“Trampchi” respublikachilar partiya kelajagini qanday ko’radi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Trampning 20-yanvarda Oq uyni tark etar ekan, Respublikachilar partiyasining kelajagi, endi qay tomon yo’nalishi yuzasidan bahslar boshlanmoqda. Donald Trampning millionlab ashaddiy tarafdorlari partiyani quvvatlashda davom etishi noma’lum.

6-yanvar kuni AQSh qonunchilik organi Kapitoliyga hujum ketidan respublikachilar orasida bo’linish ko’zga tashlanyapti.

G’alayonchilar o’sha kuni Tramp nomi tushirilgan bayroqlarni ko’tarib binoga bostirib kirgan, qonunchilarni qidirgan, “Mayk Pensni osish kerak” deb hayqirgan. Besh kishi, jumladan bir politsiyachi, halok bo'lgan. Vitse-prezident Pens – Respublikachilar partiyasining eng konservativ va ishonchli a’zolaridan biri.

Buni ham ko'ring Tramp tarafdorlari Kongress binosiga bostirib kirdi

“6-yanvar Trampdan keyingi davrdagi Respublikachilar partiyasining ruhiyati uchun kurashning boshlanishi bo’ldi. Partiya ichidagi populistlar ham, mo’tadilroq fraksiya ham nazoratni qo’lga olishga harakat qiladi”, - deydi omma fikrini o’rganuvchi “North Star Opinion Research” firmasi prezidenti Vit Ayers.

Vakillar palatasidagi 10 respublikachi demokratlarga qo’shilib, Trampni “hukumatga qarshi g’alayon qo’zg’atish” aybi bilan impichment qilish uchun ovoz berdi. Yanvar oxirlarida Senatda o’tishi kutilayotgan mahkamada ham ziddiyatlar yuzaga chiqishi mumkin. Impichment mansabdor shaxni o’z lavozimini suiiste’mol qilishda ayblash va uni tekshirish demakdir.

Kongressga hujumdan keyin bir necha respublikachi Trampni tanqid qilib, uni zudlik bilan iste’fo berishga chaqirdi. Prezident Oq uyni tark etganidan keyin o’tadigan Senat mahkamasida respublikachi qonunchilar qanday ovoz berishi noma’lum. Trampni aybdor deb topish uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Bu organda hozir ikki partiya teng o’ringa ega.

Kelishmovchilik faqatgina saylangan respublikachilar orasida emas. Noyabrda Trampga ovoz bergan 74 million amerikaliklarning ko’pi assosiz ravishda saylov adolatsiz o’tganiga ishonadi. Ular fikricha, Tramp ikkinchi muddatga saylangan va respublikachi yetakchilar Tramp uchun yetarlicha kurashmadi.

“Hozirgi partiya yo’q bo’lib ketadi deb umid qilaman. [Senator] Mitt Romni singari respublikachilar men kabi saylovchilarni xuddi demokratlar kabi yomon ko’radi. Bu qo’rqoqlar mening manfaatlarimni himoya qilmaydi”, - deydi Shimoliy Karolina shtatidan Tramp tarafdori Jeyk Ballard.

Senator Romni, prezidentlikka sobiq nomzod, birinchi impichment jarayonida Trampni ishdan olish uchun ovoz bergan yagona respublikachi senatordir.

Buni ham ko'ring Tramp o'ziga afv e'lon qilishi mumkinmi?

“Yangi respublikachilar”

Respublikachilar partiyasidagi fraksiyalardan biri injilchi nasroniylar va Ballard singari konservativ saylovchilardir. Ular Trampni to’la qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Prezidentning saylov natijasini savolga tutish chaqirig’iga minglab “vatanparvarlar” quloq tutganini ko’rib g’ururlandim, deydi Ballard. U Kapitoliydagi g’alayondan afsusda ekanini aytsa-da, Trampda ayb yo’q deb hisoblaydi va prezidentning siyosiy zo’ravonlikni qoralaganiga e’tibor qaratadi.

“Prezident oramizdagi eng izchil odam. U yozda ro’y bergan “Qora tanlilar hayoti muhim” degan harakatning zo’ravonligini ham, Kapitoliydagi voqealarni ham qoraladi”, - deydi Ballard.

6-yanvardan buyon Trampning xalq orasidagi reytingi pasayib, 34 foizni tashkil etmoqda. Biroq barcha so’rovlarning o’rtacha ko’rsatkichi olib qaralganda, respublikachilarning atigi 16 foizi Trampni zudlik bilan ishdan olish taklifini yoqlaydi.

Trampning texaslik tarafdori Mari Garza agar Tramp 2024-yilda yana prezidentlikka nomzodini qo’ysa, unga ovoz berishini aytadi. Unga ko’ra, Kapitoliydagi voqealar “yangi Respublikachilar partiyasining tug’ilishini” anglatadi.

“Trampning tarafida turib demokratiya va erkinlik uchun kurashganlar, unga ergashib yutuqqa erishganlar, undan voz kechganlar kim ekanini ko’rdik. Yangi, zamonaviy Respublikachilar partiyasi shakllanyapti, shundan xursandman”, - deydi Garza.

Sharmandalik

Ko’plab respublikachilar Trampni hanuz partiyaning tabiiy yetakchisi deb biladi. Boshqalar nazarida Tramp davri o’tmishda qolishi lozim, chunki uning partiya yuzi sifatida qolishi fojiali oqibatlarga olib keladi.

“O’tgan haftadagi voqealardan juda xijolat bo’ldim. Biror narsadan norozi bo’lsangiz, marhamat namoyish qiling. Lekin Kongressga bostirib kirish – qabul qilib bo’lmas holat. Butun dunyo oldida masxara bo’ldik”, - deydi floridalik Xarvi Vasserman.

U ikki saylovda ham Trampga ovoz bergan, lekin prezident endi siyosatga qaytmasligi kerak degan fikrda.

“Tramp Mar-a-Lagodagi hovlisiga borib, ichkarida o’tishi kerak. U Respublikachilar partiyasini sharmanda qildi. O’sha yerga borib, qaytib chiqmasin”, - deydi Vasserman.

Yo'nalish

Tarixchi Alan Lixtman Tramp siyosiy sahnadan ketishiga ishonmaydi.

“Agar qamoqda o’tirgan bo’lmasa, uning ko’zdan g’oyib bo’lishiga umid qilmasa ham bo’ladi”, - deydi u.

Bu esa, Lixtman fikricha, Respublikachilar partiyasi uchun muammo tug’dirishi mumkin. Buni Jorjiya shtatida ikki demokrat g’alabasi bilan tugagan saylovda ko’rdik, deydi u.

Buni ham ko'ring Jorjiyada har ikki demokrat nomzod Senat uchun saylovda g'olib

“Jorjiyadagi saylov natijasida Tramp markaziy rol o’ynadi. Trampni quvvatlaydiganlar katta sonni tashkil etadi, partiya bunga ko’z yuma olmaydi. Ammo ular sababli mustaqil saylovchilar va markazchi respublikachilar partiyadan yuz o’giradi”, - deydi Lixtman.

Siyosatshunos Chalrz Bullok fikricha, Trampning partiyadagi kelajakdagi roli qanday bo’lishidan qat’i nazar partiyaga zarar yetganini tan olish darkor.

“Tramp sababli respublikachilarning mo’tadil shtatlar va okruglarda saylov kampanoyasini olib borishi qiyinlashadi”, - deydi u.

Respublikachi nomzodlar prezidentni tanqid qilsa, deydi Bullok, partiyaning trampchi qanoti tomonidan kuchli qarshilikka uchraydi. Trampning sherigi bo’lish esa umumiy saylovda qimmatga tushadi.

Jeyk Ballard singari saylovchilar Respublikachilar partiyasi yuzlashayotgan muammolarni aks ettiradi.

“Agar partiyani nomigagina respublikachi bo’lgan Romni, [marhum Jon] Makkeyn va [Mitch] Makkonelga o’xshaganlar boshqarishda davom etsa, umummamlakat saylovlarda ortiq qatnashmayman. Faqat mahalliy saylovlarda ovoz beraman”, - deydi Tramp tarafdori Ballard.

Trampni yoqlovchi yana bir floridalik Jillian Dani partiya parokanda bo’lishini istamasligini aytadi. Unga ko’ra, kelasi ikki yilda Kongress va Oq uy demokratlar qo’lida bo’lishi respublikachilarni birlashtirishga xizmat qiladi.

“E’tiborim - demokratlar mamlakatni barbod qilishiga yo’l qo’ymaslikda. Ular nimaga qodir ekani odamni qo’rqitadi. Birgalashib Kongress nazoratini qayta qo’lga olishimiz lozim. Ovoz berish orqali”, - deydi bu amerikalik.