Indoneziyada sobiq jihodchilar terrorizmga qarshi kurashchilar

  • Amerika Ovozi

Jakarta ko'chalarida jihod haqida kitob sotib olish mumkin

Zamon va jihod

Indoneziyada terrorizm va radikalizmga qarshi kurash olib borayotgan tashkilotlardan biri 1980-yillarda Afg’onistonda Sovet Ittifoqi bilan olishgan jangarilardan iborat. 300 sobiq mujohid 2011-yilda maxsus forum tuzib, yoshlarni terrorizmdan asrash harakatini boshladi.

“2011-yilgacha mamlakatimizda ancha terror xurujlari sodir etildi. Bizning nazarimizda bu jihod emas”,- deydi Ahmad Sajuli, sobiq jihodchi.

Sajuli va uning safdoshlari de-radikalizatsiya tashabbusini olg’a surib, atrofiga ilm-fan arboblari, siyosatchilar va yoshlarni to’pladi.

Nosir Abbos bu forum rahbarlaridan biri.

“Maqsad – tinchlik targ’iboti. Terrorizm bilan islomni himoya qila olmaysiz”, - deydi u.

Abbos va yana 10 kishi yuritadigan nohukumat tashkilot bugun Indoneziya davlat kontrterrorizm agentligi bilan hamkorlik qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Indoneziyaning sobiq jihodchilari

Gap bilan ish bitmaydi

Forum a'zolari deyarli har kuni turli masjidlarda muloqotlar olib boradi. Kambag’al mahallalardagi yoshlar, ishsizlik va imkonsizlikdan qiynalayotgan avlod bilan ishlaydi. Yoshlarning ruhiy salomatligiga e’tibor kuchli. Tirikchilik qilish sirlarini o’rgatish ham forumning bir vazifasi.

Indoneziyada “Islomiy davlat” o’z tarafdorlariga ega. Afg’onistondan qaytgach, qamoqda o’tirgan, keyinchalik yana terrorizmdan ayblanib, sudlangan va jazolangan Farixin ibn Ahmad fikricha “Islomiy davlat”ning islomga umuman aloqasi yo’q.

“Yoshlarga gapim shuki, o’zingni xonavayron qilmoqchi bo’lsang, bu to’daga kirasan”, - deydi u.

“Vatan himoyasi boshqa narsa, radikalizm boshqa narsa. Adolat uchun kurash terrorizm emas. Adolat uchun kurash kuchli bilim va iqtidor talab qiladi. Mehr-shafqat talab qiladi. Adashsang, o’zing terrrostlarga yem bo’lasan”,- deydi keksa muhojiddin.

Indoneziya masjidlarida

Normal hayotga nima yetsin

Ahmad Sajuli vatanga qaytgach, uzoq yillar qiynaldi. Oilasini boqa olmadi. Qashshoqlikda yashadi. Kabob qilishni o’rgandi. Hozir shu yo’l bilan tirikchilik qiladi.

Bugun qo’lingga qurol olib, o’zingcha diningni himoya qilmoqchisan. Ertaga nima bo’ladi? Maqsad o’lib ketishmi yoki oilang uchun yashashmi? Islom va vatan uchun kurashish yetti o’lchab bir kesishni talab qiladi.

Sajuli mutaassib fikrlaydigan yoshlarga shu singari savollar beradi.

“Boshimdan o’tganlarni hikoya qilib beraman. Yoshlarga yo’l ko’rsatish kerak”,- deydi Sajuli.

Suhbatdoshimiz maktablar, masjidlar, madrasa va sport klublariga borib, yigitlar bilan muloqot olib boradi.

Yakkaxon terroristlar

“Islomiy davlat” yakka o’zi terror xurujlari qilishga tayyor yoshlarga suyanadi. Internetda ruhan zaif avlodni aniqlab, ularni qora ishlarga chorlaydi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan sobiq jihodchilar.

Terrorizm yangilik emas, deydi Ahmad Sajuli. Lekin bugun uning qamrovi va ta’siri yanada kuchayib, doimiy muammoga aylangan. Undan hech him xoli emas. Mana shu masala har birimiz uchun eng dolzarb muammo, deydi u.