Zilzila ketidan AQSh-Yaponiya o’rtasida savdo-sotiq sekinlashgan

Zilzila ketidan AQSh-Yaponiya o’rtasida savdo-sotiq sekinlashgan

Yaponiya AQShning to’rtinchi eng yirik savdo hamkori bo’lib, joriy yil boshida ikki mamlakat o’rtasida eksport-import rosa qizigan edi.

Yaqinda ro’y bergan zilzila va sunami texnologik mahsulotlari bilan mashhur yapon iqtisodiyotiga katta zarar keltirgan. Ishlab chiqarishni qayta yo’lga qo’yish uchun vaqt va mablag’ kerak.

Osiyodan kemalar har kuni Tinch okeani bo’yidagi yirik portlar orqali Qo’shma Shtatlarga kirib keladi.

AQShning g’arbiy sohilidagi bu bardargohlar doimo gavjum. Eng ko’p konteynerlar yaqingacha ham Yaponiyadan olib kelinar edi.

Zilzila ketidan AQSh-Yaponiya o’rtasida savdo-sotiq sekinlashgan

“Xalqaro savdoni yuksaltirishda Yaponiya katta hissa qo’shgan”, - deydi Filip Sanfild, Los-Anjeles porti so’zlovchisi.

Uning aytishicha, savdo va biznesning 15 foizi Yaponiya hissasiga to’g’ri keladi.

Amerikaga eng ko’p import qilinadigan mahsulot bu - avtomobillar va ehtiyot qismlari. “Nissan”, “Honda”, “Toyota” deysizmi, barchasi bahaybat konteynerlarda bozorga yetkaziladi.

“Toyota” Amerikada bozori chaqqon kompaniyalardan edi. Hozir kemalar qatnovi ancha sekinlashdi, chunki zilzila ketidan zavodlar ishdan to’xtagan. Qayta ochilgan korxonalar ham to’la quvvat bilan ishlamayapti.

Ehtiyot qismlar ham kamchil.

Zilzila ketidan AQSh-Yaponiya o’rtasida savdo-sotiq sekinlashgan

“Shahrimiz dilerlik markazlari ta’minot qachon tiklanadi deb har kuni so’rashadi”, - deydi Filip Sanfild.

Tabiiy ofat nafaqat yapon mahsulotlari importini izdan chiqardi. Bugun okeanning u tomoniga yuk yetkazish ham oson emas.

“Savdo-sotiq hajmi kamayganidan har ikki davlat kompaniyalari zarar ko’ryapti. Bizning soha - qishloq xo’jaligi. Tez buziluvchan meva-sabzavot yetkazishni aytmaysizmi”, - deya kuyinadi Jo Lobu.

Uning kompaniyasi 30 yildan buyon Yaponiyaga apelsin eksport qilish bilan shug’ullanadi. Odatda mahsulotning 40 foizini saralab, qadoqlab, Yaponiya bozoriga jo’natardik, deydi u. Hozir buyurtmalar 10-15 foizga kamaygan.

“Bizning biznezda zararni qoplash qiyin. 250 ming dollarga teng mahsulot qolib ketdi”, - deydi tadbirkor.

Zilziladan bir hafta o’tmay buyurtmalarni bekor qilish to’g’risida xabar keldi. Fukushima atom elektr stansiyasida ro’y bergan portlash vaziyatni yana chigallashtirdi.

“Boshida tovar ortilgan kemalar manzilga yeta olmadi, keyinchalik umuman qatnamay qo’ydi”.

Zilzila ketidan AQSh-Yaponiya o’rtasida savdo-sotiq sekinlashgan

Amerika apelsinlari Yaponiyaga yetganidan keyin ham transport muammo. Salqin omborda saqlash uchun elektr yo’q. Buning ustiga, Kaliforniyadan keltirilgan meva xaridor uchun arzon emas, deydi Jo Lobu.

“Tansiq desa ham bo’ladi. Yaponlar hozir shundoq ham qiyin ahvolda. Kuzga borib, hammasi joyiga tushadi deb umid qilamiz”.

Amerika bandargohlari ham biznes qaytishini kutyapti. Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlatga katta yordam va’da qilgan. Yaqin orada yog’och va boshqa qurilish materiallari jo’nata boshlaydi.

Dastlabki hisoblarga qaraganda, kunchiqar o’lkaning eksportga tayanuvchi iqtisodiyoti tabiiy ofatdan 300 milliard dollar ziyon ko’rgan.

Elektr taqchilligi - eng katta muammo. Mamlakat qaddini rostlab olishi uchun hali uzoq vaqt kerak.