Qirg’iziston muvaqqat hukumati prezident saylovlari kelasi 2011 yil oktyabrida o’tadi, demoqda. Avvalroq saylov joriy yil oxirida o’tishi rejalangan edi. Bu haqda vaqtincha rahbariyat vakili Omurbek Tekebayev ma’lum qilgan.
Parlament saylovlari oldin aytilganidek, shu yil kuzda, oktyabrda o’tadi. Muvaqqat hukumat boshlig’i Roza Otunbayeva esa 2011 yil dekabriga qadar prezident vazifasini o’taydi. Lavozimni bo’shatgach, u siyosiy partiyaga qo’shila olmaydi, prezident saylovlarida ishtirok etishi man qilinadi.
Bu orada Qirg’iziston janubida, kecha etnik to’qnashuvlar ro’y bergan, o’nlab fuqaro jarohatlangan Jalolobodda vaziyat nisbatan tinch. Lekin ayrim tumanlar hamon beqaror. Jalolobod shahrining o’zida favqulodda holat e’lon qilingan.
Viloyatning Suzoq tumanida, “Teltoru” deb nomlangan otchoparda ikki mingdan ziyod namoyishchi ikki rasmiy – Mudofaa vaziri vazifasini o’tayotgan Ismoil Isokov va mahalliy gubernator Bektur Asanovni kaltaklagani xabar qilinmoqda. Ular sal oldin g’alayonni tinchitish uchun Jalolobodga borgan edi.
Bundan tashqari, namoyishchilar sobiq deputat, mahalliy o’zbeklar yetakchisi Qodirjon Botirov hibsga olinib, omma ko’z o’ngida jazolansin, deb talab qilgan. Unga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgani aytilmoqda.
Jaloloboddagi savdo markazlari, do’konlar, maktablar yopiq, ko’chalar xavfsizlik kuchlari nazoratida.
“Kechagi va bugungi to'polonlar aholiga, ayniqsa, savdo kishilariga ta’sir qildi. Oldi-sotdi yo’q, xaridor yo’q. Oilalar, bolalar qo’rquvda yashamoqda. Millatchilikni nega targ’ib qilishadi? Bu harom-ku! Sen u, men bu deb ajratishdan hech kimga foyda yo’q. Davlat millatchilikning oldini olishi kerak edi, aslida”, - deydi jalolobodlik mana bu ayol.
Jalolobod viloyati o’zbek jamoatchiligi vujudga kelgan vaziyat yuzasidan bayonot bergan. Unda millatlararo ziddiyatni avj oldirmaslikka da’vat etiladi va, bundan tashqari, militsiya xodimlari sustkashlikda ayblab, tanqid qilinadi.
Kechagi voqealarda qon to’kilishida huquq-tartibot xodimlarining beparvoligi ham rol o’ynagan, deyiladi bayonotda. Ikki qardosh xalq aql-idrok bilan ish ko’rishiga umid bildirilgan bu hujjatda.