Qirg’iziston poytaxti Bishkekda 28-noyabr kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) a’zo davlatlarning sammiti bo’lib o’tdi. Tashkilotga a’zo Qirg’iziston, Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston, Belarus davlatlarining prezidentlari va Armanistonning bosh vaziri ishtirok etgan yig’inda 15 hujjatga qo’l qo’yildi.
Imzolangan hujjatlarning asosiy qismi global va hududiy xavfsizlikni mustahkamlash bo’yicha hamkorlik, xalqaro global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha BMT bilan oʻzaro hamkorlik, tojik-afgʻon chegarasini mustahkamlash kabi masalalardan iborat bo’ldi.
Jurnalistlar bilan suhbatda tashkilot bosh kotibi Valeriy Semerikov KXShTning bu galgi sammitida Tojikiston va Afg’oniston chegarasidagi vaziyat kun tartibida bo’lganini bildirgan.
Semerikov tilga olib o’tgan qonli to’qnashuv 6-noyabrda O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan “Sultonobod” chegara xizmati harbiy bo‘linmasida yuz bergan. Tojikiston rasmiylari mazkur hujum IShID terrorchi guruhi tomonidan amalga oshirilganini e'lon qilgan edi.
“Afg’onistondagi turli ekstremistik guruhlar hamda "Islomiy davlat" terror tashkiloti jiddiy xavf tug’dirmoqda. Biz yaqindagina Tojikiston chegara bo’linmasida yuz bergan hujum masalasini yig’inda muhokama qilib, terrorchilar bizning hududga qanday kirganidan to mayda tafsilotlarigacha ko’rildi. Biz mazkur hujumni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi davlatlarga kirish maqsadida amalga oshirilayotgan harakat qatori baholaymiz”, - degan Semerikov.
Ayrim tahlilchilar ham Tojikistonda yuz bergan voqeani Markaziy Osiyo davlatlari uchun xavf signal sifatida baholamoqda.
Sammit vaqtida Qirg’iziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov so’nggi yillar tashkilotda harbiy, harbiy-iqtisodiy hamda texnik hamkorlik bo’yicha konkret amallar ishga oshirilganini aytib, umumiy hududning xavfsizligini ta’minlashda Rossiyaga ishonch ortishini ta’kidlab o’tgan.
Shuningdek, Jeyenbekov sammit asnosida Rossiya prezidenti bilan uchrashib, Vladimir Putinga KXShT doirasida ham, ikki tomonlama formatda ham samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirgan.
“Biz doimo sizni Qirg’izistonda ko’rishdan quvonchdamiz. Sizni bizning o’lkada yaqin hamda haqiqiy do’st qatori qabul qilishadi”, - deya Jeyenbekov o’z hurmatini izhor qilgan.
Prezident Putin, o’z navbatida, Qirg’iziston tomonga Rossiyatashabbuslarini xalqaro maydonlarda qo’llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirgan. U Rossiya Qirg’iziston bilan bo’lgan iqtisodiy aloqalarda liderlarning biri ekanini ta’kidlab o’tgan.
Joriy yilda KXShTda Qirg’iziston raislik qilgan bo’lsa, 2020-yili tashkilotga raislik qilish Rossiyaga berildi. Tashkilotga hozirda olti davlat a’zo. O’zbekiston tashkilot a’zoligidan chiqib ketgan.