Misr G'arb tanqidiga nima dedi?

  • Amerika Ovozi

Nodavlat tashkilotni chetdan moliyaganlikka doir ishni sudyalar Samih Abu Zeid va Ashraf al-Ashmaviy olib bormoqda

Misr adliyasi amerikalik 19 faolni noqonuniy moliyaviy amaliyotda ayblab sudga tortmoqchi bo’lib turgan bir paytda AQSh senatorlari ogohlantirish bermoqda.

Amerika fuqarolari ozod qilinmas ekan, Misr bilan aloqalar, jumladan, harbiy yordam ziyon ko’radi, deydi ular.

Misr Bosh vaziri Kamol al-Ganzuri AQSh, G’arb va arab davlatlarining yordamni kesamiz, degan tahdidiga qaramasdan tergov davom etishini aytmoqda.

Adliya ishiga aralasha olmaymiz, deydi u. Qo’shma Shtatlar Misrga har yili 1,3 milliard dollarlik harbiy yordam beradi.

Respublikachilar Jon Makkeyn va Kelli Ayott hamda mustaqil senator Jo Liberman nazarida Amerika bilan munosabatlarga qarshi bo’lgan rasmiylar masalani atayin bo’rttirmoqda.

Qo’zg’olondan hali o’ziga kelmagan Misrda nodavlat tashkilotlarga ishlagan 43 faol, jumladan, 19 amerikalik taqdiri savol ostida.

Tekshiruv ostidagi nodavlat tashkilotining uchtasi AQShga asoslangan. Bu tashkilotlar hukumat ruxsatisiz xorijdan pul olgan-olmagani aniqlanmoqda. Javobgarlar Misrdan ketishi man etilib, ish jinoiy sudga oshirilgan.

Davlat departamentining bildirishicha, bu odamlar Misrdagi saylovlarni tashkillashtirishda yordam bergan, tarafkashlik qilmay, biror nomzod uchun pul to’plamagan.

Sudlanadiganlar orasida AQSh Transport vaziri Rey Lahudning o’g’li Sem Lahud bor.