Breaking News

Tramp muddatidan avval prezidentlikdan ketishi mumkinmi?


Prezident Tramp Kapitoliyga hujumdan oldin so'zlagan sahna, 6-yanvar, 2021
Prezident Tramp Kapitoliyga hujumdan oldin so'zlagan sahna, 6-yanvar, 2021

“Reyter/Ipsos” so’rovi natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 57 foizi Prezident Donald Tramp zudlik bilan ishdan olinishi kerak, deb hisoblaydi. Ular fikricha, shu hafta AQSh Kongressida qon to’kilgani uchun aynan prezident javobgar, namoyishchilarni u rag’batlantirgan.

Ammo prezidentni iste’foga chaqirayotganlarning askariyati demokratlardir. Respublikachilar Tramp, qonunda belgilanganidek, 20-yanvargacha prezidentlikda qolishiga qarshi emas.

7-8 yanvar kunlari o’tkazilgan ommaviy so’rov shuni ko’rsatmoqdaki, noyabrdagi saylovda Trampga ovoz berganlarning 70 foizi Kapitoliyga qilingan hujumni qoralaydi. 6-yanvar kuni qonunchilar Jo Baydenning saylov g’alabasini tasdiqlash uchun sessiya o’tkazayotgan payt prezidentning ashaddiy tarafdorlari parlament binosiga bostirib kirgan.

So’rovda qatnashganlarning qariyb 70 foizi Trampning g’alayon oldidan qilgan xatti-harakatlarini xato deb hisoblaydi. Baydenning g’alabasini tan olishdan bosh tortib kelayotgan prezident minglab odamni Kongressga yurish qilishga undagan edi.

To’rt namoyishchi va bir politsiyachining o’limi bilan yakunlangan isyonni ham demokratlar, ham respublikachilar qoralagan.

Vashington choyxonasi: Tramp tarafdorlari nega g'alayon ko'tardi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:38:45 0:00

Impichment

Kongressga hujumdan so’ng yuzlab qonunchilar Trampni 20-yanvardan oldin lavozimidan olishni talab qila boshladi. Chunki, ular fikriga ko’ra, hozirgi prezident AQSh xavfsizligi, demokratiyasi va konstitutsiyaga tahdiddir. 20-yanvar – yangi prezident Jo Bayden ishga kirishadigan kun.

Trampni ikki yo’l bilan chetlatish muhokamada. Birinchisi – impichment, ya’ni mansabdor shaxsni qonunbuzarlikda, lavozimini suiiste’mol qilganlikda ayblash va ishdan olish. Tramp o’tgan yili bu jarayonni boshdan kechirib, oxir-oqibat Senatda oqlangan edi. Ikkinchi yo’li bu – konstitutsiyaga kiritilgan 25-tuzatishni ishga solish.

Demokratlar ikkinchi impichment jarayonini boshlab yuborgan. Ular tayyorlagan va 11-yanvar kuni muhokamaga qo’yilishi kutilayotgan rezolyutsiyada Tramp “hukumatga qarshi g’alayon qo’zg’atishda” ayblanadi.

“Prezident Tramp AQShni, hukumat institutlarini xavf ostiga qo’ydi. U demokratik tizim yaxlitligiga raxna soldi, hokimiyat tinch yo’l bilan almashishini to’smoqchi bo’ldi”, deyiladi hujjat matnida.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va Trampning oz sonli partiyadoshlari uni zudlik bilan va ixtiyoriy ravishda lavozimidan ketishga chaqiryapti.

25-tuzatish

25-tuzatish esa prezident iste’foga chiqqan, vafot etgan yoki vazifasini bajara olmagan taqdirda nima bo’lishini belgilaydi. AQSh konstitutsiyasiga 1967-yilda kiritilgan bu o'zgartirish hozirgi vaziyatda qo’llansa, tartib quyidagicha bo'ladi:

Vitse-prezident Mayk Pens hamda vazirlarning aksariyati Vakillar palatasi spikeri va Senatning vaqtinchalik raisiga “prezident o’z vakolatlari va vazifalarini bajarishga qodir emas”, degan yozma deklaratsiya taqdim etishi lozim. Shunda Pens vaqtinchalik prezident kursisini egallaydi.

Ammo Prezident Tramp darhol Kongressga davlatni boshqarishga layoqatli ekani haqida bildirishnoma yo’llash huquqiga ega. Shunda prezident ishini davom ettiradi. Pens va vazirlar esa to’rt kun ichida Kongressga e’tirozlarini qayta bayon qilishi mumkin. Prezidentlik vakolatlar yana Pensga o’tgan bo’ladi.

Shundan so’ng 21 kun ichida Kongressdagi ikki palata a’zolarining uchdan ikki qismi Trampni layoqatsiz deb topib ovoz bersa, Pens vaqtinchalik prezidentlikda qoladi. Ovozlar yetarli bo’lmasa, Donald Tramp prezidentligini davom ettiradi.

Inauguratsiya

Oq uyning bayon qilishicha, prezident muddatini tugatishiga oz qolganda siyosiy sabablar bilan impichment jarayonini boshlash mamlakatni yanada bo’lib qo’yadi.

20-yanvarda prezidentlikka kirishayotgan Jo Baydenning ta’kidlashicha, impichment masalasi Kongressga havola. Men uchun uch asosiy mavzu – koronavirus, vaksina taqsimoti va iqtisod, dedi Bayden. Jurnalistlar bilan mulqotda u Tramp prezidentlikka loyiq emasligini ham qayd etib o’tdi.

“Twitter”dagi sahifasi yopilishidan oldin Prezident Tramp Baydenning inauguratsiya marosimiga bormasligini ma’lum qildi. Bayden Trampning bu qarorini ma’qullab, marosimida Vitse-prezident Mayk Pens ishtirok etishidan mamnun ekanini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG