Yaponiyada bugun xotira kuni, mamlakatda yana zilzila

Yaponiyada bugun xotira kuni, mamlakatda yana zilzila

Bugun Yaponiya shimoli-sharqida yana zilzila ro’y berib, Fukushima atom elektrostansiyasida radiatsiyani bartaraf etish ishlari vaqtincha to’xtagan.

Sohilbo’yi shaharlar aholisi sunami xavfi haqida ogohlantirildi va ehtiyot chora evakuatsiya qilinmoqda.

Takror zilzila kuchi 6.6 ballga teng bo’lib, toshqin xavfi sabab mutaxassislar zavodni tark etgan. Inshootga elektr kabellari yotqizib, reaktorlarni sovitib turish ishlari 11 martdan beri davom etyapti.

Bugungi yer qimirlashidan radiatsiya oshgani qayd etilmagan.

Yaponiyada bugun xotira kuni, mamlakatda yana zilzila

Yaponiyada bugun xotira kuni, tabiiy ofatda qurbon bo’lganlar yodiga bir daqiqalik sukut saqlandi. Bir oy ilgari shahar-qishloqlarini yakson qilgan 9 ball zilzila va uning oqibatida yuzaga kelgan sunami mamlakat tarixidagi eng kuchlisi edi.

Aholiga shimoli-sharqiy viloyatlarni tark etish tavsiya qilinmoqda. “Toshqin haqidagi ogohlantirish bekor qilingan bo’lsada, xavfdan xolimiz deyishga hali erta”, - deydi hukumat so’zlovchisi Yukio Edano.

Radiatsiya tarqalayotgan Fukushima atom elektrostansiyasida ahvol og’irligicha qolayapti. Hukumat evakuatsiya zonasini kengaytish ustida o’ylanmoqda.

Yaponiyada bugun xotira kuni, mamlakatda yana zilzila

“Kasalmand odamlar va bolali oilalar hududni hoziroq tark etishi kerak. Zavodda biror kor-hol ro’y bergudek bo’lsa, bu haqda sizga darhol xabar beramiz”, - deydi Edano.

“Greenpeace” ekologiya tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, Fukushima shahar ahli bir hafta ichida yillik radiatsiya miqdorini olib bo’lgan va shu bois ishni tezlashtirish lozim. Nurlanish ta’siri darhol sezilmasada, uzoq muddatda salomatlikka pand berishi turgan gap, deydi mutaxassislar.

Fukushimada ikki reaktor portlashidan yuzaga kelgan vayronalarni tozalashda uzoqdan boshqariladigan robot va mashinalar qo’l kelyapti. Yaroqsiz ahvolga kelgan bu inshootni keyinchalik ko’mib tashlash rejalangan.

Yaponiyadagi fojia ketidan atom energetikasi kelajagi savol ostida. Minglab yaponlar yadroviy inshootlarni yopishni talab qilib, kecha namoyish qilgan.