Daniil Kislov: "Qirg'iz deputatlari haqiqat yuzaga chiqishini istamaydi"

Daniil Kislov, "Fergana-News" axborot agentligi

O'tgan hafta Qirg'iziston parlamenti 2010-yil janubdagi zo'ravonliklarni taftish qilgan deputatlar komissiyasi ishiga munosabat bildirar ekan, Markaziy Osiyodagi voqealarni yorituvchi ommabop "Farg'ona-Nyus" axborot agentligining internetdagi saytiga Qirg'izistonda to'siq qo'yishga ovoz berdi.

O'tgan yil Qirg'iziston janubini qonli voqealar qamrab olganida "Farg'ona- Nyus" axborot agentligi internet orqali zo'ravonliklarni muntazam ravishda yoritgan vositalardan biri edi. Agentlik shu kungacha janubdagi jarayonlarni yaqindan kuzatib, o'z vaqtida axborot va tahlil tayyorlab turadi.

"Farg'ona-Nyus" rahbari Daniil Kislov Qirg'iziston parlamentining saytni respublikada taqiqlash qaroridan taajjubda. Biz jurnalistik burchimizni bajaryapmiz, xolos, deydi u.

"Qirg'iz deputatlari axborot manbalarining muqobil turlari paydo bo'layotganidan xavotirda. Albatta, sud qarori chiqmaguncha, xulosa qilishga haqqim yo'q, ammo mening taxminimcha, hozirgi xalq noiblari orasida o'tgan yilgi qonli voqealarda bevosita yoki bilvosita qo'li bor odamlar bo'lishi mumkin. Ular masalaning chuqurroq kovlanishini istamaydi. Shuning uchun ular mustaqil matbuot, nodavlat tashkilotlar va Kilyunen komissiyasiga qarshi", - deydi Kislov.

Kimmo Kilyunen Qirg'iziston janubidagi voqealarni taftish qilib Qirg'iziston hukumatiga o'z xulosa va tavsiyalarini taqdim etgan xalqaro guruh raisi. Qirg'iziston parlamenti komissiya xulosalarini tanqid qilib, yakdillik bilan Kilyunenni "persona-non-grata" deb e'lon qildi. Ya'ni arbobning respublikaga kirishini taqiqladi.

Qirg'iz deputatlari "Farg'ona-Nyus" agentligi veb-sahifasini to'sish qarorini deyarli bir ovozdan ma'qulladi. Sotsial-demokratik kuchlar parlamentga kirib, ahvol ijobiy tomonga o'zgaradi deb umid qilgan edim, ammo aksincha so'nggi qarorlar ortida aynan ular turibdi, deydi taajjub bilan Daniil Kislov.

"Qirg'izistonda hokimiyat tubdan o'zgardi deb bo'lmaydi. Ilgari zolim yolg'iz sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev bo'lgan bo'lsa, hozir mayda diktatorlar soni bir necha karraga ko'payib, parlamentdan joy oldi. Ular xalq emas, shaxsiy manfaatlarini o'ylab ish ko'rishyapti", - deydi Kislov.

Uning aytishicha, parlament qaroridan so'ng bir necha deputat u bilan bog'lanib, afsus bildirgan, hujjatga qo'shilmasligini aytgan, ammo rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, qarorga 120 deputatdan 95 nafari ovoz bergan, biri betaraf bo'lgan, qarshilar yo'q. Daniil Kislov deydiki, yo uni ruhan qo'llab-quvvatlagan deputatlar yolg'on gapiryapti, yo parlamentda ovoz berishga doir raqamlar ataylab noto'g'ri keltirilgan. Qonunchilik organidan ovoz berishda qatnashgan deputatlarning to'liq ro'yxatini olish harakatimiz natija bermadi, deydi u.

"Deputatlar muammolarning ochiq muhokama qilinishidan qo'rqyapti degan fikrdaman. Haligacha puxta tergov qilinmagan O'sh voqealari ulardan biri. Shu sabab qonunchilar mustaqil matbuotdan qutulib, masalani xalq muhokamasiga olib chiqmay, o'z bilgancha hukm chiqarishmoqchi. Ular o'zlarini matbuot, sud, jamiyatdan ustun qo'yishga harakat qilyapti", - deydi Daniil Kislov.

Qirg'iziston parlamentining qarorini "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti tanqid qilmoqda. Prezident Roza Otunbayeva nazarida qaror xato va shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan.

"So'z va axborot tarqatish erkinligi Qirg'iziston xalqi erishgan eng muhim yutuqlardan bo'lib, undan voz kechmaymiz. Konstitutsiya inson huquqlarini cheklovchi qonunchilik hujjatlarini qabul qilishni taqiqlaydi. Men fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini qat'iyat bilan himoya qilaman" deyiladi Otunbayeva bayonotida.

"Amerika Ovozi"ning Rus xizmatida faoliyat yurituvchi qirg'izistonlik jurnalist Erika Marat ham parlament qarorini qoralaydi.

"Birinchidan, 120 qonunchidan 95 nafari so'z erkinligi haqida tasavvurga ega emasligini namoyish etdi. Ular nazarida fuqarolarning qanday ma'lumotni olishini parlament belgilaydi. Bu deputatlar vakolatiga kirmaydi. Ikkinchidan, qonunchilar internet nima ekanini, axborotni unda cheklash mumkin emasligini bilmasligini ko'rsatdi. Internetni nazorat etib bo'lmaydi", - deydi Erika Marat.

Parlament boshqaruviga o'tgan Qirg'izistonda oliy kengash bosh qozi rolini bajarishga kirishar ekan, "Farg'ona-Nyus" axborot agentligi rahbari Daniil Kislovning aytishicha, bu hol respublika parlament tizimiga tayyor emasligini namoyish etdi.

O'tgan hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti internetga erkin kirishni insonning asosiy huquqlaridan biri deb e'lon qildi. Har bir davlatning uni to'sishga qaratilgan amaliyoti esa huquqni poymol etuvchi harakat sifatida talqin etiladi.