Hindiston matbuoti xabariga ko’ra, Mumbay shahrini titratgan bir necha portlash kamida 20 kishini hayotdan olib ketgan. Yana o’nlab odam yarador.
Chorshanba kechqurun Mumbayning odam gavjum qismida, Opera Saroyi, zargarlik bozori va temir yo’l bekati joylashgan Dadar tumanida ketma-ket portlash ro’y bergan.
Shahar politsiya xizmati rasmiysi Madukar Samant:
“Bozordagi xuruj oqibatida ikki fuqaro jarohat olgan. O’tgan-ketganni so’roq qilayapmiz”.
Rasmiylarning aytishicha, qolganlarida avval avtomobil, keyin motosikl portlagan.
Dastlabki natijalardan ma’lum bo’lishicha, qo'lbola portlovchi moslamalar ishga solingan.
Mumbay shahar politsiyasi shay holatda.
Terrorchilar ishni puxta rejalab, imkon boricha ko’p talofat yetkazmoqchi bo’lgan, deydi rasmiylar.
2008-yilning noyabrida ham Mumbayni 10 kishi qo’rquvda ushlab, mehmonxonayu odamlar bilan gavjum boshqa binolarni qo’lga olib, 166 kishini o’ldirgan edi.
Prezident Barak Obama hujumni qoralab, Hindiston xalqiga hamdardlik izhor etdi.
Ishonchli do'st va hamrohimiz bo'lmish bu davlatda tergov ishlarida yordam beramiz, dedi u.