

“Rahbarlar baribir ketadi, o’rnini yangi avlod egallaydi va ular ham hozirgilariga o’xshagan bo’ladi deya olmaymiz”,- deydi Kollins.

”Dunyoning bu qismida mintaqaviy hamkorlik degan narsa yo’q ekaniga u yerda ishlab yurgan paytimda ko’p marta guvoh bo’lganman va bu jamiki sohada ishning beliga tepadi. Biz, Amerika, agar bu regionga borib, “sizga yordam beramiz” deya odamlarni ishontirmoqchi bo’lsak, butun diqqatimizni mana shu masalaga qaratishimiz, davlatlarni bir-biri bilan til topishishga undashimiz, oradagi muammolar yechilishi uchun hissa qo’shishimiz kerak”,- deydi Jeyms Kollins.

Amerika har bir davlatga suveren kuch sifatida qarashi, shu bilan birga butun region manfaati uchun xizmat qiladigan siyosat yuritishi lozim.

“Bu og’ir vazifa, lekin uni eplay olmasak, bu xalqlar uchun sharoit yanada qiyinlashadi”, - deydi Jeyms Kollins.

Markaziy Osiyoda kim haqiqiy lider bo'la oladi?

Aloqalarni tahlil qilib kelayotgan mutaxassislar ham shu fikrda.

Davlatlar Amerika, Rossiya va Xitoy qo’shni mamlakatlarda nimalar bilan band deya xavotirda yashaydi. Orada ishonch past.

Vashington Qozog’istonga kuchli hamkor sifatida qaraydi, ammo uning mintaqadagi roli hali-beri oshmasligini bilishi kerak, deydi Marta Olkott.

”Gap shundaki, Qozog’iston regional yetakchi bo’lishi uchun avvalo bu yerdagi hukumatlar va odamlar ko’ngliga yo’l topishi, muammolarni yecha oladigan davlat ekanini ko’rsatishi kerak. Amerika bilan yaqinlik uni regional lider qilib qo’ymaydi. Buning uchun u avvalo qo’shnilari bilan siyosiy va iqtisodiy jihatdan yaqinlashishi kerak”,- deydi Marta Olkott.

Xalqaro tashkilotlar tahlilicha, hozircha Markaziy Osiyoda eng zarur talablar bobida boshqalarga o’rnak bo’la oladigan davlat yo’q.

Qozog’istonda iqtisodiy ahvol nisbatan yaxshi, lekin tirikchilik u yerda ham korrupsiya va yulg’ichlikka asoslangan. Hukumat xalq xizmatida emas, inson huquqlari qadrlanmaydi, oshkoralik yetishmaydi.