Qirg’iziston: qonli qo’zg’olondan koalition hukumat sari

  • Amerika Ovozi

“Bakiyevga aytgan edik, bolalaringni bu ishga aralashtirmagin, deb. Akayev davrida to’ydik bunday rahbariyatdan, deb. O’shanda va’da bergan edi, xo’p deb".

2010 yil Qirg’izistonda o’ta og’ir davr bo’ldi.

O’lka beqarorlik, musibatli kunlarni boshdan kechirdi. Yil boshidan elektr va issiqlik narxi keskin oshdi.

Aprel oyida davlat to’ntarishi ro'y berdi.

Bu isyon Qirg’izistonda qaror topgan, korrupsiyaga botgan oilaviy boshqaruvga javob edi.

Qirg’iziston: qonli qo’zg’olondan koalition hukumat sari

“Bakiyevga aytgan edik, bolalaringni bu ishga aralashtirmagin, deb. Akayev davrida to’ydik bunday rahbariyatdan, deb. O’shanda va’da bergan edi, xo’p deydi. Ikkinchidan, kommunal xizmat haqi oshdi. Zavod, fabrikalar yo’q bo’lib ketdi. Yoshlar bekorchi, ish yo’q. Shuning asoratini ko’rdik biz”, - deydi mana bu suhbatdosh.

Bakiyev va muvaqqat hukumat o’rtasidagi tortishuv, ayniqsa, Jalol-Obod va O’sh viloyatlarida davomli, og’ir tus oldi. Amaldan chetlatilgan Bakiyev boshqaruvga qaytishga urindi. Oradan ko’p o’tmay, chet elga qochdi.

May oyida Jalol-Oboddagi namoyishlar chog’ida mahalliy o’zbeklar muvaqqat hukumatni yoqladi. Ko’p ming kishilik mitinglar haftalab davom etdi.

Qirg’iziston: qonli qo’zg’olondan koalition hukumat sari

“Shu, qo’lidan ish keladigan, elni boshqara oladigan Qirg’iziston ekonomikasi, birligi uchun mehnat qiladigan odamlarni davlat tepasiga qo’ysa”, - deya umid bildirgan edi aholi.

Yurtda beqarorlik, xo’jasizlik, o’zboshimchalik kuchaydi. Fuqarolik urushi xavfi yuzga keldi.

Iyun oyida esa janubda elatlararo mudhish qirg’in ro’y berdi. Tahlilchilar nazarida bu g’alayon va xunrezlik ortida yashirin kuchlar, alohida guruhlarning qo’li bor.

Yuzlab odamlarning qoni to’kildi, minglab xonadonlar boshpanasiz qoldi.

Qirg’iziston: qonli qo’zg’olondan koalition hukumat sari

“Mahalladagilar qochaylik deydi. Tog’dan snayper otgan emish. Uylarimiz kuyib ketdi, nevaralarimning pianinosi bor edi. Cholimning mashinasi bor edi. Cholim o’zi 45 yil qurilishda ishlagan”, - deya eslaydi mana bu ayol.

“Kechqurun qoch-qoch, otishma bo’layapti. Kechqurun qo’rqayapmiz. Hech kimga ishonmayapman”, - degan edi yozda “Amerika Ovozi” bilan suhbatda o’shlik bir ayol.

Bu vaziyatda aholi orasida umidsizlik, chetga ketish kayfiyati kuchaygan. Turli ma’lumotlarga ko’ra, yoz va kuzda janubni kamida 70 ming odam tark etgan. Aksariyati Rossiya tomon yo’l oldi.

“Men oilamni olib ketayapman. Bu yerda qolishga qo’rqamiz. Albatta u yerda qiynalamiz, lekin boshqa ilojim yo’q. Tinch bo’lish uchun, sog’ bo’lish uchun o’sha yerga ketayapmiz”, - degan edi mana bu suhbatdosh.

Iyun oyida o’tgan referendumda Qirg’izistonning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. Unga ko’ra, davlatda parlament boshqaruvi joriy etilishi kerak edi.

Qirg’iziston: qonli qo’zg’olondan koalition hukumat sari

10 oktabr kuni parlamentga saylovlarda besh siyosiy partiya g’olib bo’lib, bu davlat parlament boshqaruviga o’tdi.

“Yangi, yosh partiyalarga ishonch ham ko’proq. Chunki ular yangi kuch-qudrat, yangicha qarash bilan davlatga ko’proq foyda keltiradi”, - deydi bir suhbatdosh.

“Biror partiya mutlaq ko’pchilik ovoz olomaydi. Koalitsion hukumat tuziladi. Bir o’zanga tushib olishi uchun yangi yilgacha kutsak kerak” , -degan edi o’shlik mana bu o’zbek.

O’sha damda Qirg’iziston janubida mulkni kuch bilan qayta bo’lish, o’zgalar savdo maskanlarini tortib olish, yerlarni bosib olish hollari davom etdi.

Yil oxiriga kelib, odamlar yuziga tabassum yugurdi. 1600 oila qayta tiklangan, vaqtincha uylarga ko’chib kirdi. Binolar hukumat va xalqaro tashkilotlar ko’magida qad ko’tardi.

Biroq bu talash, tortishuv iqtisodiyotni jar yoqasiga yetakladi, narx-navo baland, ishsizlik darajasi yuqori.

Qirg’iziston: qonli qo’zg’olondan koalition hukumat sari

“Rossiyaga ketgan bolalar ham hali o’rnashib pul-mul jo’natgani yo’q. Og’ir, hech kimda ish yo’q. Uyimda ikki invalid bor. Eplab-seplab o’tkazayapmiz, endi. Mana shularning pensiyasiga kun ko’rayapmiz. Har yili kompot, qiyomlar qilar edik. Yoz boshlandi deguncha hamma shu bilan ovora edi. Bu yil endi bunday zapaslar yo’q. Qishdan qanday chiqamiz, xudo biladi”, - deydi o’shlik xonadon bekasi.

Ikki oy davom etgan parlament tortishuvlari yaqinda koalitsiya tuzilishi bilan yakunlandi. Nihoyat Qirg’izistonda qonuniy parlament ish boshladi.

Odamlar “harna, endi tartib o’rnatilsa kerak” deb bir-biriga tasalli beradi. Yil davomida to’polondan bezor bo’lgan qirg’izistonliklar Quyon yili tinchlik, xotirjamlik olib kelishidan umidvor.