Misr va Tunisdagi voqealar, deydi Geyts, Yaqin Sharq rahbarlariga o’git bo’lsin

  • Amerika Ovozi

Geyts Misr qurolli kuchlariga tahsin aytdi. "Armiya xalqqa qarshi qurolni ishga solmay, aksincha, fuqarolarni himoya qildi".

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha, Misr va Tunisda kezgan demokratiya shukuhi, erkinlikka da’vat etuvchi xalq qo’zg’olonlari Yaqin Sharqdagi boshqa hukumatlar uchun saboq bo’lishi kerak.

“Islohotlar boshlang”, - deydi Geyts.

“Mintaqadagi vaziyatdan boxabarmiz. Muammolar haqida hukumatlarni ogohlantirib kelganmiz”, - deydi u.

“Har bir davlat xalqning siyosiy, iqtisodiy talablari, arzini tinglashi lozim”, - deydi AQSh rasmiysi.

Mintaqada ishsizlik eng katta muammolardan.

Geyts region rahbarlarini iqtisodiy, siyosiy muammolarni hal qilishga, aholi talablari bilan hisoblashishga undadi

“Kasbsiz, sarson fuqaroning jinoyatga, radikal oqimlarga kirish ehtimoli yuqori” deydi vazir.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Misrdagi qo’zg’olon paytida qurolli kuchlar o’zini kuch ishlatishdan tiyganini ijobiy baholaydi.

“Armiya vazminlik bilan, professional ravishda ishladi, tomonlarni tinchlanishga chaqirdi. Xalqqa qarshi qurolni ishga solmadi, aksincha ularni himoya qildi.

Ayni paytda eng muhimi -- hukumat va’da qilingan islohotlarni bajarishi kerak”,- deydi Geyts.

Qo’shma Shtatlar Misr hukumatini murosaga, namoyishchilar talabi bilan hisoblashishga undaydi.

Vashington fuqaroni biror aybsiz qamashga ruxsat beruvchi 30 yillik qonunni bekor qilishga va muxolifat bilan gaplashishga undamoqda.

Amerika vitse-prezidenti Jo Bayden kecha Misr vitse-prezidenti Umar Sulaymon bilan mana shu haqda so’zlashgan. Aholini, jurnalistlarni kaltaklash, ta’qib qilib, qamashlarni bas qilishga undadi.

Tahrir maydoni

Muzokaralarda, siyosiy jarayonlarda muxolif partiyalar erkin, teng ravishda ishtirok etishiga ruxsat bering, deydi AQSh arbobi.

Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlat Misrni yillar davomida qo’llab-quvvatlab keladi. O’tgan yili xavfsizlik yo’lida 1,5 milliard dollar yordam ajratilgan. Bu yilgi byudjet ham shuncha.

AQSh hukumati ko’makni uzmoqchi emas, lekin vaziyatga qarab rejalar o’zgarishi mumkin, deydi rasmiylar.