Oqin suv va energetika sohasi Markaziy Osiyo o’lkalari munosabatlarining eng chigal masalalari hisoblanadi. Mutaxassislarning aytishicha, oxirgi paytlarda ushbu yo’nalishda ijobiy siljishlar ko’zga tashlanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Toshkentning bahsli masalalarda murosaga tayyorligi, davlatlararo muloqotlarning faollashuvi hamkorlik sari keng yo’l ochgani aytilmoqda.
Suv zaxiralariga boy Qirg’iziston va quyi oqimda joylashgan O’zbekistonning mazkur tarmoqdagi aloqalari qay ahvolda?
O’sh viloyat sug’orish tizimlari boshqarmasining rahbari Ruslan Abibillayev deydiki, mintaqa siyosatchilari umumiy til topa olmagan og’ir yillarda ham suv xo’jaligi xodimlari hamkorlikni davom ettirib kelgan. Siyosiy doiralarning hozirda namoyon bo’layotgan irodasi aloqalar rivojiga jiddiy turtki beradi.
Suhbatdoshga ko’ra, Qirg’iziston hududidagi mintaqaviy ahamiyatga molik suv omborlari va boshqa inshootlarni tegishli ahvolda saqlash hamda ta’mirlash, ularni yangilashga hissa qo’shish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.
Qirg’iz mutaxassislarining aytishicha, iqlim o’zgarishi, yangi yerlar ochilishi kabi qator omillar Sovet davrida shakllangan raspublikalararo suv zaxiralarini taqsimlash tartibini qayta ko’rib chiqish zaruriyatini tug’dirdi. Afsuski, mintaqa o’lkalarida oqin suvdan zamonaviy usullarni keng qo’llagan holda tejamli va samarali foydalanish yo’lga qo’yilmay kelayotir.
Suv masalalari bo’yicha taniqli ekspert, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jalik xodimi Alisher Sotiboldiyevning aytishicha, avvallari qardosh o’lkalarning tegishli idoralari barcha masalalarni mavjud bitimlar asosida, o’zaro muloqot yo’li bilan yechib kelishgan.
“Mana shu amaliyotga qaytilayotgani quvonarli hol. Ayni paytda boy tajribaga ega mutaxassislarni ishga jalb qilmoq, ularning maslahatlari, uslubidan keng foydalanmoq lozim”, - deydi faxriy.