Xitoyda isyonkor adib qamoqdan chiqdi, Tibet ahli yangi rahbarni olqishladi

  • Amerika Ovozi

Sangay murosaga moyil Dalay Lamadan farqli ravishda Xitoy bilan keskinroq siyosat yuritish tarafdori. U Tibet uchun muxtoriyat emas, to’liq mustaqillik talab qilishi aniq, deydi tahlilchilar.

Xitoyda yarim yil qamoqda saqlangan isyonkor yozuvchi Ran Yunfey ozod qilingan. Biroq u hamon hukumatga qarshi qo’poruvchilik faoliyatida ayblanmoqda.

Do’stlarning aytishicha, u kecha kechqurun qo’yib yuborilgan.

Bir kun oldin yana bir faol, taniqli rassom Ay Veyvey adibni himoya qilib, jamoatchilikni uni qo’llab-quvvatlashga undagan. Soliq to’lashdan bosh to’rtganlikda ayblanayotgan rassomning o’zi iyun oyida turmadan ozod qilingan edi.

Arab dunyosi qo’zg’olonlar domiga tortilgan bir paytda Xitoyda Ran va Ay kabi ozodlik kuychilari, faollar, siyosatchi va advokatlar qamalgan yoki bedarak ketgan.

Jasur rassom Ay unga qo’yilgan ayblovlarni rad etib, adolatsizlik uchun kurashdan qaytmasligini aytgan. Xitoy matbuoti qamoqda o’tirib chiqqan musavvir bilan suhbat ketidan uni “hamon bardam, hazilkash va siyosiy jihatdan o’tkir” arbob deya ta’riflagan. Ay o’zi qatori turmaga tashlagan hamkasblarning ma’nan va jismonan qiynoqqa solinganini tanqid qilgan.

Bu orada joriy hafta Xitoydan mustaqillik talab qilib kelayotgan mintaqa, Tibet ahli yangi bosh vazirni olqishladi. Surgundagi jamoaga bosh bo’ladigan Lobsan Sangayning qasamyod keltirish marosimida xorijlik siyosatchilar ham qatnashgan.

Garvard Universiteti bitiruvchisi va olimi, 42 yoshli huquqshunos Sangay martabali arbob, siyosatdan chetlagan Dalay Lamaning o’rnini egallamoqda. Biroq Dalay Lama Tibetning diniy rahnamosi bo’lib qolaveradi, siyosatga esa Sangay bosh bo’ladi.

Surgundagi faollar nazarida Tibet rahbariyati dunyoviy siyosat yo’lini tanlagani yaxshi. Shu paytgacha siyosat va din aralash bo’lgan. Lobsan Sangayning dilkash ekani, odamlarni ilhomlantira olishi ham e’tiborga molik, deydi ular.

Sangay murosaga moyil Dalay Lamadan farqli ravishda Xitoy bilan keskinroq siyosat yuritish tarafdori. U Tibet uchun muxtoriyat emas, to’liq mustaqillik talab qilishi aniq, deydi tahlilchilar.

Sangay ta’limga ko’proq sarmoya kiritib, oliy ma’lumotli mutaxassislar safini kengaytirmoqchi. Ko’ppartiyaviy tizimga o’tamiz, deydi u. Shunda Tibet o’zini boshqara olish ham oson bo’ladi.

Tibet ahli 50 yil oldin Xitoyga qarshi isyon ko’tarib, mag’lub bo’lgan, diniy rahnamo Dalay Lama esa mamlakatdan bosh olib ketib, Hindiston shimolida Tibet ma’muriyatiga asos solgan edi.