Barak Obama Islom Karimov bilan telefonda muloqot qildi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama Islom Karimov bilan telefonda muloqot qildi

Bugun AQSh prezidenti Barak Obama O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan telefonda qisqa suhbat qilgan.

Obama O'zbekiston xalqini mustaqillikning 20 yilligi bilan qutlab, aloqalarni mustahkamlash zarurligini eslatgan.

Oq Uyning bildirishicha, prezidentlar serqirra hamkorlik xususida bir fikrda. Fuqaro jamiyati, nohukumat tashkilotlar, jamoatchilik va xususiy sektor orasidagi rishtalarni yaxshilash kerakligi xususida gap ketgan.

Amerika rahbari O'zbekiston qanchalik farovon va xavfsiz bo'lsa, uning davlati ham shunchalik manfaat ko'rishini aytgan. Buning uchun, degan Obama, O'zbekiston demokratiya sari ildam qadam tashlashi kerak.

Karimov va Obama Afg'onistondagi vaziyatni ham muhokama qilgan va bu borada ketayotgan hamkorlikni har ikkisi yuqori baholagan.

Ayni damda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev Vashingtonda. Payshanba, 29-sentabr kuni u Davlat kotibasi Xillari Klinton huzurida bo'ladi. Karimov-Obama muloqotida tilga olingan mavzular yuzasidan muzokara kechadi.

Bugun yopiq eshiklar ortida Amerika-O'zbekiston biznes forumi o'tgan. Qancha kompaniya va firma vakillari qatnashgani noma'lum.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk forum mehmonlariga Obama ma'muriyati nomidan murojaat qilib, sarmoya va hamkorlik borasida so'zlagan.

O'zbekiston hukumati azaldan Amerikadan investitsiya so'rab keladi. Vashingtonning javobi shuki, biznes qarorlar hukumat emas, xususiy sektor tomonidan qilinadi.

Respublika bank tizimini rivojlantirish, oshkoralikni ta'minlash va korrupsiyaga barham berish Amerika ishbilarmonlari qo'yib kelayotgan asosiy talablardir.