Misrni 1981 yildan beri boshqarib kelayotgan, yaqinda 83 yoshni qarshilaydigan Husni Muborak millionlab fuqarolar qarshiligiga qaramay prezidentlik kursini hozircha bo'shatmoqchi emas.
"Sentabr oyida rejalangan saylovlarda o'z nomzodimni qo'ymayman. Hozirgi muddatimni tugallab, iste'foga chiqaman", - dedi Muborak, uning hokimiyatdan ketishini talab qilayotgan xalqqa murojaat qilar ekan.
"Men sizga sidqidildan xizmat qildim va qilishda davom etaman. Vatanimiz ravnaqi uchun jonimni berishga tayyorman. Shu zaminda hayotdan ko'z yumishni istayman",- deydi Muborak.
Misrda omma davlat rahbariga qarshi bosh ko'targaniga sakkiz kun bo'ldi. Poytaxt Qohiradagi markaziy "Tahrir" maydonida 1 fevral kuni bir milliondan oshiq odam to'planib, prezident va uning uzoq yillik siyosatini qoraladi.
Ayni damlarda ham maydon haloyiqqa to'la. Misrning boshqa shaharlari, jumladan Aleksandriyada ham namoyishlar avjida. Taxminan sakkiz million kishi qozg'olonda qatnashayotgani ma'lum.
Odamlar qo'lida "Diktatorning kuni bitdi", "Muborak, ket", 'Qonxo'r rahbarga boshqa toqat yo'q", "Misr xalqi erkinlik istaydi", "Xalqning sabri bitdi" degan yozuvlar ko'rasiz.
Bugungi nutq Husni Muborakning namoyishlar boshlanganidan beri ikkinchi murojaati.
G'alayonlar boshlangach, u ommani tinchlantirishga urinib, vazirlar mahkamasini tarqatib yuborgan, atrofidagi odamlarni yangilagan edi, hatto ilk bor vitse-prezident ham tayinladi.
Lekin namoyishlar avj olsa olyaptiki, tinmayapti. Bugungi murojaatidan keyin ham odamlarning g'azabi yanada oshgani kuzatilmoqda. Namoyishchilar Muborakka ishonch yo'q deydi.
"30 yil qonimizni ichdi. Yana bizdan sabr so'ramoqda. Sabrimiz bitgan", -deydi faollar.
Muxolifat birlashishga harakat qilib, o'ziga Muhammad al-Barodiy, xalqaro maydonda tanilgan arbobni tanlagan.
Uzoq yillardan beri man etilgan Musulmon Birodarlar diniy-siyosiy harakati va dunyoviy tuzum tarafdorlaridan tashkil topgan oppozitsiya Husni Muborak ishdan ketsa, armiya bilan muzokara boshlashga, muvaqqat hukumat tuzishga tayyor ekanini bildirgan.
Armiya Misr davlati va xalqiga sodiqligini bayon qilib, namoyishlarni kuzatmoqda. Hech bir fuqaro o'qqa olinmaydi, deyiladi harbiy e'londa.
Qo'shma Shtatlar, Misrning eng yirik ittifoqchisi, Husni Muborak saylovda boshqa nomzodini qo'ymaslikka qaror qilganidan mamnun. Uning prezidentlikdan ketishiga chaqirmagan.
Oq Uy Misr kelajagi uning xalqi qo'lida deyish bilan cheklanmoqda.
Vashington Qohiraga maxsus vakili Frank Visnerni yuborgan. Keksa diplomat, Misrdagi sobiq elchi prezident Muborak bilan uchrashgan. Ayrim manbalarga ko’ra, AQSh vakili Muborakka hokimiyatdan ketish eng ma’qul yo’l deya maslahat bergan.
Lekin Kongressda "Muborak ketishi kerak" degan fikrlar yangramoqda. Demokrat senator, Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri nazarida Misr rahbari xalq norozi ekanini tan olib, lavozimni bo'shatishi kerak.
Namoyishlarda shu kungacha qariyb 100 kishi halok bo'lgan.